Eron prezidenti yadroviy kelishuvga rioya qilish shartlarini aytdi
Eron prezidenti Ibrohim Raisi Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron bilan telefon orqali muloqoti chog‘ida Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasi doirasida yadroviy kelishuvni saqlab qolish shartlarini aytdi.
Uning so‘zlarini Eronning Mehr agentligi keltirmoqda.
Davlat rahbari buning uchun barcha sanksiyalarni bekor qilish va Venadagi muzokaralar chog‘ida Tehronga bosimni to‘xtatish zarurligini ta’kidladi.
"Eron xalqiga siyosiy bosim o‘tkazildi va da’volar ilgari surildi, bu kelishuvga erishish istiqbollariga putur yetkazishi mumkin", dedi Raisi va Eronga qarshi "barcha yolg‘on da’volardan" voz kechishga chaqirdi.
Qayd etilishicha, prezident boshqa davlatlar tashabbuslarini ham ko‘rib chiqqan holda mamlakat aholisi huquqlarini kafolatlovchi konstruktiv takliflarni ilgari surgan.
Yelisey saroyi Vena muzokaralari yakunlariga ko‘ra taraqqiyotga erishilganini ma’lum qildi. Fransiya yetakchisi Emmanuel Makron ularning tez yakunlanishi va “vaqtni boy bermay” kelishuvga erishishiga umid bildirdi. Uning ta’kidlashicha, Eron imkoniyatdan foydalanishi va barchani qoniqtiruvchi Qo‘shma keng qamrovli harakatlar rejasini saqlash bo‘yicha siyosiy qarorlarni qabul qilishi kerak.