Yer – xazina, yer – nasiba

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasining qishloq xo‘jaligi bilan bog‘liq qismi nafaqat soha rahbarlari, balki dehqonlar, qayta ishlovchilarga ham o‘z faoliyatiga ijodiy yondashishni talab etadi. Ayniqsa, paxta va g‘alla yetishtirishda davlat buyurtmasidan voz kechilayotgan bir paytda eksportbop mahsulotlar yetishtirishni o‘rganishimiz zarur.

Bu borada dehqonlarga davlatning moliyaviy yordam berayotgani juda muhim. Misol uchun, bu yil 2 million dollarlik, keyingi 5-7 yilda esa 3-4 baravar ko‘p meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish rejalashtirilmoqda. Bu sohada to‘liq klaster tizimi yaratiladi, «Kooperatsiya va klasterlar to‘g‘risida»gi qonun qabul qilinadi.

Meva-sabzavotchilik, uzumchilik, urug‘chilik, chorvachilik, agrologistikani rivojlantirish, suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish, ilmiy-tadqiqot ishlari uchun bir yilda davlat 3 trillion so‘m mablag‘ ajratyapti. Suvni tejash texnologiyalarini joriy etish uchun esa 300 milliard so‘m subsidiya beriladi.

Mutaxassis sifatida aytamanki, bu yordam dehqonlar uchun juda katta madad. Bu imkoniyatdan oqilona foydalanish zarur. Muhimi, soha xodimlari mas’uliyati va malakasini oshirish, zamonaviy kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish, jahonning tarmoqdagi eng ilg‘or kompaniyalari bilan hamkorlikni o‘rnatish kerak.

Jumladan, biz keyingi ikki yilda mahsulot eksportini 30 foizga oshirdik. 33 xildagi qayta ishlangan, qadoqlangan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini Rossiya, Hindiston, Xitoy va qo‘shni davlatlarga eksport qilyapmiz. Bundan tashqari, bog‘dorchilik assotsiatsiyasi tuzdik. Assotsiatsiyada AQShdan mutaxassis chaqirib, sohada katta tajriba orttirgan 50 nafar dehqon zamonaviy klaster tizimi va texnologik jarayonlarni o‘zlashtirish uchun o‘qitildi. Ular o‘rganganlari asosida hozirda joylarda bog‘bonlarga tushunchalar beryapti.

Shavkat JALOLOV,

Oliy Majlis Senati a’zosi, “Agromir group” direktorlar assotsiatsiyasi kengashi raisi.