Yer resurslarining milliy hisoboti nima?
Kadastr agentligi tomonidan har yili yanvarda yer resurslarining holati to‘g‘risida milliy hisobot tuziladi.
Yer resurslarining holati to‘g‘risida milliy hisobot respublikamiz yer fondini kuzatish, miqdor va sifat darajasining o‘zgarishini o‘z vaqtida aniqlash imkonini beradi. Shuningdek, ushbu hisobot davlat kadastrlarini yuritish, yer tuzish, yer resurslaridan oqilona va samarali foydalanish, yerlarning muhofaza qilinishini axborot bilan ta’minlash uchun muhim hujjat sifatida foydalanishga mo‘ljallangan.
2024 yil 1 yanvar holatiga O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy hududiy chegaralari doirasidagi umumiy yer maydoni 44 892,4 ming gektarni tashkil qiladi.
Foydalanish maqsadiga qarab, yer fondi 8 toifaga - qishloq xo‘jaligi, aholi punktlari, sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekrasiya maqsadlariga hamda tarixiy-madaniy ahamiyatga molik, o‘rmon fondi, suv fondi, zaxira yerlariga bo‘linadi.
Hisobot davrida viloyatimizning umumiy yer maydoni 1 677 301 gektarni, ushbu yerlardan foydalanuvchilar soni 25 251 tani tashkil etdi. Yer fondi 8 toifaga oid va “UzKAD” dasturida hisobga (ro‘yxatga) olingan. Ya’ni, qishloq xo‘jaligi yerlari 1 470 710 gektar, yerdan foydalanuvchilar soni 12 162 ta bo‘lib, “UzKAD” dasturida hisobga olingan yer maydonlari 1 209 227 gektarni, aholi punkti yerlari 19 351 gektarni, yerdan foydalanuvchilar soni 2 984 tani tashkil etdi. Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar 90 398 gektar, yerdan foydalanuvchilar soni 9 142 ta bo‘lib, “UzKAD” dasturida hisobga olingan yer maydonlari 6 914 gektar. Tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekrasiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar 82 gektar, yerdan foydalanuvchilar soni 8 ta, tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar 399 gektar, yerdan foydalanuvchilar soni 341 ta bo‘lib, “UzKAD” dasturida hisobga olingan yer maydonlari 399 gektarni tashkil etdi. O‘rmon fondi yerlari 56 247 gektar, yerdan foydalanuvchilar soni 16 ta bo‘lib, “UzKAD” dasturida hisobga olingan yer maydonlari 56 247 gektarni, suv fondi yerlari 28 318 gektar, yerdan foydalanuvchilar soni 579 ta bo‘lib, “UzKAD” dasturida hisobga olingan yer maydonlari 28 318 gektarni va zaxira yerlar 11 796 gektar, yerdan foydalanuvchilar soni 19 ta bo‘lib, “UzKAD” dasturida hisobga olingan yer maydonlari 11 796 gektarni tashkil etdi.
Nozir Mardonov, Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasi shu’ba boshlig‘i.