Erdosh Ahadovni yod etib

Payariqlik jurnalistlar va jamoatchi muxbirlar o‘rtasida tumanimizda turli sohalarda rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritgan taniqli yurist Erdosh Ahadovning xotirasiga bag‘ishlab shaxmat bo‘yicha xotira turniri o‘tkazildi.

Xalq deputatlari tuman kengashi raisi, "Payariq hayoti" gazetasi muharriri A.Tavboyev, “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limi raisi o‘rinbosari B.Xidirov, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘linmasi rahbari N.Xolmaxammatova, Erdosh Ahadovning singlisi  J.Ahadova tajribali huquqshunosning hayoti, ibratli ishlarini yodga oldilar.

– Ahadovlar tumanimizning ibratli, ziyoli oilasi hisoblanadi, - dedi Azamat Tavboyev. – Sulolaning katta vakillaridan biri Erdosh aka ham ma’rifatga juda katta e’tibor qaratardi. Ayniqsa, ommaviy axborot vositalari, jurnalistlar bilan yaqin hamkorilik qilar, o‘zi ham qog‘oz qoralab turardi. Bugun, shaxmat musobaqasa bahonasida Erdosh aka bilan bog‘liq xotiralarni eslayapmiz, u kishining ibratli hayoti, faoliyatini yoshlarga namuna qilib ko‘rsatyapmiz. Fursatdan foydalanib, ushbu musobaqani tashkil etgan Jibak opa va Baxtiyor Primovga, Erdosh akaning farzandlari Bahodir, Murod, nabirasi Aslbek Erdoshevlarga minnatdorlik bildiramiz.  

Erdosh Ahadov Payariqning asl farzandlaridan edi. U 1946 yilda Oqtosh (avvalgi Ahad Primov) mahallasida tug‘ilgan. Otasi Ahad bobo va onasi Ulbozor Primovalarning tarbiyasini olib, unda ilmga ishtiyoq kuchaydi. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston milliy universitet)ning yuridik fakultetida o‘qidi. Universitetni muvaffaqiyatli tugatgach, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarda tergovchi, prokuror bo‘lib ishladi. So‘ngra o‘tgan asrning 90-yillarida tumanimizdagi "O‘zbekiston", Bopil Hasanov nomli xo‘jaliklarni boshqardi, Payariq tuman hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishladi. Nafaqaga chiqqandan so‘ng advokatlik qilib, huquqiy ko‘makka muhtoj fuqarolarga yuridik xizmat ko‘sratdi. Erdosh aka qayerda, qaysi lavozimda ishlamasin yurt uchun, qonun ustuvorligini ta’minlash uchun mehnat qildi. Shu tufayli el o‘rtasida obro‘-e’tibor qozondi.

– Erdosh akam hayot bo‘lganlarida bu yil 80 yoshga to‘lgan bo‘lardilar, - deydi singlisi Jibak Ahadova. - Jurnalistika bo‘yicha o‘qib, gazetachilikning sir-asrorlarini o‘rganishim, bu kasbga mehr qo‘yishimda akamning hissasi katta bo‘lgan. U kishi birinchi ustozim desam ham bo‘ladi. Chunki endi esimni taniy boshlaganimda akam yuqori sinfda o‘qir, maktab hayotiga oid xat-xabarlar yozib turar, yozgan xabarlari tumanimiz gazetasida bosilib turardi. Meni ham hat-xabar yozishga, ko‘p kitob o‘qishga undardilar akam. 

Qizg‘in kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, jamoatchi muxbir Rahmatulla Qorjovov birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Asomiddin Ochilov va O‘ktam Nazarov keyingi o‘rinlarni band etishdi. 

Turnir g‘oliblari va barcha ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib rag‘batlantirildi.

Husniddin XOLDOROV.