YeTTB prezidenti Odil Reno-Basso: “Samarqand bilan hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz”
Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso boshchiligidagi delegatsiya Samarqand shahrida bo‘ldi.
Mehmonlarni temir yo‘l vokzalida Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov kutib oldi. Shu yerda o‘tkazilgan suhbat chog‘ida O‘zbekistonning mazkur nufuzli moliya muassasasi bilan hamkorligi rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Jumladan, Samarqandda YeTTB ko‘magida amalga oshirilayotgan loyihalar va kelgusida hamkorlikda bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalar haqida so‘z yuritildi.
– Samarqandda zamonaviy infratuzilma yaratish, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish niyatidamiz, – dedi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso. – “Yashil shahar” tizimi bo‘yicha Samarqand shahrida ilk bor yangi loyihalarni amalga oshiryapmiz. Shahar aholisi va sayyohlarga qulayliklar yaratishga oid boshqa rejalarimiz ham bor va ularni birgalikda bajaramiz.
Ma’lumki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining 2023 yilgi anjumanini Samarqand shahrida o‘tkazish rejalashtirilgan. Delegatsiya a’zolari mazkur forum o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Samarqand xalqaro turistik markazidagi qurilish-bunyodkorlik ishlari bilan tanishdi.
Tashrif davomida mehmonlar shaharning diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qildi.