Yer qa’ridan ziyo topgan qadimshunos (Zamonamiz qahramonlari turkumidan)

“Oqtov” nomi bilan mashhur Nurota tog‘ tizmasi nafaqat O‘zbekiston, dunyo xaritasida ham o‘z o‘rniga ega. Uning tabiati maftunkor. Tog‘ tepasida odamlar, turli hayvonlar, o‘simliklar shaklidagi tosh yodgorliklarni ko‘rsangiz, toshga aylangan tarix ekan, degan fikrga borasiz. Qaysi bir tosh otni eslatsa, qaysi biri tuyaning o‘zginasi. Mahalliy xalq vakillari tomonidan “qirq qiz” va “qirq yigit” deb nom olgan tosh haykallarni, Sarmishsoy qoyalariyu, Sangijumonning g‘aroyib va maftunkor toshlarini ko‘rgan har qanday odam tog‘ ustida uzoq qolishni istab qoladi.

Abdukamol RAHMONOV

“Oftobroya” qismi Kattaqo‘rg‘on, Xatirchi, Navbahor tumanlariga, “Bel” qismi Qo‘shrabod va Nurota tumanlariga tutashib ketgan Oqtov o‘zining ko‘p ming yillik tarixiga ega. Tog‘dagi nodir g‘orlar, qoyalar, ulardagi uzoq o‘tmishdan sado beruvchi noyob rasmlar har qanday kishini o‘ziga rom qiladi. 

Nurota tumanining Bog‘ojot qishlog‘i ham ana shu tog‘larga tutashib ketgan kengliklar orasida joylashgan juda obod qishloq. Qishloqni uzoqdan ko‘rgan odam o‘rmonga o‘xshatadi. Ha, u turli-tuman daraxtlar, butalar qurshovida, qalin o‘rmonni eslatadi. O‘z davrida tog‘ yon bag‘rida Iskandar Zulqarnayn tashabbusi bilan uch yuz oltmishdan ortiq koriz qazilgan bo‘lib, ana shunday korizlarning biridan oqayotgan bir tegirmon suv qishloqning qon tomiriga aylangan.

Shunday shinam qishloqda tug‘ilib o‘sgan Jo‘raqul otasi Yo‘ldosh boboning tavsiyasi bilan “Nog‘ora” qishlog‘idan Pirimqul boboning qizi Nozbibiga uylanib, otasi bilan bir hovlida yashay boshladi. O‘shanda Yo‘ldosh bobo hovlisining bir chetidan Jo‘raqul uchun bir dahliz, ikki xona uy qurib bergandi.

Uyning devorlari baquvvat, yerdan tizza bo‘yi tosh terilib ko‘tarilgan va uning ustidan paxsa urilgan, tomlari vassajuft qilinib, ustidan loysuvoq urilgan. Xonalar devorlari zax o‘tmasligi uchun ichki va tashqi tarafdan somonli loy bilan suvalgan, xona ichki yer qismi qalin somonsuvoq bilan qoplangan. Uyning derazalaridan tushadigan ertalabki quyoshning tafti uy haroratini ko‘tarib turardi. Shunga qaramasdan Yo‘ldosh bobo o‘g‘lini chaqirib: “Ha demay sovuq kunlar ham boshlanadi, kelin ikki qat, pechkani xom g‘ishtdan qurganing ma’qul bo‘ladi, bolam”, deb Jo‘raqulga topshiriq berdi.

Yo‘ldosh bobo og‘ir-bosiq, qishloqning obro‘li odamlaridan edi. U o‘tgan asrning o‘ttizinchi yillari boshlarida Buxoroda o‘qidi. O‘qishi nihoyasiga yetmasidan maktab yopilib, qishlog‘iga qaytib keldi-yu, o‘g‘lini uylantirdi.

“Mening maktabim chala bo‘ldi, endi sen o‘qi”, dedi o‘g‘liga tayinlab. Ha, Yo‘ldosh boboning dunyoqarashi keng. U maktabni oxirigacha o‘qimagan bo‘lsa-da, qishloqdoshlaridan bilimdonligi, mulohazaligi, kayvoniligi bilan ajralib turardi. Hamqishloqlari, tanish-bilishlari juda savodli “qumquloq” odam sifatida e’tirof etardi, hurmat qilardi. Turli xalq dostonlarini zavq bilan yoddan aytib berishi ko‘pchilikni qoyil qoldirardi. Shu sababli Yo‘ldosh bobo Yo‘ldosh baxshi nomi bilan ham elda mashhur edi.

To‘ydan keyin bir yillar o‘tar-o‘tmas xonadonda chaqaloq ovozi eshitildi. 1932 yil 9 may kuni tong sahar Yo‘ldosh bobo nevarali bo‘ldi. O‘shanda endigina ChS (chalasavod) maktabini bitirib, “kolxoz”da ishlay boshlagan Jo‘raqulning quvonchi o‘ziga sig‘masdi.

Nima qilsin, quvonchini yashirayin, desa yashirib bo‘lmayapti, yashirmayin desa otasining ko‘zi tushib qolsa, uyaladi. Nima qilishini bilmay hovlining u boshidan bu boshiga borib-kelib turgan Jo‘raqulni otasi chaqirdi: “Bolam Xudoga shukr, sen ham ota bo‘lding, qani eshakni bu yoqqa olib kel. Bozorga borib kelaman, sen o‘tin yor, uyning harorati tushib ketmasin tag‘in”, deya uyalganidan yerga qarab turgan o‘g‘liga tabassum bilan bir qaradi-yu, so‘ng xotiniga “Kelin ko‘payishgani ko‘p yaxshi ish bo‘ldi-da kampir, men bir bozorga borib kelay, sen nevaraga yaxshi “ot” topib tur”, deb xurjunini eshagining egariga osib, ustidan choponini tashlab, “Yo pirim” deb eshakka minib, xalacho‘pi bilan uni niqtagancha bozorga jo‘nadi.

Jo‘raqulning farzandli bo‘lgani haqidagi xushxabar quyosh qishloqqa oralagunga qadar hammaga yetib bo‘lgandi:

– Ho-o-o Muhammad, eshitdingmi, Jo‘raqulning xotini qo‘zilabdi-i-i-i-i, – deb baqirdi xabarchi nomi bilan tanilgan Boymurod qishloqni bir tomonidan ikkinchi tomoniga qarab. – O‘g‘il. O‘g‘il tug‘ibdi-i-i-i.

– Nog‘oralik kelinni ko‘zi yoridi, yana bir chavandoz dunyoga keldi, – deya soy bo‘ylab ketayotgan Qo‘zigul xola oldidan chiqqandan suyunchi so‘rardi.

Birinchi nevara emasmi, Yo‘ldosh boboning kayfiyati a’lo... Bozorga borib kelgunicha yuzlab odamlar tabriklashdi. Ayrimlari “ko‘pkari qarzdor bo‘libsizlar-da”, deb hazillashsa, ba’zi tengqurlari “quloqcho‘zma bo‘ldingizmi?” deb hazillashishdi...

Xullas, chaqaloq yetti kunlik bo‘lgach, Yo‘ldosh ota nevarasiga ism qo‘yish uchun qishloq masjididan mulla taklif qildi: “Nevaramga uning o‘z ismiga munosib inson bo‘lishini Parvardigordan so‘ragan holda Mavlon ismini tanladim. Zero, u o‘z ismiga bir umr munosib qolsin”, dedi yig‘ilganlarga qarab. Mulla dastlab chaqaloqning o‘ng qulog‘iga azon chaqirib, so‘ngra chap qulog‘iga takbir aytib, Mavlon ismini e’lon qildi. Shundan keyin Qur’oni Karimdan Fotiha, Ixlos suralari o‘qilib, duolar qilindi. O‘sha kuni ikki tomon qudag‘aylar qishloqning kayvoni ayollari bilan “beshikka solish” marosimini ham xursandchilikda o‘tkazishdi.

Kunlar tunlarga, tunlar kunlarga ulanib, vaqt o‘tishi bilan tetapoya bo‘la boshlagan Mavlon ha deguncha, maktab yoshiga yetib qoldi. Dastlab Bog‘ojot qishlog‘idagi boshlang‘ich maktabda ta’lim oldi. So‘ngra qishlog‘idan ancha uzoqda joylashgan Toz qishlog‘idagi 18-sonli yetti yillik maktabda o‘qiy boshladi.

– Es bilgan paytlarim qishlog‘imizdagi uzumzorlar orasida, dov-daraxtlar soyasida maza qilib o‘ynardik, – deydi Mavlon Jo‘raqulov. –“Urush boshlandi, urush” deb odamlar ko‘chalarda baqir-chaqir qilib yurganlarini yaxshi eslayman. O‘sha kezlarda otamni urush orti frontiga, ukasi Tog‘ay amakimni urushga olib ketishdi. Amakim urushni boshidan oxiriga qadar qatnashib, urushdan tirik qaytib keldi. Otam, yanglishmasam, o‘sha yillarda og‘ir ishlarni bajargan, har-har zamonda bizni ko‘rish uchun kelib, ketardi. Es-es bilaman, sakkiz yoshlarimda Katta Farg‘ona kanali qurilishida, urush va undan keyingi yillarda Kattaqo‘rg‘on suv omborini bunyod etishda, keyinchalik esa Farhod GES qurilishlarida ishlardi. Har kelganida mehriga to‘ymay orqasidan yig‘lab qolardim. U davrlarda ocharchilik, qahatchilik biron bir oilani chetlab o‘tgan emas. Kiyim-bosh yetishmasdi. Yoz paytlari maktabga oyoq yalang borardik. Kun bo‘yi och yurardik. Bahorda, maktabdan qaytishda noilojlikdan dalada “o‘tlardik”, ya’ni takasoqol, chuchmoma kabi o‘tlarni terib yerdik. Yoz kelishi bilan tut mevasi jonimizga oro kirardi. Keyingi fasllarda uzum, qishda mayiz yeb jon saqlardik... Lekin har qanday sharoitda maktabga borardik, biror bir kun dars qoldirmasdan o‘qirdik. Maktabimiz pastakkina, paxsadan qurilgan, polsiz-potoksiz, zax bosgan kichik-kichik xonalardan iborat edi. Isitilmasdi ham. Xullas, qishin yozin zax bosgan xonalarda o‘qirdik. Qishloqda ot, qoramol so‘yilsa terilari tala-tala bo‘lib ketardi. Chunki katta-kichikning oyoq kiyimi choriq edi. Mol terisidan yasalgan oyoq kiyim – choriq deb atalardi. Qish kunlari ham oyoq yalang yurgan paytlarimiz ko‘p bo‘lgan.

