Erkaklar orasida o‘z joniga qasd qilish to‘rt baravar ko‘proq

Dunyo bo‘yicha har yili bir necha yuz minglab odamlar suitsid (o‘z joniga qasd qilish) harakatlarini sodir etishi hisoblab chiqilgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi ming yillik davomida suitsid tufayli olamdan ko‘z yumganlar soni urush, jangovar harakatlar va zo‘ravonlik yo‘li bilan odam o‘ldirish qurbonlarining umumiy sonidan ham oshib ketgan.
Tangri taolo faqat bir marotaba bizga in’om etgan hayotimizning bahosi qancha o‘zi? Nahot umrni go‘zal yashab o‘tish o‘rniga unga shunchalar adolatsiz munosabatda bo‘lsak. Suhbatdoshim – psixolog olim, professor Fazliddin Haydarov o‘z joniga qasd qilishga olib keluvchi ruhiy holatni mutaxassis sifatida quyidagicha sharhlaydi:
- O‘z joniga qasd qilish ko‘pchilik o‘ylaganidek faqat psixik buzilishlari bor odamlar tomonidan sodir etilmaydi. Kuzatishlar natijasiga ko‘ra, suitsidni amalga oshiradiganlarning 15 foizi ruhan sog‘lom kishilardir. 20-25 foiz hollarda suitsidlar alkogol yoki narkotik moddalar qabul qilish ta’siridagi mastlik holatida ro‘y beradi. O‘smirlar tomonidan sodir etilgan o‘z joniga qasd qilish harakatlariga ko‘pincha oiladagi va tengdoshlari bilan munosabatlardagi chalkashliklar, kutilmagan moliyaviy tanglik, ish yoki o‘qishdagi muammolar, toptalgan nomus, ijtimoiy izolyasiya (odamlardan ajralib qolish) yoki bedavo kasalliklar sababchi bo‘ladi.
Ta’kidlash joiz, yoshlar va o‘smirlar kattalarga qaraganda suitsidga ko‘proq qo‘l uradi. Erkaklar orasida o‘z joniga qasd qiluvchilar ayollarga qaraganda 4 barobar ortiqroq.
Suitsidning yana bir ko‘rinishi borki, u ham bo‘lsa darhol o‘limga olib kelmaydigan, lekin hayot uchun xavfli yoki umrni qisqartiradigan xatti-harakatlar sodir etiladi. Masalan, doimiy tarzda ichkilikbozlik, kashandalik, giyohvandlik, jiddiy kasalliklarda tibbiy yordamdan voz kechish, yo‘l harakati qoidalari va xavfsizlik texnikasiga amal qilmaslik, turli xavf-xatarga bepisandlik oqibatida kishilar o‘zlariga zarar yetkazib, olamdan barvaqt ko‘z yumadi.
- Yaqinda vodiylik bir ayolning o‘zini kanalga tashlash oldidan qo‘l telefoniga yozib qoldirgan ovozli xabari internetda tarqalib ketdi. ”Men shu ishni qilishga majburman. O‘yinda o‘n besh million so‘m yutqazib qo‘ydim. Buncha pulni topib berolmayman”, debdi u. Yana bir onaning o‘zi bilan birga bolalarining ham joniga qasd qilishidan avval buni videotasvirga olib uzoqdagi kishisiga uzatishi... Bu singari hodisalar qanday o‘y-kechinmalarning mahsuli ekaniga ko‘pchiligimiz tushunmaymiz...
- Psixologiya fanida “namoyishkorona”, ya’ni “psevdosuitsid” atamasi bor. Bunday payt kishining miyasida hayot bilan vidolashishdan ham ko‘ra boshqalarning e’tiborini o‘ziga jalb qilish fikri birinchi o‘rinda turadi. Aslida suitsidni amalga oshiradiganlarning qariyb 60 foizi yuqori darajadagi depressiya (kuchli ruhiy bezovtalik) holatida bo‘lishadi.
