«Tez tibbiy yordam»ga yordam: Samarqandda tez tibbiy yordam stansiyasi negizida simulyasiya markazi ochildi
Xorij filmlarida ko‘p kuzatgansiz, favqulodda holatlarda, kishi birdan og‘ir ahvolga tushganda tez tibbiy yordam mashinasining o‘zida yoki falokat yuz bergan joyda bemorga malakali birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilib, hayoti saqlab qolinadi.
Bizda ham asta sekin bu boradagi qadamlar tashlanmoqda. Samarqand shahar tez tibbiy yordam stansiyasi negizida simulyasiya markazining ochilishi tez tibbiy yordam tizimida o‘ziga xos yangilik bo‘ldi.
Tez tibbiy yordam xizmati shifokor va feldsherlarini o‘qitish uchun mo‘ljallangan o‘quv xonalaridagi mulyajlarni klinik o‘lim holatidan chiqarish uchun shifokorlar bor mahoratini ishga solishi kerak. Mulyaj tezkor ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida nafaqat o‘ziga keladi, balki nafas ham ola boshlaydi, yurak urishi, qon bosimini o‘lchab, shifokor nechog‘lik to‘g‘ri muolaja olib borganini aniqlash mumkin. Muolaja noto‘g‘ri bo‘lsa, mulyaj tabiiyki, «hayot bilan vidolashadi».
Suhrob Zayniyev, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:
- “Shoshilinch tibbiy yordam tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni, shuningdek, tizimga oid uchta qarori bilan shoshilinch tibbiy yordamni yanada rivojlantirish yo‘nalishlari belgilangan. Mazkur hujjatlarda shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish sohasida ta’lim sifati va tibbiyot kadrlarini tayyorlash darajasini oshirish muhimligi ta’kidlangan.
Shuningdek, ushbu hujjatlarda Janubiy koreya sog‘liqni saqlash vazirligiga tegishli bo‘lgan KOFIH jamg‘armasi bilan hamkorlikda mamlakat miqyosida “Kasalxonagacha shoshilinch tibbiy yordam salohiyatini oshirish” grant loyihasini imzolash ko‘zda tutilgan. Mazkur loyihaning umumiy byudjeti 2,8 million AQSh dollarini tashkil etadi. Ilk shu kabi simulyasion markaz poytaxtda tashkil etilgan bo‘lsa, ikkinchisi Samarqandda ochiladi.
Markazda faoliyat olib boruvchi trenerlar Koreyaning Inje universiteti olimlari tomonidan o‘qitilgan. Keyingi bosqichda zamonaviy tez tibbiy yordam avtotransport vositalarini ko‘paytirish rejalashtirilgan.
Gulruh MO‘MINOVA.