To‘g‘ri, u paytlarda odamlarda boyish imkoni bo‘lmagan. Sababi, qizil imperiya bir oilaning bitta sigiri bo‘lsa ham boy bo‘lib ketibdi, deb quloq qilgan, bu bilan odamlarini ocharchilik va qahatchilik sharoitida yashashga majburlagan, xalqning boyishiga yo‘l bermagani, bundan odamlar qattiq aziyat chekkani bor haqiqat. Ayniqsa, mamlakatimizda 30–40-yillar juda og‘ir kechdi. “Uni qamoqqa olibdi, buni surgun qilibdi, falonchini mol-mulkini olib ketibdi”, degan gaplar tez-tez quloqqa chalinib turgan bir paytlarda Ikkinchi jahon urushi boshlanib, qatag‘on qiyinchiliklari keyinchalik urush va uning oqibatlariga ulanib ketdi. Bu sharoit katta-yu kichik uchun bir xil keldi. Ayniqsa, urush yillari bolalar uchun zahmatli kechdi. Qariyalar, nogironlar, ayollar va bolalar urush ortida mehnat qildi. O‘zlari yemadi, o‘zlari kiymadi, topganini, qo‘lga ilinganini urushga jo‘natib turdi.

Mavlon o‘n ikki – o‘n besh yoshlarida o‘zidan yoshi katta yigitchalardan kam mehnat qilmasdi. Qishda yalang oyoq yurib, kolxoz yerlarini sug‘orish, mahalliy chiqindilar bilan oziqlantirish, chorvaga yem tashish, bahor kelishi bilan daraxtlar tagini yumshatish, oziqlantirish, ekin ekish kabi yengil ishlar bilan shug‘ullansa, yoz va kuz oylari eng og‘ir mehnatlarga jalb qilinardi.

– Yetti yillik maktabni bitirish yili, ya’ni 1947/1948 o‘quv yili paxta terimiga jalb qilindik, – deydi Mavlon Jo‘raqulov. – Biz qorni to‘yib ovqat yemagan qiltiriqday o‘quvchilarni Zirabuloqqa paxta terish uchun olib borishdi. Kun bo‘yi o‘tirish, tik turish bo‘lmasdi. Kim-ki o‘tirib qolsa yoki tik tursa, qamchi ko‘targan brigadir yoki hisobchi kelib savalardi. Kechqurunlari bazo‘r so‘lg‘in holda yotoqxonaga qaytardik. Ovqat masalasi juda og‘ir edi. Bir kishiga bir kunda bitta chapchak non (yupqa) berardi. Yaxshiyam o‘sha yillari Zirabuloqda qand zavodi ishlab turganligi sababli hozirgi Narpay tumanining paxtadan xoli yerlarida qand lavlagi yetishtirilar ekan, shu lavlagini xomlay yeb ochlikdan jon saqlardik.

Ha, urushdan keyingi to‘rt-besh yil xalqimiz uchun urush yillaridan ham og‘ir bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Urush tugagan bo‘lsa-da 1947, 1948, 1949 yillari qishloqlarda yashovchi ko‘p odamlar ochlik tufayli dunyodan ko‘z yumdi. Kim kunjaradan bo‘kib o‘lsa, yana kimdir o‘t yeb, damlab o‘ldi. Yana kimdir og‘ir kasallikka mubtalo bo‘ldi.Endigina balog‘at yoshiga qadam qo‘ygan Mavlon 1948 yil yozida yetti yillik maktabni bitirib,Toz qishlog‘idan yanada uzoqroq Jo‘sh qishlog‘idagi 56-son o‘rta maktabga o‘qishga ketdi. Sakkiz, to‘qqiz, o‘ninchi sinflarda o‘qishning o‘zi bo‘lgan emas. Tushgacha maktabda o‘qirdi, tushdan keyin kolxozda qo‘sh qo‘shish, xashak yoki somon jamlash, xirmon yanchish ishlariga jalb qilinardi.

– O‘qish davrida darslardan keyin kechga qadar tinim bilmay ishlardik. Yozgi ta’tilda erta tongdan qosh qorayguncha g‘alla o‘rardik, xirmon yanchardik. Kunning jazirama issig‘ida qop-qora chuykab, bir-birimizga qarab kulishardik. Kechasi bilan xirmon yanchgan vaqtlarimiz ham ko‘p bo‘lgan. Katta-kichik g‘alla o‘rishga jalb qilinardi. Bolaligimizda tabiiy ofat ko‘p bo‘lganligining guvohi bo‘lganman. Masalan, ekinzorlarni chigirtka, g‘allazorlarni xafsak, degan kana bosardi. Maktab o‘quvchilari ana shu ofatlarni bartaraf etishga jalb qilinardi. Tushlik – bir kosa atala edi. Shu bilan qanoatlanardik. To‘g‘ri, onda-sonda rag‘bat ham bo‘lib turardi. Shunday rag‘batlardan biri menga ham nasib qilgan. G‘alla yanchishda, o‘rishda faol qatnashganligim uchun bir pud arpa bilan mukofotlanganman va eng qizig‘i,uni sotib, hayotimda birinchi marta oyoq kiyim, yuzasi latta bilan qoplangan tufli olib, 10 sinfni oyoq kiyimi – tufli bilan bitirganman. Hech qachon ishdan qochmaganmiz. To‘g‘ri, charchash, toliqish bo‘lgan, o‘shanda ishdan qochishga haqli emasligimizni har doim yurak-yurakdan his qilib yashaganmiz, ishdan qochishga, mas’uliyatsizlik qilishga hech birimizning vijdonimiz yo‘l qo‘ymagan.Chunki ortimizda Vatan turgan. Shiorimiz hech qanday balandparvoz bitta: Yurt tinchligi, Vatan himoyasi uchun! Tamom, boshqa gap bo‘lishi ham mumkin emas edi.

Ha, achchiq sinovlar shamoli ko‘p qatori Mavlonning ham shunchaki boshini silab qo‘ymadi. Mehnat, o‘qish va yana mehnat... Ana shunday og‘ir sharoit, kunni tunlarga ulaydigan qora mehnatu ocharchilik, qahatchilik, bularning barchasi Mavlon uchun chiniqish maktabi bo‘ldi. U har bir harakatidan, har bir ishidan, erishgan natijasidan quvonib, urush ortida, Vatan himoyasi yo‘lida mehnat qilayotganligidan g‘ururlanib, faxrlanib yashadi...

– Vaqt o‘tishi bilan yil sayin oilamiz kattarib bordi, otam turli joylarda xizmat safarida yurganligi sababli oilamizni boshqarish va boqish Yo‘ldosh bobomning zimmasiga tushgandi, – deb eslaydi suhbatdoshimiz. – Onam, Nozbibi aya boshlang‘ich sinf ma’lumoti bilan kun bo‘yi kolxozda mehnat qildi. Men onamga yordam berardim. Onam kechasi urchuq yigirib,olacha to‘qib sotardi. Bobom har doim biz bilan bo‘lardi, otam yo‘qligini bildirmasdan, yeyar-icharimizdan, issiq-sovug‘imizdan boxabar edi. Ertaroq ishdan qaytgan paytlari ukalarimni sandal atrofiga o‘tqazib, suhbat qurib o‘tirishgan kezlari davraga qo‘shilardim. Ertak va dostonlar, hikoyalarni juda qiziqarli qilib, yoddan aytib berardi. Ayniqsa, Alpomish, Go‘ro‘g‘li, Avazxon, Ravshan va Zulxumor kabi dostonlarni aytganlarida zavq bilan eshitardik. O‘tmishimizni, xalqimiz tarixini, o‘zbek urug‘larini tushuntirardi. Xalq qahramonlarini juda yaxshi bilardi. Ular haqida nevaralariga erinmasdan so‘zlab berardi. Ko‘pincha topishmoq aytardi va biz topishmoqlarning javobini bir-birimizdan avvalroq aytishga harakat qilardik. Topolmasak “qo‘rg‘on” berardik, shunda bobomning o‘zi javobini aytardi.

Qarang-a, Mavlon Jo‘raqulov yoshlik yillarini, o‘sha davrning yaxshi-yomon kunlarini unutmagan, aksincha, har bir voqeadan to‘g‘ri xulosa chiqargan. Hozir ham o‘tgan kunlarini eslab, farzandlariga pandu nasihat qiladi. Shogirdlarini o‘z ajdodlarini bilishga, o‘tmishini, yutuq va kamchiliklarini tahlil qilishga, undan xulosa chiqarishga undaydi.

