Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki bosh kotibi Samarqanddagi Turistik markaz qurilishi loyihasi bilan tanishdi
Yevropa Tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) bosh kotibi Enzo Kvattrochokke rahbarligidagi delegatsiya a’zolari Samarqandga tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vaziri B.Zokirov, Transport vaziri o‘rinbosari I.Mahkamov, Tashqi savdo va investitsiya vaziri o‘rinbosari Sh.Vafoyevlar bilan uchrashdi.
Mehmonlar Samarqand eshkak eshish kanali hududida barpo etilayotgan turistik markaz, aeroport, temir yo‘l vokzali, avtovokzal, yo‘l qurilishi kabi shahar transport logistikasini rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan loyihalar bilan tanishdi. Mazkur delegatsiya Samarqand shahrida 2023 yilda bo‘lib o‘tadigan YeTTB boshqaruv Kengashining an’anaviy yig‘ilishini o‘tkazish imkoniyatlarini ham o‘rgandi.
Eslatib o‘tamiz, YeTTB xalqaro moliyaviy tashkilot bo‘lib, uchta qit’ada amalga oshirilayotgan loyihalarga yordam berib keladi. Asosan bozor talablariga to‘liq javob bera olmaydigan xususiy sektor vakillarini yanada rivojlantirish uchun moliyaviy ko‘mak ajratadi. Bank tadbirkorlikni rivojlantirish, shaffof va ochiq bozor munosabatlarini joriy etishni qo‘llab-quvvatlaydi.