Uzoq yillik tadqiqot natijalariga ko‘ra, suitsidga olib keladigan asosiy sabablar – kutilmaganda aldanish, yaqin kishisining o‘limi, mutlaqo yolg‘izlanib qolish, tadbirkorlik faoliyatining kutilmaganda sinishi, ishsiz qolib, obro‘-e’tiborning yo‘qolishi, shaxs sirlari uning roziligisiz ommaga oshkor qilinishi, hayotga qiziqishning yo‘qolishi, yashashdan charchash singarilardir. Odamda bir nechta psixik kasalliklar kuzatilganda ham suitsid xavfi ancha yuqori bo‘ladi.
- Hayotsevarlik fazilati insonni har qanday vaziyatda kuchli va irodali, sabr-bardoshli bo‘lib yashashga undaydi. Tarixga nazar tashlasak, jismoniy harakat qilish qobiliyati cheklangan ko‘plab kishilar nogiron ekanliklariga qaramay, hayotda katta muvaffaqiyatlarga erishganliklarini ko‘ramiz. Qo‘lsiz, oyoqsiz bo‘lishsa-da, yuzlarida hamisha tabassum... Faylasuf Milton ko‘zlari ojiz bo‘la turib “Inson tafakkuri qalbidadir, uning o‘zi jannatni do‘zaxga, do‘zaxni jannatga aylantira oladi”, degan so‘zlarni bundan uch yuz yil avval yozib qoldirgan. Eshitish, ko‘rish va gapirish qobiliyati bo‘lmagan Elen Keller o‘z ustida qattiq ishlagan, hatto kitob ham yozgan, u doim yonidagilarga “Kunlarim qanday ajoyib o‘tyapti”, deb ta’kidlar ekan. Bugungi suitsidlar hayotga nisbatan shukronalik hissi kamayganidanmi yoki oiladagi muhit nosog‘lomligi tufayli ro‘y berayotganmikin, nima deysiz?
- Aslida suitsidga moyillikda kishining fe’l-atvori muhim rol o‘ynaydi. Inson yoshlikdan o‘z irodasini chiniqtirishi, depressiv holatlarda o‘zini qo‘lga ola bilishi, miyasidagi manfiy fikrlarni yaxshi tomonga o‘zgartirishi kerak.
Odam stresslarni yengib, hayotga ochiq chehra bilan boqsa, odamlar unga yaxshi munosabatda bo‘ladi. Qarabsizki, muammolar darrov hal bo‘ladi. Unutmaslik kerak, odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy mustahkam aloqalar suitsid xavfini kamaytiradi.
Xonadonlarda har bir oila a’zosiga e’tiborli bo‘lish, ularning kundalik xatti-harakatlarini kuzatish lozim. Qaysidir sabab tufayli psixik buzilishlar sezilsa, darhol mutaxassislarga murojaat etish va davolash suitsidning oldini olishda muhim o‘rin tutadi.
Umidsizlik va tushkunlikka tushib qolgan kishilarga psixolog (asosan psixiatr) yordami zarur bo‘ladi. Odamning muammolari, uni qiynayotgan narsalar bilan qiziqib ko‘rib, unga yordam qo‘lini cho‘zish kerak. Bunday nazoratga ayniqsa, o‘smirlar muhtoj. Oilalarda alkogolizm yoki narkomaniya bor bo‘lgan hollarda ularga qarshi kurashish lozim.
- Tibbiyotda “profilaktika” degan termin mavjud bo‘lib, u kasallik avj olishiga qarshi bo‘lgan zaruriy choradir. Suitsid amalga oshirilmasligi uchun qanday profilaktika olib borgan ma’qul?
- Oilalarda suitsidal xavf-xatarga olib keladigan depressiv holatlarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Buni albatta, bolalardan boshlash lozim. Masalan, o‘n ikki-o‘n to‘rt yoshlilarda ham suitsid alomatlari sezilishi kuzatilgan. Bunday payt ularda turlicha ruhiyat buzilishlari kuzatiladi, ya’ni xulq-atvorida zerikish, chekish, ichish, daydilik, intizomsizliklarni ko‘rish mumkin.