Ha, u bolaligidan qiyinchilik ko‘rib, mashaqqatlar bilan kurashib balog‘atga yetsa-da, o‘qishni tark etmadi. Vaqt topdi, deguncha o‘qidi, izlandi. Yo‘ldosh baxshi bobosining ertaklarini, dostonlarini miriqib eshitadigan, ayrim paytlarda o‘zini asar qahramonlari o‘rniga qo‘yib ko‘radigan Mavlon voyaga yetib,badiiy adabiyotlarni mustaqil o‘qishga harakat qildi. Alisher Navoiyning “Farhod va Shirin”, Layli va Majnun asarlarini hali maktabda bu mavzular o‘rganilmasdanoq o‘qib-o‘rgandi.Tengdoshlaridan oldinda yurishga, ko‘proq bilimga ega bo‘lishga intildi. Ham maktab, ham kolxoz ishlari, ham uy mehnatini baravar olib bordi. Pirovardida maktabni a’lo baholarga tamomladi. Bundan yaxshi xabardor bo‘lgan xalq ta’limi rahbariyati o‘ninchi sinfni bitirishi bilan Bog‘ojot qishlog‘idagi boshlang‘ich sinfga o‘qituvchi qilib tayinladi. O‘rta maktabni tugatishi bilan mehnat faoliyatini maktabda o‘qituvchilikdan boshlab, ilk bor Ustoz, degan muborak nomga musharraf bo‘ldi.O‘shanda u bobosining “O‘qituvchi bo‘lsang shogirdlaring ko‘p bo‘ladi va qayerda bo‘lmasin, ular seni ustoz deb kutib oladi, hurmat qiladi, qachonki sen shunga loyiq bo‘lsang” degan gaplarini esladi. Uning o‘qituvchilik faoliyatiga olti oy bo‘lar-bo‘lmas 1951 yil dekabr oyida armiya safiga chaqirildi va 1954 yili aprel oyiga qadar harbiy xizmatni qattiq intizom va namunali xulq bilan o‘tadi.

– Armiyada xizmat qilish uchun qizil vagonda,16 sutka yo‘l yurib,Qrimga yetib borganmiz, – deydi Mavlon Jo‘raqulov.– Urushning eng achchiq qismatini Sevastopol, Simferopol, Saki, Sochi kabi shaharlarning vayronalarida ko‘rganmiz. Urush tugaganiga besh-olti yil o‘tgan bo‘lsa-da, hali uning izi ko‘zga yaqqol tashlanardi. Ha, Yer bilan yakson bo‘lib yotgan imoratlar, parchalanib ketgan tanklar, qo‘porilib yotgan ulkan daraxtlar fashizm balosining “esdalik”laridek ko‘zga tashlanardi. “Tamanskaya gvardiya” diviziyasida 4 yildan ko‘proq xizmat qildim.

U paytlar hamma ham o‘rta maktabni to‘liq o‘qish imkoniga ega emasdi. Ayrim imkoni bor yigitlar ham oxirigacha yetib borolmasdi. Armiyaga o‘ninchi sinfni bitirib, o‘qituvchilik faoliyatini boshlab borgani uchunmi yigirma yoshli navqiron yigit 6 oylik serjantlar maktabida o‘qishga lozim ko‘rildi. Albatta, o‘qish oson bo‘lgani yo‘q. Hamma darslar, mashg‘ulotlar faqat rus tilida. Buning ustiga harbiycha talablar... Mavlon uzoq bir qishloqda, yetishmovchiliklar va qiyinchiliklar og‘ushida o‘sganini sezdirmadi. Aksincha, g‘ururini baland tutdi. Rus tilini o‘rganishga astoydil kirishib, komandirlik sirlarini mukammal o‘rgandi. Harbiy intizomni birinchi o‘ringa qo‘ydi. O‘qish yakunida maxsus harbiy qism komandirining buyrug‘i bilan rag‘batlantirilib, o‘z harbiy qismiga qaytarildi va bir yo‘la vzvod komandiri etib tayinlandi. Uning xizmat martabasi tez o‘sib, harbiy unvoni ham ko‘tarilib bordi. Harbiy qism rahbarlari va askarlari o‘rtasida hurmat qozondi. To‘rt yillik xizmat uni yanada chiniqtirdi. Xizmatni o‘tagan yillarda erishgan yutuqlari uchun bir necha bor rahbariyat tomonidan rag‘batlantirildi. Oddiy askar sifatida xizmatga chaqirilgan yigit yurtimizga katta serjant unvoni bilan qaytdi. Harbiy xizmat davri ham Mavlon uchun katta bir maktab bo‘ldi.

– Armiyadan so‘ng Toz qishlog‘idagi o‘zim boshlang‘ich sinfdan keyin o‘qigan yetti yillik maktabda o‘qituvchilik qildim va 1955 yili Samarqand davlat universitetining tarix fakultetiga o‘qishga kirdim, – deydi Mavlon Jo‘raqulov. – O‘qishga kirish qiyin bo‘lmadi.Tezda kirishib ketdim.Menda arxeologiya yo‘nalishi qiziqish uyg‘otdi. Moddiy ahvolim og‘irligi tufayli ba’zi bir qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelganman, xolos. Onam “Qaxramon ona” unvoniga sazovor bo‘lgan edi. Bu albatta, ko‘p bolalik, degani. Ota-onam ukalarimdan orttirib menga berishlarini xohlamasdim. Shu bois, qanchalik qiynalmayin, uydan moddiy yordam olmadim...

Ha, u davrlarda talaba bo‘lishning o‘zi bo‘lmagan. Qishloqdan shaharga kelish uchun bir yuzu ellik kilometrdan ortiq yo‘l bosish kerak. Qaytish ham shuncha. Hali yo‘llarga asfalt qoplanmagan,avtotransport yo‘q.Bir kunda bir marta yuk transporti yo o‘tadi, yo o‘tmaydi. Asosiy transport eshak, ot-arava. Bu ham har doim yuravermaydi. Ana shunday sharoitlarda o‘qishni kanda qilmaslik uchun talabamiz ko‘p martalab qishlog‘idan Qo‘shrabodga, Qo‘shrabotdan Mitangacha bo‘lgan o‘ttiz-qirq kilometrdan ortiq masofani yayov bosib o‘tgan.

Shunday holatlarda ham o‘z shashtidan qaytmadi. Maqsad o‘qish, bobosi aytib bergan tarixiy voqealar ortidan quvish, tuproqqa aylangan qadimiy shaharlarni, qal’alarni izlab topish, fanga kiritish, o‘zidan keyingi yoshlarga tarix saboqlarini aniq dalillar bilan yetkazish... Qur’oni Karimda kelganidek: o‘qish, o‘qish va yana o‘qish. O‘qishdan boshqasi ikkinchi darajali hisoblanardi, hatto uylanish ham. Ota-onaning orzusi esa tezroq o‘g‘ilni uylantirish, nevaralar ko‘rish... Jo‘raqul ota Nozbibi aya bilan katta o‘g‘ilni uylantirishga qaror qildi. O‘g‘lini roziligisiz, albatta. Ha, shunday ham bo‘ldi, agar uni roziligi olinsa, yana vaqt kerak. O‘zlari kelin topdi, o‘zlari unashtirdi, o‘zlari urf odatlari bo‘yicha fotiha to‘y qilishdi, o‘g‘il esa “Suyunchi” kinofilmida “Hm, professor bo‘larmish...” deganlaridek, professor bo‘lish orzusida. O‘qish bilan band.

Oradan ancha-muncha vaqt o‘tdi va bu orada nikoh to‘yiga qishloq udumlari bo‘yicha tayyorgarlik ko‘rildi.Talaba o‘g‘ilga to‘y vaqti-soati haqida xabar yetkazildi. Uylanish qochib ketmas, o‘qib olish kerak... Lekin uning bu fikriga qo‘shilmagan ota-ona to‘yni boshlab yuborishgan. Talaba yigitni o‘qishdan qoldirmaslik uchun nikoh to‘yi shanba kuniga belgilandi. Buni eshitgan kuyov bola “shunaqasi ham bo‘larkan-da”, degan fikr bilan o‘qishdan ruxsat oldi.Ammo ming afsuski, ulov bo‘lmaganligi sababli o‘z uylanish to‘yida ishtirok etish nasib etmadi. Ota-ona, qarindoshlar, qo‘ni-qo‘shni, sinfdoshlar jam bo‘lgan to‘yda kuyov bolaning o‘rni bo‘sh turdi. Kuyovning ishtirokisiz ham to‘y o‘tkazsa bo‘larkan.

Kelin ot-aravada ota-onasi yashaydigan uyga tushirildi.Jo‘raqul ota ham, Nozbibi aya ham o‘g‘li ularning gapini ikki qilmasligini yaxshi bilardi. Shunday bo‘lsa-da, bir-biriga “nima bo‘ldi”, degandek xavotir aralash qarab qo‘yishadi. Hamma hayron. Mish-mishlar, pichir-pichir gaplar ko‘paydi. Kimdir “kuyov norozi ekan” desa, yana kimdir “Mavlon o‘qimagan qizni xohlamaganmish” kabi gaplarni tarqatish bilan ovora.Qanday bo‘lmasin kelin Jo‘raqul ota xonadoniga yaxshi niyatlar bilan kirib keldi, elga osh berildi. Ertasi kuni urf-odatlar bo‘yicha kelinsalom, betochar marosimlari bo‘lib o‘tdi.

– Xo‘sh, kampir, o‘g‘lingdan xabar bormi?, – dedi oradan uch kun o‘tib, quda momolaru, kelin yangalar uy-uyiga tarqab ketgach Jo‘raqul ota Nozbibi ayaga qarab. – Tinchmikan, ishqilib?

– Bilmadim, Samarqand qayerda-yu men qayerda, – dedi onaxon ham sog‘inchdan, ham tashvishdan charchagan ko‘zlari ostida paydo bo‘lgan bir tomchi yoshni artib. – Nima bo‘lsa ham xudoyim sharmanda qilmasin.

– Xavotir olma, Mavlon ota-onasining so‘zini ikki qiladigan bola emas, – deganicha Jo‘raqul ota o‘rnidan turdi-yu tashqariga chiqib ketdi.

Oradan bir hafta o‘tgach bo‘saxonada urchiq yigirib o‘tirgan Nozbibi ayaning ko‘zi qir tepasida ko‘ringan o‘g‘liga tushdi. Yigirib turgan urchug‘ini bir chetga qo‘yib, o‘g‘liga peshvoz chiqdi. Ona bola bir-biriga qarab yugurayotganini ko‘rgan kelin qo‘lidagi supirgisini qo‘yish-qo‘ymasligini bilmay qotib turardi. Bolasini bag‘riga bosib turgan onadan ko‘zini ololmay turgan kelin qattiq hayajonda: “Endi nima qilsam ekan-a? Peshvoz chiqib ko‘rishishim kerakmi yoki qochishim...” Ona-bola yaqinlashib kelavergach, kelin o‘zini uyga ichiga urdi...

