«Xavosi» respublikada muqobili sanoqli bo‘lgan zamonaviy binoga ko‘chdi

Odamlar nega norozi?

Qorasuvga, yangi qurilib, foydalanishga topshirilgan tez tibbiy yordam markaziga hali bormasimdanoq ba’zi e’tirozlarni eshita boshladim.

- Tez tibbiy yordam shaharning ichida joylashgan bo‘lishi kerak emasmi? Nega uni borish noqulay, doimiy ravishda avtomobillar tig‘iz qatnaydigan yo‘l orqali o‘tiladigan hududga qurishgan axir? «Tez yordam» mashinasi uchun Qorasuvga boradigan yana bir yo‘l bormi? Shuni ochib qo‘yish kerakdir balki?

Bu e’tirozlarni oldin ham eshitganim uchun indamadim. Ammo bu haqda shifoxona mutasaddilaridan, albatta, so‘rashni ko‘nglimga tugib qo‘ydim.

Xayolan ilgarigi, samarqandliklar «Xavosi» deb nomlashga ko‘nikib qolgan shifoxona ko‘z o‘ngimdan o‘ta boshladi. Yaxshi bilaman, u yerga borishga ko‘pchilik irim qilardi. Chunki o‘z nomi bilan viloyatdagi eng yirik, shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish shifoxonasi. Bu yerga  eng og‘ir vaziyatda kelishadi. Aks holda...

Shifoxonaning qabul bo‘limini biroz vaqt kuzatsangiz, bu yerga kelayotgan oqimning nechog‘lik katta ekanligini tasavvur qilasiz. Kuzata turib, u yerdagi sharoit ham ko‘nglingizni biroz xira qilardi. Eski liftlar, tor yo‘laklar, qabul bo‘limida bemorlarning ko‘pligi, ularning yaqinlari uchun umuman sharoit yo‘qligi...

Mazkur shifoxonaning Qorasuv maskanida yangidan bunyod etilgan Respublika shoshilinch tibbiy yordam bo‘limi bugun tashqi ko‘rinishi, qavatlari soni bilan eski «Xavosi» bilan juda o‘xshash bo‘lsada, ammo talaygina o‘zgarishlarga ham ega.

Qizil, sariq, yashil yo‘lak nega kerak?

Bu o‘zgarishlarni shifoxonaga kirishdayoq his qilasiz. Bemorlarga ilk tibbiy yordam ko‘rsatilayotganda ularning hammasi bir joyda qabul qilinmayotganini kuzatasiz. Qabulxonaning o‘zi bir nechta bo‘lim va xonalarga ajratilgan. Bu yashil, sariq, qizil chiziqlar orqali ajratib qo‘yilgan.

- Shifoxona qurilishi, qavatlari bilan eskisiga juda o‘xshash bo‘lsada, ammo ko‘rib turganingizdek, bemorlarni qabul qilish va ularni bizning talabimizga ko‘ra, har bir soniyaning qadriga yetgan holda davolash uchun xalqaro andazalarga mos sharoitlar yaratilgan, – deydi Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filiali bosh shifokori Tolib O‘sarov. – Tez yordamga keluvchi bemorlar uch toifaga ajratiladi, ya’ni ahvoli o‘rta, o‘rta og‘irlikda va juda og‘ir. Ahvoli o‘rtacha, ya’ni o‘zlari oyoqda yurib, bora oladigan, shifokorlarning to‘liq tekshiruviga muhtoj bemorlar yashil yo‘lak orqali zarur bo‘limga o‘tishadi va shu yerda to‘liq ko‘rikdan o‘tib, zarur muolajaga yuboriladi. O‘rta og‘irlikdagi bemorlar uchun maxsus koykalar va zarur jihozlar keltirilgan. Ya’ni, ular shu yerning o‘zida to‘liq ko‘rikdan o‘tib, tegishli bo‘limga o‘tkaziladi.

O‘ta og‘ir bemorlar uchun shoshilinch bo‘lim – birinchi qavatning o‘zida jarrohlik xonasi tashkil etildi. Bir paytlar ilk tibbiy yordam ko‘rsatish uchun soniyalar lozim bo‘lgan bir paytda shifokorlar og‘ir ahvoldagi bemorni to‘rtinchi qavatga olib chiqishi, zudlik bilan jarrohlikni amalga oshirish uchun esa yana bir nechta tekshiruvlarni turli xonalarda amalga oshirishi lozim edi. Bu esa nafaqat vaqt, balki kimningdir hayotini yo‘qotishga ham olib kelishi mumkin edi. Yangi binoda birinchi qavatning o‘zida eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan jarrohlik xonasining tashkil etilishi – bu xalqaro andazalarga mos tez tibbiy yordam xizmati ko‘rsatilishi demakdir.

Shu o‘rinda Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Samarqand filialining yangi binosi bo‘yicha ba’zi ma’lumotlarni keltirib o‘tsak: Samarqand tumani Qorasuv massivida joylashgan. 2019-2023 yillar davomida 103,3 milliard so‘m budjet mablag‘lari hisobiga qurilgan. 330 statsionar o‘rin bo‘lib, 45 ta reanimatsion koykaga ega. Oylik qatnov 10 ming nafarni tashkil etadi. Shifokorlar 276 nafar bo‘lib, o‘rta tibbiyot xodimlari 669 nafar.

