Eskicha uslub bilan yangi tartib o‘rnatolmaymiz

To‘ylar haqidagi mavzu doim dolzarb muhokamalarga sabab bo‘ladi-yu, yana tutab-tutab o‘t olmagan cho‘g‘day so‘nib qoladi. Pandemiya sharoitida ko‘pchilik ixcham to‘ylarga ko‘nikkan bo‘lsa-da, dabdababozlik yana avj ola boshladi.

Xo‘sh, sabab nima?
Har bir muammoni hal qilish uchun uning sabablarini chuqur o‘rganish lozim bo‘ladi. Aslida to‘ylar bilan bog‘liq holatda o‘rganish ham shart emas. Chunki bu yillar davomida qonimizga singgan illatlardan. Dabdaba bilan obro‘ni o‘lchash, isrofgarchiliklar evaziga o‘zimizni ko‘z-ko‘z qilishdan boshqa emas, menimcha.

Ildizlar qayerda?
Birinchidan, Senat va Qonunchilik palatasi tomonidan ishlab chiqilgan tartib haliyam kuchda ekan, uning ijrosi nazoratiga mas’ullar avvalo to‘ylarni ixchamlashtirishni o‘zlaridan, o‘z oilalari, o‘z qarindoshlaridan boshlashi kerak. O‘zi dabdaba-yu as’asa bilan farzandiga to‘y qilsa, qanday qilib qolganlarga borib “nasihat” qilishi mumkin?
Ikkinchidan, ta’sirchan jamoatchilik nazorati bu yo‘nalishda deyarli sezilmaydi. Bu borada o‘z so‘zini ayta olishi kerak bo‘lgan mahalla raislari ko‘p holatlarda jarayonning tomoshabini bo‘lib turadi, xolos.

Nimalar qilish mumkin?
Birinchidan, to‘y o‘zbekchilikda juda kutiladigan va odamlarimiz hayotida muhim hisoblangan tadbir hisoblanadi. Shundan kelib chiqib, bu boradagi tartib-qoidalarga amal qilmaganlarga javobgarlik choralari ham bo‘lishi kerak. Afsuski, hozir bu yo‘q.
Ikkinchidan, targ‘ibot-tashviqot ishlarini samarali tashkil qilish lozim. Bunda an’anaviy kattalarning pand-nasihati sifatida emas, balki yoshlar umuman jamiyat faol foydalanayotgan ijtimoiy tarmoqlar va boshqa manbalarda videoroliklar, qisqa metrajli filmlar kabi formatlarda kontentlarni joylab, alohida piar-yurishlar amalga oshirilishi kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, eskicha usullar bilan qon-qonimizga singib ketgan odatlardan voz kecha olmaymiz.

Elyor Hamroyev,
"Yuksalish" umummilliy harakati viloyat bo‘limi rahbari, viloyat Kengashi deputati.