Ikki kundan keyin Mavlon yana Samarqandga jo‘nadi. Ortidan kuzatib chiqqan onasidan “keliningizni Samarqandga qachon olib ketaman”, deb so‘ramoqchi bo‘lganini Nozbibi aya butun vujudi bilan sezib turardi. Lekin ona-bolaning o‘rtasidagi istihola bois bu so‘z tilga ko‘chmadi.

– “Talabalik – oltin davrim” deb bejiz aytishmagan, biz ilm olish uchun o‘qiganmiz, yashash uchun kurashganmiz, hayotni qadriga yetishni o‘rganganmiz, –deydi Mavlon Jo‘raqulov. – To‘g‘ri, u davrlarda oziq-ovqat mahsulotlari tanqis edi. Magazindan bir studentga ro‘yxat bilan bir buxanka non berilardi. Lekin kuchga to‘lgan, yoshlik davrimizda bitta non bilan ilm olish mushkul edi. Stipendiya yetmasdi. O‘qishdan vaqt topsam ota-onamdan xabar olishni orzu qilardim, ammo buning iloji kam edi. Borganimda ota-onam menga yo‘l puli topib berolmay qiynalishardi, men xijolat chekardim. Qishloqdoshlardan so‘rash noqulay, “Biz kambag‘al oila, qarzdan qutulolmasak uyat bo‘ladi”, deb qarz olmasdik. Yo‘l puli topib berolmaganlaridan, ayniqsa, onam ezilib, yig‘lab kuzatardi. Shu sababli do‘stlarimiz bilan vokzalga borib, vagonlardan yuk tushirib, yuk ortib pul ishlab,hayotimizni, sharoitimizni yaxshilashga harakat qilardik. Ota-onamizga yordam berardik. Qishloqqa borganimda onamga mardikorlikdan ishlab topgan pulimni ko‘rsatib, ko‘nglini tinchlantirishga harakat qilardim, ko‘z yoshlarini artib, bir qismini majburlab qo‘liga tutqazardim. Keyinchalik orttirgan pullarimdan turmush o‘rtog‘imga ham beradigan bo‘ldim. Shunday qilib, yetishmovchilik tufayli 4-kursgacha sababini ota-onamga bildirmagan holda harbiy libosda yurganman, oxirgi kursga o‘tib,orttirgan pullarimga kostyum-shim va palto olganman... Shuning uchun sho‘xroq shogirdlarimga mardikorlik qilgan talabalar ustidan hech qachon kulmaslik lozim, deb uqtiraman... Bizning talabalik yillarimizda hammada ham butun oyoq kiyimi bo‘lavermas edi. Qish kunlari kimning tuflisi butun bo‘lsa, o‘sha talaba Leninskiy ko‘chasi (hozirgi Alisher Navoiy ko‘chasi)dagi do‘konda bo‘ladigan nonga borardi, hamma do‘konlarda ham non sotilmasdi. Shu non bizni saqlab turardi. Bu kunlar tarixi ertakka o‘xshaydi. Ha, ko‘plarning ishongisi kelmaydigan hayot mashaqqatlari va sinovlari – bor haqiqat.

Samarqand davlat universiteti o‘z vaqtida O‘rta Osiyodagi eng ko‘zga ko‘ringan nufuzli ilm dargohlaridan biri sanalardi. Shunga qaramasdan o‘qish uchun sharoitlar yetarli tashkil qilinmagandi. Yotoqxonalarda ahvol achinarli. O‘sha yillari yotoqxonalarda svet umuman bo‘lmagan. Dars qilish, yashash uchun sharoit og‘ir. Kechalari lampa-chiroqlardan foydalanilardi. Eshak arava bilan bochkada keltirilgan kerosin yotoqxona oldida talabalarga tarqatilardi. Chiroqni to‘ldirmasdan berardi. Lampa-chiroq yorug‘ligida talabalar yarim tungacha dars qilishardi.Har bir xonada 8-10 nafardan talaba yashardi.

– Hozirgi harbiy kafedra joylashgan bino birinchi yotoqxona edi, – deydi suhbatdoshimiz Mavlon Jo‘raqulov. –Talabalik yillari ana shu yotoqxonada yashardik. Aniqrog‘i, olti nafar talaba, 16-xonada turardik. Biz bu xonada faxrlanib yashaganmiz. Chunki u xonada talabalik yillari Sharof Rashidov yashagan ekan.

U davrlarda talabalar ana shunday sharoitlarda o‘qirdi. Talabalar ham bo‘sh turmasdi. O‘qish bilan bir vaqtda qishloq xo‘jaligi ishlariga,har yili kuz faslining boshidan qishning yarmiga qadar paxta terishga jalb qilinardi. Qishning ayozli, sovuq kunlari ham qor bosgan paxta g‘o‘zalari ustidan arqon sudrab, qorini tushirib, paxta terilgan kunlar ko‘p bo‘lgan. Erta sahardan qorong‘i kechga qadar paxta terishgan talabalar uchun kechasi yotoqqa mashinada ko‘rak keltirilib, uning paxtasini sitib olish topshirilardi. Har bir talaba uchun 6 kg ko‘rak chuvish tungi norma qilib belgilangan edi.

– Xohlaymizmi-yo‘qmi, har yili paxta yig‘im-terimi yanvar oyining 10-12 sanalariga qadar davom etardi, – deydi Mavlon Jo‘raqulov. – Bunday talablarga javob berolmagan talabalar universitet bilan xayrlashishga majbur bo‘lishardi. Paxta terimiga davlat siyosati darajasida qaralardi. O‘qishni hech kim so‘ramasdi. Agar kimdir qarshilik ko‘rsatsa, qarshi gapirsa, albatta, qamalib ketardi. Elliginchi yillarida ana shunday siyosat hukmron edi. U davrlarda kadrlarni qatag‘on qilish avjiga chiqqanligi sababli domlalar ham qamalib ketgan holatlar ko‘p bo‘lgan. Ularni o‘rni Leningrad, Moskva, Kiyev kabi shaharlardan kelgan domlalar bilan to‘ldirilardi.

Suyagi mehnat bilan qotgan Mavlon Jo‘raqulov hech qachon charchash nimaligini bilmasdi. Darsdan tashqari vaqtlarda universitetning jamoat ishlarida ham faol ishtirok etardi.Hali talabalik davridyoq universitet kasaba uyushmasi kengashi raisining o‘rinbosari etib saylandi. Dastlabki kurslarda fakultet yoshlar tashkilotining kotibi, so‘nggi kurslarda esa fakultet boshlang‘ich partiya tashkiloti kotibi sifatida faoliyat ko‘rsatdi. Ham o‘qish, ham jamoatchilik ishlari, ham qora mehnatni uyg‘unlikda olib borgan qahramonimiz 1961 yili universitetni a’lo baholar bilan bitirdi. va bir yo‘la universitet ilmiy kengashining qarori bilan shu oliy dargohgaassistent-o‘qituvchietib tayinlandi. Bu uning Ustoz degan ulug‘ nomga ikkinchi marta sazovor bo‘lishi edi.

O‘sha yilning o‘zida Leningrad shahriga aspiranturada o‘qish uchun yuborildi.Endigina talabalikdan chiqqan yigitga aspiranturada o‘qish ham oson kechmadi. Albatta, yo‘l haqi, turarjoy, oziq-ovqat xarajatlari... Bir oyda 68 so‘mlik stipendiya bilan begona shaharda yashash va o‘qish o‘zi bo‘larmidi... Birov bilan birovning ishi yo‘q. Shuning uchun aspirantimiz o‘qish va yashash uchun yana ham qattiqroq kurashdi. Vaqt bo‘ldi deguncha birjada yuk tashuvchi, kemaga yuk ortuvchi bo‘lib ishladi. Olgan maoshini o‘zidan orttirib, Samarqand shahrida ijarada turgan turmush o‘rtog‘iga, qishlog‘ida umrguzaronlik qilayotgan ota-onasiga yuborib turdi. Va nihoyat 1963 yili aspiranturani muvaffaqiyatli tamomlab, Samarqand davlat universiteti umumiy va yangi tarix kafedrasining o‘qituvchisi, dotsent lavozimida ish boshladi va bu bilan uchinchi bor ustozlik martabasiga ega bo‘ldi.

“Mehnat, mehnatning tagi rohat” deganlaridek, Mavlon Jo‘raqulov turli mas’ul lavozimlarda ishlay boshladi va qaysi vazifani bajarmasin, o‘z maktabini yaratib bordi. 1966 yili “O‘rta Osiyoda tosh davrini o‘rganish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilib, tarix fanlari nomzodi unvoniga ega bo‘ldi. Dastlabki o‘n yil oralig‘ida bir qancha mas’ul lavozimlarga tayinlandi. Masalan, 1967 yildan Samarqand davlat universitetining Arxeologiya ekspeditsiyasining rahbari, 1967-1972 yillarda Afrosiyob shaharchasini tarixiy-arxeologik jihatdan o‘rganish muammoviy laboratoriyasining rahbari, 1971-1974 yillarda Samarqand davlat universiteti arxeologiya kafedrasining mudiri, 1974-1985 yillarda universitetning tarix fakulteti dekani lavozimlarida ishladi.

Kezi kelganda ta’kidlash joizki, eng qoloq va og‘ir fakultet sifatida ushbu fakultet yosh olim zimmasiga topshirildi. Albatta, tarix fakulteti universitetning eng katta fakultetlari sirasiga kirardi. Yangi rahbar barcha ishlarni mehnat intizomi va shaxsiy namunadan boshladi. Hech kimga qattiq gapirmaydigan, avval kuzatib, so‘ng ishiga qarab munosabat bildiradigan yangi rahbar fakultetda erkalanib qolgan ayrim mutasaddilarni hushyorlikka chaqirdi. Asosiy e’tibor dars sifati, talabalar davomati va o‘qituvchining darsga tayyorgarlik darajasiga qaratildi.

