Yerni talon-toroj qilganlar jazosini oladi
Saytimizda kecha – 23 fevralda Samarqand tumanining Xo‘jag‘unjoyish mahallasi hududidagi o‘rmon xo‘jaligiga qarashli yerlarni noqonuniy egallab olinayotgani xususida «Yerning uvoli ham, qarg‘ishi ham yomon» maqolasini e’lon qilgan edik.
Maqolada ko‘tarilgan masala yuzasidan Samarqand tumani prokuraturasi tezkorlik bilan munosabat bildirdi. Unda, jumladan shunday deyiladi:
«Samarqand tumani prokuraturasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 23-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 maydagi «Shaharsozlik faolitini amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun yer uchastkalarini berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 146-sonli qarori talablari bajarilishini o‘rganish maqsadida 2011 yildan 2018 yilning 6 oyigacha tuman hududiga qarashli o‘rmon xo‘jaligining «Dahbed» - 1-uchastkasidagi yer holati tekshirilgan. O‘rganishlar natijasida ushbu hududdagi o‘rmon fondi yerlari tarkibidagi terakzor, yong‘oqzor, bog‘ va ko‘chatxonalar hisoblangan 51 ball bonitetli, jami 57,9 gektar yer maydoni tuman hokimi qarori bilan noqonuniy ravishda fuqarolarga ajratib berilganligi aniqlangan. Mazkur holatlar yuzasidan tuman prokurori tomonidan tuman hokimining barcha noqonuniy qarorlariga protest kiritilishi ta’minlanib, qarorlar bekor qilingan.
Bundan tashqari, mazkur holatda «Samarqand» davlat o‘rmon xo‘jaligi, Samarqand tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi hamda tuman hokimligi mansabdor shaxslarining harakatlarida jinoyat tarkibi mavjudligi sababli Jinoyat Kodeksining 205-moddasi va boshqa moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirgi kunda viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda».