Samarqand shahar markaziy shifoxonasida shoshilinch tez tibbiy yordam posti tashkil etildi

- Shoshilinch tez tibbiy yordam markazini Samarqand shahrining chekka hududi, Qorasuv massiviga ko‘chirganmiz, - degan edi viloyat rahbari Adiz Boboyev joriy yilning 20 may kuni o‘tkazilgan hokimlik soatida. – Shaharning bu chekkasida yashovchi bemorni u hududga yetkazguncha 2-2,5 soat vaqt ketadi. Og‘ir bemor bo‘lishi mumkin, bu yo‘lda u qay ahvolda boryapti, holati qanday? Hech kimni qiziqtirmaydi.

Viloyat rahbari shahar hokimligi va sog‘liqni saqlash tizimi mas’ullariga shahar markazidagi tibbiyot muassasalarida shoshilinch tez tibbiy yordam bo‘limini tashkil etish bo‘yicha topshiriq bergan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida shahar tibbiyot birlashmasida shoshilinch tez tibbiy yordam posti tashkil etildi.

- Qabul bo‘limida shoshilinch tez tibbiy yordamga muhtoj bemorlar uchun 3 ta, ya’ni yashil, sariq va qizil hudud tashkil qildik, - deydi tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Ahmadjon Bobojonov. – Ahvoli yaxshiroq bemorlar sariq yo‘lakdan kirib boradi va tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, holatiga qarab yo‘llanma beriladi. O‘rta holatdagi bemorlar sariq yo‘lak orqali ko‘rikdan o‘tkaziladi, vaziyatga qarab, tegishli bo‘limlarga yuboriladi. Og‘ir ahvoldagi bemorlar esa qizil yo‘lakdan reanimatsiya bo‘limiga yotqiziladi. Bugun ertalabdan shifoxonamizga 20 dan ziyod murojaat bo‘ldi. Bemorlar tirbandlik muammosiga duch kelmasdan, qisqa vaqtda shifoxonaga yetib kelmoqda.

Birlashmaga qarashli jami 408 o‘rinli 12 ta bo‘lim mavjud bo‘lib, bu yerda yiliga 25 ming nafar bemorni qabul qilish imkoniyati mavjud.

To‘lqin SIDDIQOV,
Baxtiyor MUSTANOV (surat).