Albatta, ta’lim dargohi tinch va osuda, shovqin-suronlardan xoli, pok-pokiza bo‘lishi kerak. Bu masalalar Mavlon Jo‘raqulovning kunlik nazoratiga olindi. O‘quv-pedagogik va ilmiy-metodik ishlar sifatiga alohida talablar belgilandi. Shu bilan bir vaqtda talabalarning bo‘sh vaqtlarini bekor o‘tkazmaslik, ularni turli to‘garak va kurslarga, sport va madaniy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish choralari ko‘rildi. Talabalar yotoqxonasi va uning mas’ul xodimlari faoliyati tahlil qilinib, ichki islohotlar amalga oshirildi. Shuning uchun ham u 1977 yilda “SSSR oliy maktabi a’lochisi”, 1983 yilda “O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlariga munosib topildi.

Uning tashkilotchiligi va rahbarlik qobiliyati hamkasblarining e’tiborini torta boshladi. Hurmati va obro‘si oshib bordi. Fakultet dekani sifatida o‘n ikki yillik faoliyati uning uchun yana bir maktab – rahbarlik maktabi bo‘ldi. Shu orada professorlik unvoni berildi va 1985 yil universitet rektorining o‘quv ishlari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Bu domlaning navbatdagi Ustozlik kursisi edi.

Universitetda o‘quv ishlarining sifati masalasi, xizmat vazifasi nuqtai nazaridan rektorning birinchi o‘rinbosari zimmasiga tushardi. Mavlon Jo‘raqulov yangi lavozimga kirishishi bilan pedagogikaga e’tiborni oshirdi. Har qanday fan faqat va faqat pedagogik mahorat evaziga berilsin, degan talabni ilgari surdi. Chunki, uning o‘zi mohir pedagog. Dars berish, talabalarni darsga jalb qilish san’atini yaxshi biladi. Har qanday dars, qaysi fan bo‘lishidan qat’iy nazar, quruq gaplardan iborat bo‘lmasin, mazmuni bo‘lsin, shirasi bo‘lsin, joni bo‘lsin, zero har bir talabaning darsdan ko‘ngli to‘lsin, degan falsafani ilgari surardi.

O‘qituvchilar ma’ruzalariga qo‘yiladigan talablarni kuchaytirib, uning sifatini oshirish yuzasidan maxsus jamoatchilik kengashlari tuzgan yangi rahbar dastlab ko‘pchilikka yoqmay boshlagandi. Lekin, qo‘yilgan to‘g‘ri talabning samarasi tezda ko‘zga ko‘rina boshladi. Dars sifatini yaxshilash, ma’ruzalarni fanning eng so‘nggi yutuqlari bilan to‘ldirib borish, uni mazmunli va qiziqarli tarzda tinglovchiga yetkazish bo‘yicha shaxsan namuna ko‘rsatolgan domla tez orada universitetda mohir rahbar va bilimli pedagog sifatida tanildi.

Mana shunday iqtidor, rahbarlik qobiliyati uni yanada mas’uliyatli vazifalarga yetakladi. 1987-1993 yillarda Samarqand davlat universitetining rektori lavozimida faoliyat ko‘rsatdi.Nazarimizda, bu lavozim orqali hurmatli domlamiz Ustozlikning oliy kursisiga chiqib kelgandi. Ustoz ayni vaqtda jamoat ishlarida ham faollik ko‘rsatdi. Xalq deputatlari Samarqand viloyat kengashining deputati etib saylandi. Shu davrda, Samarqand mintaqasidagi oliy o‘quv yurtlari rektorlar kengashining raisi sifatida muvofiqlashtirish ishlarini ham olib bordi.

Ochig‘i, universitetda oddiy talabalikdan rektor lavozimiga qadar ko‘tarilgan yangi rahbar universitet hayoti, professor-o‘qituvchilarning yaxshi-yomon faoliyati, talabalik va uning mashaqqatlarini ham boshqalardan ko‘ra yaxshiroq bilardi.

Shu sababli, rahbarlik zamonamiz qahramoni uchun yangilik emas edi. O‘quv-pedagogik, ilmiy-metodik ishlar bo‘ladimi, moliyaviy-xo‘jalik faoliyati, buxgalteriya hisobi yoki huquqshunos xizmati bo‘ladimi, bularning barchasini bir qo‘lda adolatli boshqarib, avvalo, universitetda barcha norozichiliklarga barham berdi.O‘ta og‘ir-bosiqlik bilan ish yuritadigan, hayotning pastu balandini yaxshi biladigan, sermulohaza rahbar barchaning boshini qovushtira bildi. Keksa professor-o‘qituvchilarga alohida hurmat ko‘rsatildi, pensioner xodimlarning holidan xabar olindi, bemor va yordamga muhtojlar ham rahbarning e’tiboridan chetda qolmadi. Ko‘pming sonli jamoa o‘rtasida o‘zaro hurmat, bir-birini tushunish, bir-biriga yordam berish, bir oila bo‘lib ishlash tamoyili joriy etildi.

Shu tariqa, sog‘lom jamoa bilan universitetning nufuzi nafaqat viloyat miqyosida, balki mamlakat bo‘ylab oshib bordi. Ustoz muvaffaqiyatlarining garovi halollik va poklikda bo‘ldi. Beg‘arazlik va to‘g‘rilik bilan ish tutdi. Zulmdan yiroq bo‘ldi. Odamlarga samimiylik bilan yaxshilik ulashdi.

 

– Men rektorlik qilgan yillarim (1987-1993 yillar) juda qaltis yillarga to‘g‘ri keldi, – deydi professor Mavlon Jo‘raqulov. – Sobiq ittifoqdagi o‘zgarishlarning shamoli universitetimizga ham tegib turardi. Talablar kun sayin, soat sayin o‘zgarardi. Moskvada bo‘layotgan turli tortishuv va mish-mishlar go‘yoki yonimizdagidek xavfli edi. Har kuni 12-15 soatlab, ayrim vaqtlarda kechayu kunduz ishlashimizga to‘g‘ri kelgan. Maqsad, universitetimizda fisqu fasodning oldini olish, guruhbozlik va boshqa shovinistik-ekstremistik harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, talabalarning ko‘tarilishiga sharoit bermaslik orqali tartibni ushlash. O‘sha davrlarda Toshkentga ham ko‘p chaqirishardi. Ayniqsa, saksoninchi yillarning o‘rtalari mamlakatimizda o‘zbek tiliga, milliy qadriyatlarga, urf-odatlarga qarshi urush ochilgan yillar edi. Majlis ketidan majlis... Bir kunda ikki martalab Toshkentga borib kelgan vaqtlarimiz bo‘lgan. Yaxshiyam, Toshkentga har kuni bir necha bor samolyot uchardi. O‘sha yillarda Moskovga yaxshi ko‘rinish istagida ayrim rahbarlar nomaqbul ishlari bilan xalqimizning ma’naviyatiga qarshi kurashishi oqibatida ko‘p qiyinchiliklarga, to‘s-to‘polonlarga duch kelganmiz.

Ha, domla ta’kidlaganidek, saksoninchi yillarning tahlikali vaziyatlari, xalqimiz ko‘rgan jabr birinchi va ikkinchi qatag‘on yillarini takrorlab turardi. Bunday sharoitda universitet professor-o‘qituvchilari, asosiy va yordamchi xizmat xodimlari, talabalar bilan olib borilgan pinhona ishlar universitet rahbarining g‘azabini qaynatardi. Maqsad – milliy tilni yo‘qotish!Maqsad – milliy bayramlarni yo‘qotish!Maqsad – dinni yo‘qotish!.. Shunaqasi ham bo‘ladimi. Ha, bo‘lar ekan. Kurash partiya a’zolaridan boshlandi. Namozga borish, ibodat qilish nari tursin, otasini janozasida ishtirok etish partiyadan o‘chish uchun asos qilib belgilandi. Bir necha yuz yillar davomida o‘tkazib kelingan Navro‘z bayramining oldiga temir panjara tortildi. Sumalak pishayotgan doshqozonlar ag‘darildi... Shunday og‘ir zamonlarda tarmoq rahbari bo‘lishning o‘zi bo‘lmasdi, albatta.

– 1987 yil.Rektorman.Sobiq O‘zbekiston kompartiyasi markaziy komiteti kotibi Ra’no Abdullayeva kechasi ikki mashinada qurollangan askarlar, o‘zining “maxsus odamlari” bilan shovqin, to‘polon ko‘tarib, vajohat bilan kirib keldi, – deydi qahramonimiz. – Albatta, unga prorektorlar, taniqli professor-o‘qituvchilar bilan peshvoz chiqdik. U biz bilan salomlashish, so‘rashish nari tursin, eshitishni ham istamasdan, universitetni ko‘zdan kechira boshladi. Ta’lim dargohimizdagi Sharof Rashidov va boshqa rahbarlarning, taniqli davlat arboblari va adiblarning devoriy va shunga o‘xshash yodgorlik lavhalarini chilparchin qilib, sindirib tashlatdi. Bu darajada johil insonni ko‘rmagandim. Ayniqsa, ayol kishini bunaqa vajohati, bilmadim, nimaga o‘xshardi, hali-hamon topolmayman. U Sharof Rashidovning byusti va unga oid ko‘plab ko‘rgazmali vositalarni maydalab, “Krasniy dvigatel” zavodida eritib, keyin tinchidi. O‘shanda bu holatni o‘zimga singdirolmay, tobim qochib, kasalxonaga tushib qolgandim. Ana shunday og‘ir bir sharoitda ishlab yurgan kezlarimizda davlatimiz rahbarining o‘zgarishi bilan hayotga qaytadan kelgandek bo‘ldik...

