Erishganimiz nima-yu, vazifamiz qanday?

O‘tayotgan har bir kun bizni mustaqillikning 29 yilligi ayyomiga tobora yaqinlashtirmoqda. Ayni shunday shukuhli damlarda ortga bir nazar tashlash, bosib o‘tilgan yo‘limizdan asosli xulosalar chiqarish maqsadga muvofiq.

Zero, har qancha balandparvoz ko‘rinmasin, mustaqillik nafaqat ma’naviy-ruhiy, balki iqtisodiy tomondan ham buyuk voqelik. Chunki, aynan istiqlol tufayli tabiiy resurslarimiz va boshqa ko‘plab imkoniyatlarimizni xalqimiz farovonligi uchun safarbar qilishga muvaffaq bo‘ldik.

Ammo o‘tgan davr tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, faqat resurslardan oqilona foydalanishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun reja va dasturlarni, eng muhimi har bir sohadagi islohotlarni uzoqni ko‘zlab amalga oshirish talab etiladi. Xususan, investitsiya rivojlanish, olg‘a yurish uchun yo‘naltirilmasa, natija omonat bo‘ladi.

Qolaversa, insonni ma’nan va intellektual jihatdan o‘stirish, iqtisodiy faollikka intilishini qo‘llab-quvvatlash, qobiliyati va rejalarini ro‘yobga chiqarishi uchun imkoniyat yaratish katta ahamiyatga ega. Negaki, fuqarolar o‘zini iqtisodiy jihatdan erkin his etmas ekan davlat va jamiyat bora-bora boshi berk ko‘chaga kirib boraveradi. Buni birgina yaqin tariximiz misolida ham o‘z tajribamizdan o‘tkazdik.

Tan olish kerakki, keyingi uch-to‘rt yilda ana shu muhim masalalarda qator yutuqlarga erishildi, aniqrog‘i, uzoq kutilgan o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Birinchidan, shubhasiz, konvertatsiya masalasining bosqichma-bosqich hal etilishi bo‘ldi. Bu ham davlatga, ham fuqarolarga, qo‘shimchasiga xorijiy davlatlarning bizga munosabatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Natijada iqtisodiyotga og‘ir yuk bo‘lib kelgan, korrupsion holatlarning haddan ortiq kuchayib ketishiga olib kelgan ikki-uch xil o‘lchovlardan qutuldik. “Rasmiy kurs”, “ko‘cha kursi”, degan, qoloq davlatlardagina uchraydigan tushunchalardan uzoqlashdik.

Ikkinchidan, respublika bo‘yicha naqd pul muomilasi izga tushirildi. Rosti shuki, bu xalqimizni qiynab kelgan, ish haqi yoki nafaqasidan boshqa daromadi bo‘lmagan aholi qatlamining qadrini yerga urgan dahshatli muammo edi. Bank plastik kartasiga nafaqasi tushgan yolg‘iz odam uni naqdlashtirish uchun do‘konma-do‘kon sarson yurardi. Naqdlashtirish foizlari 10, 15, hatto undan ham yuqori bo‘lardi.

Bu “foiz”lar iqtisodiyotda ham yomon asoratlar qoldirib kelayotgandi.

Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida moliyaviy munosabatlarni erkin amalga oshirish uchun bankomatlar o‘rnatilmoqda, kartadagi mablag‘ni naqdlashtirish muammosiga barham berildi.

Umuman olganda, moliyaviy munosabatlardagi cheklovlar, har xil sun’iy to‘siqlar birma-bir olib tashlanmoqda. To‘g‘ri, kredit mablag‘larini onlayn olish, elektron xaridlar va boshqa moliyaviy munosabatlarni yumshatish bo‘yicha hali oldinda vazifalar ko‘p. Shu bois, to‘xtab qolishga, xotirjamlikka berilishga haqqimiz yo‘q.

Muhimi, iqtisodiy erkinlik natijasida fuqarolarimiz turli sohalarda yangi imkoniyatlarni qidirib topishga, o‘z loyihalarini amalga oshirishga, katta-katta qo‘shimcha qiymat yaratishga qodir bo‘lyapti. Shu bois, iqtisodiyotni erkinlashtirish bo‘yicha ko‘plab vazifalar belgilangan, aniq rejalar tuzilgan. Mustaqillik bayramimizning qutlug‘ 30 yillik sanasini nishonlayotganimizda iqtisodiyotni erkinlashtirish, fuqarolar uchun qulay muhit yaratish borasidagi yutuqlarimiz yanada ko‘proq bo‘ladi, deb ishonaman.

Sherbek BO‘RONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

deputati, O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.