“Tez yordam”ning shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi 95 foizga yetdi
Mamlakatimizda shoshilinch tibbiy yordam tizimini jadal takomillashtirish, mazkur yo‘nalishdagi ishlarning tezkorligi, sifat va samaradorligini yanada oshirish, kadrlar salohiyatini yuksaltirish, ilm-fan yangiliklarini tibbiyot amaliyotiga keng tatbiq etishga katta e’tibor qaratilmoqda.
Islohotlar samarasi o‘laroq, mamlakatimizda “tez yordam” xizmati va tibbiyotning birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari o‘rtasida integratsiyani kuchaytirish va muvofiqlashtirish ham doimiy e’tiborda. So‘nggi yillarda bir qator qishloq oilaviy poliklinikalarida “tez yordam” shoxobchalari ochildi. Joylashuvi bo‘yicha 1500 ga yaqin birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida “tez yordam” mashinalarining mavjudligi ham fikrimizning dalilidir.
Bugungi kunda yurtimiz bo‘ylab faoliyat yuritayotgan sayyor brigadalarning soni 2684 tani tashkil qilmoqda. Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tez tibbiy yordam xizmatining shifokorlar bilan ta’minlanganlik darajasi respublika bo‘yicha 95 foizga ko‘tarildi. Jumladan, Buxoro va Namangan viloyatlarida bu ko‘rsatkich 100 foizga, Andijon viloyatida 99 foizga, Samarqand viloyatida esa 98 foizga yetgan.
Respublika bo‘yicha “103” xizmatining o‘rta tibbiyot xodimlari bilan ta’minlanganlik darajasi esa 2020 yil oxirida 98 foizga yetdi. Shundan 11 ta hududda ushbu ko‘rsatkich 100 foizni tashkil qilmoqda.
Quvonarlisi, “103” xizmatida faoliyat yuritayotgan 13 ming nafarga yaqin shifokorlarning 4388 nafari yuqori malaka toifasiga ega, 2230 nafari 10–20 yillik, 1818 nafari esa 20 yildan ortiq stajga ega.
Mamlakatimiz tez tibbiy yordam xizmati tizimida 28,4 ming nafardan ortiq o‘rta tibbiyot xodimlari ishlayotgan bo‘lsa, ularning 39 foizdan ortig‘i malaka toifasiga, qolaversa, ularning 6155 nafari 5–10 yillik, 5784 nafari 10–20 yillik hamda 4368 nafari 20 yildan ortiq ish tajribasiga ega.
Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.