O‘n olti yoshlilar bunday hollarda “kasallik” bahonasida darslarga bormay qo‘yadi, kattalar bilan muloqotga kirishishi qiyinlashadi. Ularda o‘qishdagi qiyinchiliklar ko‘payadi, qiziqishlari yo‘qoladi, maktabga borishni davom ettiradi, avvalgidek yashashga intiladi, biroq eplay olmaydi. O‘zaro nizolarni ham og‘ir qabul qiladi. Suitsidal harakat ularda emotsional zo‘riqish vaqtida emas, balki ruhiy jarohatdan so‘ng amalga oshiriladi.
O‘n sakkiz yoshlilardagi suitsidal harakatlar o‘zaro nizolar bilan aloqador emas, balki o‘lim va hayot haqida uzoq davom etgan fikrlash oqibatida sodir etiladi. Ular suitsidni amalga oshirishda muvaffaqiyatsizlikka uchrasa, keyinchalik yana shu holatni takrorlashi mumkin.
Goho yoshlar “men bo‘lmasam, hammaga yaxshi”, “ular menga qilgan qilmishlari uchun hali afsuslanadilar”, “men hech kimga kerak emasman”, degan gaplarni tez-tez takrorlaydigan bo‘lishadi. Ularda uyqusizlik, bosh og‘rishi, doimiy charchoq, tashqi ko‘rinishiga e’tiborsizlik, arzimagan narsalar uchun g‘azablanish, aybdorlik va yaqinlaridan zerikish holatlari kuzatiladi. Bunday vaziyatlarda ota-onalar, yaqin odamlari, oila shifokori va mutaxassis-psixologlar, psixiatrlar ularning gapini bo‘lmasdan tinglab, butun e’tiborini qaratib, rejali ravishda psixologik yordam ko‘rsatishi juda zarur.
Depressiyadan aziyat chekayotganlarga shunday psixologik iqlim yaratish kerakki, ular o‘zini hech qachon yolg‘iz his etmasin. Bu juda jiddiy masala bo‘lib, atrofdagilardan sezgirlik va hushyorlikni talab qiladi. Aslida biz sog‘lom fikrlashga qodir farzandlarni voyaga yetkazishimiz darkor, bu orqali jamiyatning ma’naviy sog‘lomligini ham ta’minlagan bo‘lamiz.
- Ruhiy tushkunlik holatida autotrening mashqlarini bajarish orqali noxush vaziyatni bartaraf etish mumkin ekan. Siz qanday mashqlarni tavsiya etasiz?
- Bir nechta jismoniy mashqlar borki, ularni bajarish davomida asab tizimi mustahkamlanadi, toliqish bartaraf etilib, kayfiyat ko‘tariladi. Ko‘krak qafasi uchun mashq shunday bajariladi: Avvalo, tanani bo‘shashtirib, chuqur nafas oling. Yana bir marotaba chuqurroq nafas olib, uni bir oz chiqarmasdan turing (bir, ikki, uch). Keyin yengil nafas oling, o‘z me’yoridagi holatingizga qayting...
O‘ylab ko‘ring-chi, nafas olganingizda ko‘krak qafasingizda biroz og‘riq sezdingiz, shundaymi? Mashqni yana bajarib ko‘ring, shunda ko‘krak qafasingizdagi barcha og‘riqlar yo‘qolib, o‘zingizni birmuncha yaxshi his eta boshlaysiz. Go‘yoki ko‘ksingizni bosib turgan og‘ir toshdan xalos bo‘lgandeksiz. Shunda ko‘ngil tubidagi ezgu orzularingizni eslang, “men ularga albatta, erishaman, bundan keyingi umrim go‘zal o‘tadi”, deb ich-ichingizda takrorlang. Ikkala mashqni ham kuniga bajaring. Qarabsizki, ko‘p o‘tmay hayot siz uchun atab qo‘ygan o‘z mo‘’jizalarini ko‘rsata boshlaydi...
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Gulchehra JAMILOVA suhbatlashdi.