Erkin Komilov: Onam yigirma ikki farzandni dunyoga keltirgan, men o‘n to‘qqizinchisiman

O‘zbekiston xalq artisti, aktyor Erkin Komilov bilan "Vatanparvar" gazetasining ijodkorlari suhbat uyushtirdi. Dilkash, obrazli, ibratli so‘zlar, she’r va hikmatlarga boy suhbat nafaqat bizning, balki siz aziz o‘quvchilarning ham yodidan chiqmasa kerak, deb yozmoqda nashr.

"Har bir narsa bejizga emas, hikmati bo‘ladi. Shuning uchun men, avvalo, nima uchun armiyadan qolganimni aytib beray sizlarga, – dedi Erkin aka samimiyat bilan. – 1968 yil sochimni oldirib, qopga narsalarimni solib teatrga keldim. Meni bu ahvolda ko‘rib, ustozim Shukur Burxonov:

- Sochingga nima qildi? – dedi.

- Armiyaga olib ketishayapti, shunga xayrlashgani keldim, – dedim.

- Iya, Hoqon nima bo‘ladi? – dedi Shukur aka. O‘sha paytda “Shox Edip” da Hoqon rolini ijro etayotgandim.

- Buyoqqa yur-chi, – deya direktorimiz Shayhontohur tumani voyenkomatining oldiga borib, “Bu bolani armiyadan olib qolish kerak, 3 yil armiyaga ketsa, ish nima bo‘ladi?” – deya armiyadan olib qoldi. U paytlarda  armiyadan qolish hazilakam ish emasdi. O‘sha davrlarda yigitlar Ukraina, Belorussiya, Germaniya kabi o‘lkalarda xizmat qilib yigitlik kuchining qaymog‘ini begona yurtlarga sarflashardi.

Mustaqillik bizga nima uchun, kim uchun xizmat qilish kerakligini anglatdi. Yaqinda voha tomonlardagi harbiy qismlarda xizmat safarida bo‘ldim. Ko‘rdim, tanishdim. Kurortga o‘xshaydi sharoitlari. Dunyomiz notinch, lekin shukrki yurtimiz tinch. Yurt himoyachilari bor ekan, biz xotirjam uxlayapmiz. Askarning ota-onasi ham bezovta emas. O‘z yurtini qo‘riqlayotgan o‘g‘lidan ko‘ngli to‘q. Ilgari armiyaga kuzatish, xuddiki urushga kuzatishdek bo‘lardi. Onalar yig‘lagan, “Ilohim, eson-omon borib kelgin!” deyishardi.

Yurtboshimiz bugun zamon qahramonlarining siymosini yarating, deb aytyapti. Dramaturglarimiz bunday qahramonlarni nafaqat konchilar orasidan, paxtakorlardan, balki osoyishtaligimizni asrab turgan, chegarada tong orttirayotgan, postda turib, har bir narsadan, kimsadan ogoh bo‘lgan posbonlar orasidan izlashi kerak. Yaqinda Buxorodagi harbiy qismga Yodgor Sa’diyev bilan bordik. Yangidan barpo etilgan harbiy qism, undagi qulayliklarni ko‘rib, zavqimiz oshdi. Harbiy xizmatchilarning ko‘zlariga qarasangiz, birortasida g‘am yo‘q, nigohlari kulib turibdi. Bayramda ular she’r aytishdi, birga raqsga tushdik. Bu nimadan dalolat? Bu yurtimizning osoyishtaligidan, farovonligidandir. Mirzo Ulug‘bekning bir gapi bor: “Zamonamiz g‘oyat notinch, bizga lozim zabardastlik, birlik va idrok. Bu fursatda olomonga g‘alayon solib, bizga qarshi qo‘zg‘otganlar zamonamiz yovuzlari, munofiqlari, riyokorlari…” deydi. Yon-atrofimizdagi hodisalarni ko‘rib, mamlakatimizning tinchligiga shukr qilaman. Qarang, Yevropada muzqaymoq tayyorlash uchun milliardlab mablag‘ sarflanayapti. Afrikada esa bolalar ochlikdan vafot etyapti. Eng kuchli olimlar so‘nggi rusumli qurol ishlab chiqarish uchun bosh qotiryapti. Bugun urush ko‘rmagan yurtlar sanoqli. Vatanimizda odamlar bolalarini yetaklab bog‘chaga boryapti, yoshlarimiz entikib Baxt uylariga oshiqayapti. Hech kimda qo‘rquv yo‘q, ko‘chalarimizda tanklar, o‘q ovozi yo‘q. Hozirgi bolalarimiz biz ko‘rgan haqoratlarni, kamsitishlarni ko‘rmagan.

Onam 22 ta farzandni dunyoga keltirgan, men o‘n to‘qqizinchisiman. Hamma bolalari qizamiqdan, tepkidan o‘lavergach, otam ismimni avval Tangriberdi, keyin esa polvon bola, erkin bo‘lib o‘ssin, deya Erkin qo‘yishgan ekan. Urushdan keyingi qahatchilikni, ochlikni, anduhni biz ko‘rganmiz. Bolaligimda bitta siyohdonimiz bo‘lardi, singlimning maktabdan kelishini kutib o‘tirardim. Siyohdonni olib, keyin maktabga ketardim. Odamlar dasturxonga 2 ta turshak, bir hovuch mayiz bilan bir burda zog‘ora nonni qo‘yib, mehmonni kutib olaverardi. Oqibat yaxshi edi-da, u paytlar. Hozir dasturxonimizda yo‘q narsaning o‘zi yo‘q, to‘kin, lekin ayrimlar borgan joyidan, “palon narsani qo‘ymapti” deb chiqib ketishyapti. Bu noshukurlik emasmi, qizim?

Ey, odamzod faryodi,

Yaxshilikning bunyodi.

Zamon – Tangrini oti,

Zamonni yomonlama! – deydi shoir.

Bu dunyo yaralganiga to‘rt yarim milliard yil bo‘libdi. Hech kim topgan dunyosini u yoqqa olib ketmadi. Ollohning “Bandalarim, bir-biriga yaxshilik qilsa, muruvvat qo‘llarini cho‘zsa, qiyomat kunigacha yotgan yerlarini nur bilan obod qilaman!” degan va’dasi bor. Shuni unutmaylik ilohim.

Tilagim, yurtimiz hamisha tinch, xalqimiz salomat bo‘lsin. Vatanni ko‘z qorachig‘idek asrayotgan o‘g‘lonlarimizning shaxti-shijoatiga ko‘z tegmasin!"