Islom Karimovning 1989 yil o‘rtalarida mamlakatimizga rahbar bo‘lishi vaziyatni tubdan o‘zgartirdi. Eng muhimi, o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. Odamlarning diniy va dunyoviy ishlariga teng sharoitlar yaratildi. Yo‘qotilgan bayramlar, unutilgan urf-odatlar tiklandi. Ma’naviyatimiz, ilm-fan va madaniyatimiz, ma’naviy meroslarimiz xalqimizga qaytarildi. Yangidan yangi ezgu niyatlarni amalga oshirishiga keng yo‘l ochildi. Shu imkoniyatlardan o‘z vaqtida va oqilona foydalana bilgan qahramonimiz tashabbusi bilan universitet hayoti tubdan yangilandi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilishi munosabati bilan ta’lim dargohida tilni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rildi. Universitet qoshida o‘zbek tilini rivojlantirish markazi tashkil etildi. Kadrlar tayyorlashning ilmiy-zamonaviy yo‘li tanlandi. Universitetda qisqa vaqt ichida mustaqil mamlakat uchun zarur bo‘lgan yangi kafedralar, laboratoriyalar, bo‘limlar tashkil etildi. Keng ko‘lamli bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.Davlat rahbarining topshirig‘i bilan universitet rektori 1990 yilda Amerika Qo‘shma Shtatlariga, 1993 yilda Misrga uyushtirgan safarlari ilg‘or xorijiy tajribani oliy o‘quv yurtiga tadbiq qilish uchun muhim ahamiyat kasb etdi. Samarkand davlat universitetining xorijiy mamlakatlar oliy o‘quv yurtlari bilan shartnomaviy aloqalari kengaydi.

– Bundan chorak asr muqaddam AQShning Texas universitetida bo‘lib o‘tgan qadimshunoslikka oid yirik ilmiy anjumanda mendan Ulug‘bek akademiyasining baland ustunlarini saqlab qolish borasida qanday ishlar amalga oshirilayotgani haqida so‘rab-surishtirishgandi, – deydi tarix fanlari doktori Mavlon Jo‘raqulov. – Bugun shuni mamnuniyat bilan aytishim lozimki, ilmu fan taraqqiyotiga qo‘yilgan qadim ustunlar yangi zebu naqshlar bilan jilo topgan. O‘sha anjumandagi ma’ruzamdan so‘ng Samarqandga tashrif buyurgan Texas universitetining bir guruh olimlari bu xulosaga o‘z kuzatuvlari asosida iqror bo‘lishgandi.

Professor Mavlon Jo‘raqulov Misrda o‘zbekistonlik mehmonlarga qarata aytilgan gaplarni shunday eslaydi: “Siz ko‘hna ehromlarga bu qadar hayrat bilan boqmang, barcha hayrat va havaslar o‘z yurtingizda, O‘zbekistonda. Biz uni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rish, his etish uchun safarga imkon tug‘ilishini orziqib kutib yashaymiz”.

Shunday samimiy ta’riflardan so‘ng Samarqandning, Buxoro-yu Xivaning, butun O‘zbekistonning duru javohirlarga tenglashtirib bo‘lmaydigan tarixi, madaniyatini sevmay, qadrlamay, tadqiq etmay bo‘ladimi?

Xorijga tashriflar besamar ketmadi. Universitetda dissertatsiyalar himoyasiga qaratilgan turli yo‘nalishlar bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengashlar tashkil qilindi. O‘shanda domla Vatan tarixi yo‘nalishi bo‘yicha Ixtisoslashgan ilmiy kengash raisligiga saylandi. Mana shunday sa’y-harakatlar natijasida 1992 yilga kelib universitet ilmiy salohiyatining sezilarli darajada o‘sishi kuzatildi. Jumladan, fan doktorlari va professorlar soni ikki karra oshdi.Ilmiy darajali va ilmiy unvonli o‘qituvchilar ko‘rsatkichining 55 foizdan 70 foizga ko‘tarilishi ma’lum ma’noda rektorning oqilona siyosati va fidokorona mehnatlarining samarasi edi.

Mana shu jarayonda, domla mamlakat mustaqilligiga erishish ostonasidagi va undan keyingi islohotlarning universitetdagi faol ijrochisiga aylandi. Bor kuch-g‘ayrati bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlashga, uning porloq kelajagini ta’minlashga qodir kadrlar tayyorlashga harakat qildi. Shu bilan birga ilmiy faoliyatini davom ettirib, 1992 yili “Zarafshon havzasi tosh asri madaniyati” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini yoqladi.

U nafaqat o‘zining orzulari, ota-onasining, ayniqsa,juda katta niyat va ishonch bilan nevarasiga Mavlon ismini tanlab qo‘ygan, bir umr uning ustoz bo‘lishini orziqib kutgan, umrining oxirgi yillarida – 96 yoshida ham “fan doktori bo‘ldingmi, bolam?, deb so‘rab turgan,o‘z xalqining tarixiy ildizlarini, uning qadimiy urf-odatlari, boy ma’naviy-madaniy merosini o‘rganishga qiziqtirgan, ya’ni qalbida ma’rifat mash’alasini yoqqan tabarruk,duogo‘y bobosi Yo‘ldosh baxshining orzulari ushaldi. Bu bilan qadimshunos olim o‘z oldiga qo‘ygan ezgu maqsadlarining yana bir cho‘qqisini zabt etgan edi.

To‘g‘risi, Mavlon Jo‘raqulovning hayot yo‘li murakkabligi va samaradorligi bilan e’tiborga molik. Qiyinchilik ortidan muvaffaqiyat, zahmat ortidan farog‘at, mehnat ortidan rohat... Buning sababi nima? Uning erishgan yutuqlari nimaning evaziga keldi?Nahotki, faqat mehnat bilan hamma maqsadlarga erishib bo‘lsa? Omad ham kerak emasmi? Bu savollarga javob topish uchun ko‘p kitoblarni varaqlashimga to‘g‘ri keldi.Shundan keyin, yuqorida bir necha bor Ustoz so‘ziga urg‘u berdim. Bu bejiz emas edi. Ma’lum bo‘lishicha, Mavlon ismi: ustoz, muruvvat qiluvchi, yaxshilik qiluvchi, degan ma’nolarni bildirar ekan. Ajdodlarimiz ismning xosiyati, niyatning sofligi to‘g‘risida misollar, rivoyatlar orqali bizga ko‘p o‘gitlar qoldirgan. Yo‘ldosh baxshi ham nevarasiga ism tanlaganida, uni yaxshi niyatlar bilan ustoz maqomiga ega bo‘lsin, odamlarga muruvvat ko‘rsatsin, yaxshilik qilsin, deb niyat qilgan bo‘lsa ajab emas.

– 1993 yil rektorlikni topshirdim, – deydi professor Mavlon Jo‘raqulov. – Hayotdan ma’lumki, rahbarlikni topshirish hamma vaqt ham oson kechmaydi. Ammo,meni ayblashmadi ham, qoralashmadi ham. Aksincha, vazirning o‘zi kelib,yutuqlarimni ko‘rsatib, minnatdorchilik bildirib,yelkamga to‘n yopdi. O‘shanda bir yo‘la,universitet Oqsoqollar kengashi raisi lavozimiga tayinlashdi. Shundan buyon Oqsoqollar kengashi raisi, 1967 yildan buyon esa Samarqand davlat universiteti Arxeologiya ekspeditsiyasining rahbari sifatida universitetdan uzilgan emasman.Oradan ko‘p o‘tmay, 1994 yilda faxriy professor unvonini berishdi. Shu-shu universitet bilan birgaman. Hozirgacha ularga og‘irim tushgan emas. Qo‘limdan kelgan ishimni qilaman, maslahatimni beraman...

Tarix fanlari doktori, professor Mavlon Jo‘raqulov o‘z rahbarlik faoliyatini o‘ta kamtarlik va samimiylik bilan, yuqori kasbiy mahorat va jasorat bilan boshqardi. O‘sha o‘zgaruvchan davrning yuqori martabali rahbarlari Ra’no Abdullayeva kabilarning nayranglariga uchmadi. Aksincha, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim-tarbiya sifatini yanada takomillashtirish va uni jahon talablari darajasiga olib chiqish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi.Faoliyati davomida mamlakatimizga juda ko‘p yetuk mutaxassis kadrlar: tarixchilar, filolog-adabiyotchilar, faylasuflar, biologlar, ximiklar, fiziklar, matematiklar, huquqshunoslar, iqtisodchilar, ma’naviyatchilar – ming-minglab mutaxassislar tayyorlab berishga bosh-qosh bo‘ldi.

Uning rahbarligi ostida universitetdan mamlakat ravnaqi uchun xizmat qiladigan davlat va jamoat arboblari, ilm-fan fidoyilari, olimlar va boshqa yetuk rahbarlar yetishib chiqdi. Qarang-ga, oddiygina bir uzoq qishloqdan qiyin bir sharoitlarda Samarqandga kelgan yigitchaning hayot yo‘li naqadar namunali, uning nafaqat Samarqand, Vatanimiz taraqqiyotidagi ulushi naqadar yuksak.

Xalqimizda: “Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum”, degan maqol bor. Bu hikmatning qay darajada haqiqatga yaqinligi uzoq qishloqda, og‘ir sharoitda tug‘ilib o‘sgan, butun umrini ta’lim olish va ta’lim berishga bag‘ishlab kelayotgan Mavlon – bugungi O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, tarix fanlari doktori, professor Mavlon Jo‘raqulov timsolida namoyon bo‘ldi.

Zamonamiz qahramoni nafaqat yaxshi rahbar, faol boshqaruvchi sifatida, yaxshi olim, muruvvatli inson sifatida ham el-yurt hurmatini qozondi. Uning arxeologiya kabinetiga kirib, mamlakatimizning uzoq o‘tmishiga, xalqimizning qadimiy hayoti va madaniyatiga sayr qilganim hech yodimdan ko‘tarilmaydi. Ha, iqtidorli olim aynan arxeologiya yo‘nalishini tanlab adashmagan ekan. O‘tmishni o‘rganish, ota-bobolarimizning boy madaniy merosini bugungi va kelgusi avlodlarga yetkazib berish olijanoblikdir.