Xalqaro standartlarga javob beradi

- Shuni alohida ta’kidlashni istardimki, markazimiz faoliyatini olimlarning ilmiy salohiyati bilan chambarchas bog‘lab olib boradi, – deya suhbatni davom ettiradi Tolib O‘sarov. – Bugungi kunda filialda 3 nafar tibbiyot fanlari doktori, 11 nafar tibbiyot fanlari nomzodi faoliyat olib bormoqda. Uch nafar xodimimiz doktorlik, ikki nafari esa nomzodlik ishi ustida ishlamoqda.

O‘nlab shifokorlarimiz keyingi yillarda doimiy ravishda xorijdagi yetakchi tibbiyot muassasalarida malaka oshirib kelmoqda. Yangi tibbiy uskunalarning keltirilishi davolashning zamonaviy usullaridan foydalanishni taqozo etmoqda. Bugungi kunda shifokorlarimiz   yiliga 12500 ga yaqin jarrohlik amaliyoti, shu jumladan, 5000 ta kam invaziv (endoxirurgik, endourologik, artroskopik, endoginekologiya, bolalar jarrohligi, travmatologik, qon-tomir va mikroxirurgik jarrohlik, torokal jarrohlik hamda neyroxirurgik) yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshirmoqda.

Shu o‘rinda bir misolni aytib o‘tsam. O‘tgan yili malaka oshirish uchun Germaniyadagi tez tibbiy yordam shifoxonalarida bo‘lganimizda u yerdagi shart-sharoit, qisqa vaqt ichida bemorga sifatli yordam ko‘rsatish xizmati nechog‘lik takomillashganiga guvoh bo‘lgandik. Qaniydi, bizning markazimizda ham shunday sharoitlar yaratilsa, deya orzu qilganmiz. Buni qarangki, mana oradan ko‘p vaqt o‘tmay, xuddi shunday markazga ega bo‘ldik. Hech mubolag‘asiz aytishim mumkinki, filialning hozirgi ko‘rinishi, undagi shart-sharoitlar, zamonaviy uskunalar Germaniyada biz ko‘rgan klinikadan deyarli farq qilmaydi.

Markazni aylanarkanmiz, u yerda eng so‘nggi rusumdagi zamonaviy jihozlar, ayniqsa, bugun ko‘p bemorlar tashxisi uchun lozim bo‘lgan MSKT apparatining so‘nggi rusumdagisi, yana bir rentgen uskunasi ishga tushganiga guvoh bo‘ldik.

E’tiborli jihati bemorlarning yaqinlari kutishlari uchun alohida xonalar va sharoit yaratilganida. Ularning holidan xabar oluvchilar bemorlar kirib kelayotgan eshikdan emas, boshqa tomondan kirishlari uchun sharoit yaratilgan.

E’tirozlarga izohlar

Darvoqe, yuqoridagi e’tirozni ham bildirib o‘tganimizda shunday izoh oldik.

- Avvalo, shuni qayd etish kerakki, markazimizga murojaat etuvchilarning 75 foizi viloyatning turli shahar va tumanlaridan kelgan bemorlar sanaladi, –  deydi T.O‘sarov. – Ya’ni, mazkur hudud shunchaki, o‘z-o‘zidan tanlanmagan, barcha statistik raqamlar va tahlillar amalga oshirilgach, shunday qarorga kelingan. Qorasuv turli hududlardan keluvchi bemorlar uchun qulay joy hisoblanadi. Shahar ichida avtomobillarning tig‘iz qatnovi bugun ilgarigidan bir necha barobar ortgan. Shu nuqtai nazardan mazkur hudud bemorlar kelishi uchun eski joyidan ko‘ra qulayroq ham. Shifoxonaga olib keluvchi mavjud yo‘ldan foydalanishga ruxsat berishlarini so‘rab bildirgan takliflarimiz inobatga olinishi kutilmoqda.

Yaxshi bilasiz, shoshilinch yordam ko‘rsatish lozim bo‘lgan bemorlar shikoyati asosan yurak-qon tomir xastaliklari bilan bog‘liq. Samarqand shahrida joylashgan viloyat kardiologiya shifoxonasida shunga ixtisoslashgan bir bo‘limimiz faoliyat ko‘rsatadi. Ya’ni, agar shu turdagi xastalik bilan Samarqand shahri ahli orasida chaqiruvlar bo‘lsa, ularga hech qiyinchiliksiz shu bo‘lim shifokorlari tezkor xizmat ko‘rsatishi mumkin.

Tez tibbiy yordam faoliyatida keyingi yillarda sodir bo‘lgan yana bir muhim voqeani ta’kidlab o‘tmasam bo‘lmaydi. Shu yilning o‘zida Bulung‘ur, Urgut, Ishtixon, Paxtachi tumanlari tibbiyot birlashmalarida politravma bo‘limlari tashkil etildi. Turli darajada, zudlik bilan tibbiy muolaja talab etadigan jarohatlar shu yerning o‘zida bartaraf etilishi uchun sharoit yaratilgan.

«Xavosi» o‘rnida nima bo‘ladi?

Ijtimoiy tarmoqlarda shu masala yuzasidan ham bahs-munozaralarga ko‘zimiz tushdi. Shaharning qoq markazi bo‘lgan ushbu kattagina hudud uddaburon tadbirkorlarga nasib etadi, deya fikrlovchilar ham yo‘q emas. Unday emas ekan. Mutasaddilarning fikriga ko‘ra, ushbu hudud o‘rnida hozircha Samarqandda mavjud bo‘lmagan uchta yirik tibbiy-ilmiy markazlarning filiallari faoliyat ko‘rsata boshlaydi.

Gulruh MO‘MINOVA.

***

Ushbu maqola xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi granti loyihasi asosida tayyorlandi.