Ertaga Samarqand shahriga Past Darg‘om va Payariqdan avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi
Respublika maxsus komissiyasining qaroriga muvofiq, joriy yilning 15 iyunidan boshlab viloyatimizda «qizil» hudud hisoblangan Urgut tumanidan boshqa «yashil» hududga aylantirilgan barcha shahar va tumanlarda jamoat transportida shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobus harakatiga ruxsat berildi.
Erta tongdanoq viloyatimiz shahar va tumanlari bo‘yicha 101 ta yo‘lovchi tashuvchi avtobuslar shahar (tuman) va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha yo‘lga chiqdi. Ertadan boshlab esa Past Darg‘om va Payariq tumanlaridan Samarqand shahriga avtobuslar yo‘lovchi tashishni boshlaydi. Shuningdek, Samarqand shahrida ham 47 ta yo‘nalish bo‘yicha 156 ta avtobus aholiga xizmat qilishni boshladi.
- Korxonamizning zamonaviy 28 ta avtobuslari Samarqand shahridagi 5 yo‘nalishda xizmat ko‘rsatadi, - deydi “Arxideya motors” MChJ boshqaruvchisi Muzaffar Nasimov. - Bir hafta oldin 15 ta yo‘lovchi avtotransportimiz yo‘nalishlarga chiqqan bo‘lsa, bugundan barcha avtobuslar aholiga transport xizmati ko‘rsatishni boshladi. Malakali haydovchi va konduktorlar bilan ta’minlangan avtobuslar to‘liq dizenfeksiya qilinib, «Tezcard» tizimiga ulangan.
Viloyat transport boshqarmasidan olingan ma’lumotga ko‘ra, shahardagi 8, 13, 45, 50, va 61-yo‘nalishlarda yo‘lovchilar oqimi kam bo‘lganligi sabab bu yo‘nalishlarda jamoat transporti harakati to‘xtatildi.
Bugundan boshlab harakatga kelgan barcha avtobuslar yo‘lovchilari «Tezcard» tizimi orqali yo‘l haqini to‘lashlari mumkin.
Dilmurod TO‘XTAYeV.