– Uning bevosita rahbarligida 1967-1971 yillarda qadimiy Samarqand – Afrosiyobni o‘rganish bo‘yicha tashkil qilingan laboratoriya va ekspeditsiya tomonidan olib borilgan izlanishlar o‘ta samarali bo‘lib, O‘rta Osiyo arxeologiya fanining rivojiga muhim hissa bo‘lib qo‘shildi, – deydi tarix fanlari doktori, professor I.Saidov. – Ekspeditsiya IX-XI asrlar tarixi, fani va madaniyatiga, qurilish va me’morchilik, shaharshunoslik, kommunikatsiya, hunarmandchilik, kulolchilikka oid katta ilmiy ahamiyatga molik bo‘lgan ashyoviy dalillar to‘pladi. Va bu laboratoriya keyinchalik universitetda arxeologiya kafedrasining ochilishiga asos-zamin yaratdi. U mintaqada aspiranturasi mavjud bo‘lgan, arxeolog mutaxassislar tayyorlovchi birdan-bir ilmiy-pedagogik markaz bo‘lib qoldi. Uzoq yillardan buyon domla rahbarlik qilgan ushbu kafedraning keyinchalik O‘zbekistan Fanlar akademiyasining Samarqandda faoliyat boshlagan arxeologiya ilmiy-tekshirish instituti bilan hamkorlikda olib borgan ishlari uning shuhratiga shuhrat qo‘shdi.

– Ohalik va Sazag‘on qishloqlari atrofida joylashgan ibtidoiy davr yodgorliklari, eramizdan avvalgi3-4 mingyillikka taalluqli bo‘lgan urug‘-qabila boshliqlari qo‘rg‘onlarini tadqiq qilish, Zarafshon vohasi tog‘ bag‘irlari qadimgi madaniyati tarixini o‘rganish, Samarqand shahrida paleolit davri makonini tekshirish uchun uyushtirilgan qator ekspeditsiyalardagi Mavlon Jo‘raqulovning ishtiroki uning qalbini butunlay sehrlagan, arxeologiya deb atalmish bu g‘aroyib fan olamining darvozasi oldiga olib borib qo‘ygan edi, – deydi iqtidorli shogirdlaridan biri – N.Avanesova. – To‘plangan boy tajriba va materiallar, uning sobiq SSSR Fanlar akademiyasining Arxeologiya institutida, Leningrad davlat universitetining arxeologiya kafedrasida o‘qishi olim hayotida ulkan yuksalishlarga sabab bo‘ldi, desak noo‘rin bo‘lmaydi. Shu sababli ham domla Sazag‘on, Zirabuloq, Chashma, Olmabuloq, Qorakamar, Samarqand singari qadimgi manzilgohlarda arxeologik izlanishlar olib borib, quvonchli natijalarga erishdi.

Darhaqiqat, o‘n ming nafardan ortiq talaba tahsil olayotgan va har yili ikki yarim ming nafar oliy ma’lumotli mutaxassis tayyorlab chiqarayotgan universitet nufuzi, obro‘-e’tibori ayni shunday jonkuyar va fidoyi insonning o‘z kasbiga bo‘lgan mehru muhabbatida namoyon bo‘ladi. Mavlon Jo‘raqulovning o‘quv-pedagogik va boshqaruv faoliyati bilan hamohang ravishda ilmiy tadqiqot sohasidagi izlanishlari ham g‘oyat samaralidir.

U o‘z mehnat faoliyatining barcha bosqichlarida jamoatchilik, tashkilotchilik, rahbarlik ishlarini ilmiy izlanish ishlari bilan bog‘liq holda olib bordi. Qadimshunos olimning arxeologiya ilmi va uning ahamiyatiga, bu yo‘nalishdagi ilm-fan yutuqlarini o‘rganish ishlarini takomillashtirishga bag‘ishlab maxsus kurslar bo‘yicha yozgan kitoblari, metodik qo‘llanmalari, kurs dasturlari ham talaygina. U o‘z faoliyati davomida ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi, o‘nlab fan doktorlari va fan nomzodlarini tayyorladi. Uning bevosita ilmiy rahbarligida ko‘plab magistrlar arxeologiya mutaxassisligi bo‘yicha dissertatsiya ishlarini yoqladi.

– Mavlon Jo‘raqulovning ko‘p qirrali ilmiy faoliyatidagi yo‘nalishlardan birini tosh asri madaniyatini o‘rganish tashkil qiladi, – deydi tarix fanlari doktori, professor I.Saidov. – Taxminan 2,5 million yil avval boshlanib, eramizdan oldingi to‘rt minginchi yillargacha bo‘lgan davrni o‘z ichiga oladigan o‘tmishimizni tadqiq qilish izlanuvchidan tinimsiz mehnat va jasoratni talab etishi oydek ravshan. Domla kafedra va fakultet qadimshunoslarini birlashtirib, ularning ilmiy salohiyatini tariximizning muhim sohalaridan bo‘lgan mavzu – “O‘rta Osiyo xalqlari madaniy merosi va uning jahon madaniyatida tutgan o‘rni” haqidagi fanning dolzarb masalalarini tadqiq qilishga yo‘naltirib, unga rahbarlik qilib keldi va bu borada sezilarli muvaffaqiyatlarga erishdi. Jumladan, olimning 1987 yilda “Fan” nashriyotida chop etilgan “Samarqand makoni va O‘rta Osiyo paleoliti muammolari” monografiyasi ana shu davr madaniyati tarixini o‘rganish yakunlari sifatida yuzaga keldi.

– Yurt tarixini, millat madaniyatini, uning bunyodkorlik ishlarini hech qachon yo‘qotib bo‘lmaydi, – deb ta’kidlaydi ustozning o‘zi. – Ayozli kunlarning umri tugab, tuproqdan qayta bosh ko‘targan maysa, chechaklar singari yana o‘z qiyofasini namoyon etaveradi. Afrosiyob tepaliklarida yillar davomida olib borilgan qazilma, tadqiqotlar davomida bu xulosaga qayta-qayta ishonch hosil qilganman. Jonsiz qal’a, tuproqtepa deb qaralgan Afrosiyobda ahamoniylar davrigacha ham shaharsozlik, shahar madaniyati gurkirab rivojlangan.

– Domlaning ko‘pgina ilmiy asarlari bilan tanishganman, ularning barchasi mavzuning muhimligi, materiallarning noyob va yangiligi, tahlilning puxtaligi bilan e’tiborga loyiqdir, – deydi butun umrini pedagogik faoliyatga, ma’naviyat va ma’rifatga bag‘ishlab kelayotgan, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Samarqand viloyat Kengashining raisi, “Mehnat shuhrati”, “El-yurt hurmati”, “Do‘stlik” ordenlari sohibi Hasan Normurodov. – U o‘z ilmiy tadqiqotlarida o‘zbek xalqi jahonning eng boy, eng mazmundor tarixga va ma’naviy merosga ega bo‘lgan xalqlardan biri ekanini yangi-yangi dalillar, noyob topilmalar, arxeologik qazilmalar vositasida ishonarli qilib isbotlab bergan. Masalan, domlaning “O‘rta Osiyo ibtidoiy arxeologiyasi”, “Eneolit va bronza davrida O‘rta Osiyo”, “Arxeologik tadqiqotlarning uslubi”, “O‘rta Osiyo paleoliti”, “O‘rta Osiyo bronza davri istoriografiyasi”, “O‘rta Osiyo antropologiyasi”, “Zarafshon vohasining ibtidoiy va qadimgi aholisi madaniyati”, “Zarafshon vohasi arxeologiyasi yodgorliklarining geologiyasi”, “O‘rta Osiyo mezoliti” singari o‘nlab asarlari bilan tanishman. Bu ilmiy asarlar arxeologiya fanining nazariy asoslari, o‘ziga xos xususiyatlari, uning O‘zbekistondagi taraqqiyot bosqichlari va hozirgi holati haqida chuqur bilim va zarur ma’lumotlar berishi shubhasiz. O‘ylaymanki, Samarqand shahri va uning atrofidagi manzillarda olib borilgan tadqiqot ishlari bugungi navqiron avlod va kelajak avlodlarimiz uchun tarixiy manba sifatida xizmat qiladi. Domla hozir ham tirishqoq, mehnatsevar. Bugungi kunda ham nuroniylarning orasida eng faollaridan, jamoatchilik ishlarida shaxsiy namuna ko‘rsatib kelmoqda. El-yurt hurmatiga sazovor inson.

Baxtli taqdir va zahmatli mehnat tufayli oddiy assistentlikdan Samarqanddagi ulug‘ dorilfunun rektori darajasiga ko‘tarilgan Mavlon Jo‘raqulovning ilmiy tashkilotchiligi, zukko rahbarligi, yosh olimlarga g‘amxo‘r ustozligini, beqiyos ilmiy kashfiyotlari bilan dorilfunun dovrug‘ini yana bir karra dunyoga ma’lum qila olganligini bugun uning o‘nlab shogirdlari faxr bilan e’tirof etishmoqda.

– Ustozning bosqichma-bosqich, izchillik bilan olib borgan tadqiqotlari – qadimshunoslik fanida keskin burilish yasadi, – deydi tarix fanlari nomzodi, dotsent N.Xolmatov.– Zarafshonning o‘rta oqimi, Qoratepa tog‘ etaklaridan va Sazag‘on, Tepaqul qishloqlaridan mezolit (eramizdan avvalgi XII-VI ming yilliklar) va neolit (eramizdan avvalgi VI-IV ming yilliklar) davrlariga oid 30 dan ortiq ibtidoiy urug‘ jamoalari makonlarining kashf etilishi nafaqat domlamizga, balki Samarqand arxeologlariga ham katta obro‘ keltirdi. 1991 yilda ustoz bilan hamkorlikda yozgan “Zarafshon vohasining mezolit va neolit davri, Sazag‘on madaniyati” nomli monografiyamiz ana shu tadqiqotlar natijasidir.

Xullas, qadimshunos vatandoshimizning ilmiy asarlarida O‘rta Osiyo xalqlarining eramizdan oldingi minginchi yillarda bo‘lgan hayoti, moddiy va ma’naviy turmushi, xususan, tosh asri madaniyati ko‘plab noyob arxeologik topilmalar va dalillar asosida aniq yoritilgan. Xalqimizning eng qadimiy tarixi, madaniyati, turmush tarzi, qurilish va me’morchilik, kommunikatsiya va shaharshunoslik, hunarmandchilik va kulolchilikka oid ko‘pdan-ko‘p ashyoviy dalillar tahlil qilinib, muhim ilmiy xulosalar chikarilgan. Va albatta, bunday salmoqli natijalar hech bir inkorsiz mamlakatimizda ilm-fan rivojiga munosib hissa bo‘lib qo‘shilgan.

Suhbatlarda ayrim odamlarning o‘z muvaffaqiyatlaridan, erishgan yutuqlaridan g‘ururlanib, oyog‘i yerdan uzilganligini eshitamiz. Maqolamiz qahramoni Mavlon Jo‘raqulov unday odamlar sirasidan bo‘lmadi. U – arxeologiya fanining yirik arboblari – A.P.Okladnikov, P.I.Borisovskiy, V.M.Masson, M.P.Gryaznov, Ya.G‘ulomov, D.N.Lev, V.A.Shishkin, A.Askarov, U.Islomov, M.Qosimov, M.U.Aminov, M.M.Abramov, X.Aminov, S.R.Rustamov kabi ustozlarining sabog‘u suhbatlarini, mehnatlarini hech qachon unutgan emas. Har bir ustozini mehr-muhabbat bilan eslaydi. Ularning, ayniqsa, xorijlik ustozlarining oddiy o‘zbek bolasiga bo‘lgan g‘amxo‘rligini, e’tiborini, hurmatini qadrlaydi. Ayni vaqtda, ko‘p ming sonli shogirdlari bilan, ayniqsa uning izidan borgan 3 nafar fan doktori, 6 nafar fan nomzodi – arxeolog-olimlar, 57 nafar magistr-izlanuvchilar bilan faxrlanadi. Hali hamon universitet jamoasi bilan birga. Uning 1000 dan ortiq ilmiy va ommabop maqolalari, 8 ta monografiyasi (shundan 3 ta chet davlatda), 5 ta darslik, 24 ta o‘quv-uslubiy qo‘llanmalari mamlakatimiz oliy ta’lim muassasalari professor-o‘qituvchilari va talabalari tomonidan o‘rganilmoqda.

Bugungi kunda sakson sakkiz bahorni qarshilagan va hali ham o‘z o‘rnini jamoatchilik davrasida bilgan Mavlon Jo‘raqulov fidokorona mehnatlari, odilona rahbarligi, ilmiy yutuqlari bilan xalqimizning yuragidan chuqur joy olgan tabarruk inson. U kishining ko‘p yillik samarali mehnati qadrlanib, ko‘plab davlat mukofotlariga lozim ko‘rildi. Bir insonning ikki yo‘nalish bo‘yicha “Xizmat ko‘rsatgan” degan unvonga musharraf bo‘lishi kamdan-kam voqea. U 1982 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan xalq ta’limi xodimi”, 2002 yilda “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi” degan yuksak unvonlarga sazovor bo‘ldi. Shuningdek, yigirmaga yaqin orden-medallar sohibi. Davlatimiz uning bolalikdagi urush orti mehnatlarini ham unutgan emas. “Ulug‘ Vatan urushi yillarida shavkatli mehnati uchun” medali bilan ham mukofotlangan.

Albatta, qahramonimizning o‘zi ko‘rmagan, bilmagan, tanimagan qizga uylangani ham, o‘zining to‘yida ishtirok etolmagani, uzoq shaharlarga o‘qishga ketib,gullagan yoshlik davrini turmush o‘rtog‘idan uzoqda o‘tkazgani ham, yashash uchun bir durust sharoit bo‘lmay uzoq yillar ijarama-ijara yurgani ham bor haqiqat. Uning turmush o‘rtog‘i Shafoat aya “to‘yimga kelmagandingiz” deb arazlamadi, aksincha bor mehri-muhabbati bilan yorini sevdi, hayotda duch kelgan barcha qiyinchiliklarni sadoqat bilan, vafodorlik bilan yengdi.

– Turmush o‘rtog‘im kechirimli, donishmand, farishtali ayol edi, – deb eslaydi qahramonimiz. – Biz sen-menga bormasdan, gap talashmasdan izzat-hurmatda, inoqlikda 55 yil birga yashadik. Talabalik yillari oilamizda qiyinchiliklar ko‘p bo‘lgan bo‘lsa-da, turmush o‘rtog‘im biron marta ham yuzimga solmadi. Rahmatli oilam chevar ayol edi. Men pul yetkazib berolmagan paytlarim Ukrain millatining kashtachilik san’atidan turli kashtali ko‘ylaklar tikib, ularni sotib, xarajatlarimizni qoplar edi.

Bu gaplardan keyin, qavat-qavat uy-joy qurib, qimmatbaho avtomobillar bilan hovlilarini to‘ldirib yon-veriga ko‘z-ko‘z qiladigan, hashamdorlik ortidan quvib, mol-dunyoga hirs qo‘yib kibrga berilgan atrofimizdagi ba’zi amaldorlar ko‘z oldimizda gavdalanadi. Aslida, “ot ustida” paytimizda oddiy soat ham, oltin soat ham vaqtni bir xilda ko‘rsatishini, yuz million so‘mlik avtomobil ham besh yuz million so‘mlik avtomobil ham manzilga bir vaqtda yetib borishini, uy-joy har qancha hashamatli bo‘lmasin, oddiy va shinam uy bajargan vazifani bajarishini unutib qo‘yamiz. Lekin domla,bunday odamlarga o‘xshamadi. Zebu ziynatsiz, oddiy va kamtarona yashab farzandlariga, shogirdlariga, qolaversa, atrofdagilarga ibrat bo‘ldi.

Darhaqiqat, domlaning Samarqand shahrida, akademik A.Otaxo‘jayev ko‘chasida joylashgan uch sotixlik hovlisida ortiqcha dabdabani sezmaysiz. Yuqori lavozimlarda ishlab, faqat ilmdan obro‘ izlagan ustoz bu manzilda farzand-u nevaralari qurshovida qanoat bilan umrguzaronlik qiladi.Hovlining pastakkina darvozasi har doim ochiq. Mo‘’jazgina hovlisiga shogirdlar tez-tez tashrif buyurib,zarur maslahat, madad olishadi. Ustozdan zebu ziynatsiz, hashamlarsiz, oddiygina yashash sirlarini o‘rganishadi.

– Bunday yashashning siri qanoatli bo‘lishda, – deydi ustoz shukronalik bilan. – Boylik orttirmadim, hashamga qiziqmadim. Vaqtimni ilm o‘rganishga bag‘ishladim. Tuproq qa’ridan ziyo izladim. Farzandlarim, nevara-evaralarimni ham o‘zimga mos tarbiyaladim, deb o‘ylayman. – Qizim Dilfuza Jo‘raqulova ilm yo‘lini tanladi, hozirda u dorilfununda olima, tarix fakulteti dekani. Nevaram Shohrux Jo‘raqulov universitetda tayanch doktorant, Navoiy stipendiyasi sohibi. Ayni vaqtda xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi deputati...

Professor Mavlon Jo‘raqulovni Yevropada ham, okeanorti mamlakatlarida ham, qadimiy ehromlar yurti Misrda ham Ulug‘bek Akademiyasining munosib davomchisi sifatida bilishadi. Samarqandlik kamtarin o‘zbek olimi, taniqli arxeolog, etnograf, millat tarixining zukko tadqiqotchisi hisoblangan yurtdoshimiz esa o‘z shaxsiga bildirilgan izzat-ikromdan ko‘ra Ulug‘bek akademiyasining ilmiy kashfiyotlari asrlar osha barhayotligidan va dunyo miqyosida tan olinayotganidan qalbi faxr-iftixorga to‘lib so‘zlaydi. Samarqand davlat universiteti Ulug‘bek akademiyasining tom ma’nodagi vorisi sifatida ilmu fan taraqqiyotiga salmoqli ulush qo‘shib kelayotganini, zakovatli ajdodlar merosi insonga, eng avvalo, o‘zlikni va dunyoni anglashga xizmat qilayotganini bot-bot ta’kidlaydi.

Tezoqar, asov daryolarni jilovlab inson qudratiga bo‘ysundirish mumkindir. Lekin vaqtni bo‘ysundirib yoki ortga qaytarib bo‘lmaydi. Vaqt – oylar, yillar, asrlar shamolday tez o‘taveradi. O‘tgan har kun biz uchun tarix. Bu tarix bizga har doim qanday yashash, kindik qoni to‘kilgan yurtni qay darajada qadrlash, ajdodlar merosini ulug‘lash orqali baxtga musharraf bo‘lish shartlarini eslatib turadi.

Kamtarlik, qanoat, sabr va chidam maktabini yaratgan, Yer qa’ridan o‘zbek davlatchiligining noyob va nodir boyliklarini qidirib topib, ilm-fan olamini zebu ziynatga to‘ldirgan mehnatkash-zahmatkash, fidoyi olim, mehribon ustoz, tabarruk inson Mavlon Jo‘raqulovning aytgan har bir so‘zi ziyo, bosgan har bir izi nurdir. Bu ziyo, bu nur oftob taftidek issiq, ilmu ma’rifat chirog‘idek yorqin bo‘lib, ustoz yaratgan maktab koshonasini abadiy yoritib turajak.

O‘zA.