YTTB va O‘zbekiston hamkorligi asosan qaysi sohalarga qaratilgan?
O‘zbekistonning Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan hamkorligi 1992 yildan boshlangan. Aynan o‘sha yilning boshida O‘zbekiston YTTBga a’zo bo‘ldi va shu yili Toshkent shahrida uning vakolatxonasi ochildi, bank 1993 yildan O‘zbekistonda loyihalarni amalga oshirishdagi ishtirokini boshladi.
1994 yil 10 yanvarda YTTBning direktorlar kengashi O‘zbekiston Respublikasiga loyihalarni moliyalash masalalari bo‘yicha salbiy garov shartlarini bekor qildi. Shu davrdan boshlab bank infratuzilmasini rivojlantirish, energetika majmui, turizmni rivojlantirish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, bozor infratuzilmasini shakllantirish, tabiiy resurslarni o‘zlashtirish, paxtani qayta ishlash va yengil sanoatning boshqa tarmoqlarini taraqqiy ettirish kabi yetti yo‘nalishda faoliyat yuritadigan bo‘ldi.
Bundan tashqari, YTTB aniq manzilli ishlar bilan ham shug‘ullanishni boshladi. Xususan, umumiy qiymati 81,5 million ekyuga teng bo‘lgan Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini jihozlash, energetikada ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish va Sirdaryo GRESning xalqaro andozalarga muvofiqligini ta’minlashga qaratilgan, umumiy qiymati 25,2 million ekyuga teng bo‘lgan loyihalarni ham moliyalashtirish ishlari amalga oshirildi. Yana bir muhim yo‘nalish - Toshkent xalqaro aeroportini ta’mirlash, shuningdek, xavfsizlikni oshirish uchun maxsus jihozlar sotib olish masalasi bo‘yicha ham zarur ishlar amalga oshirildi. Bu tadbirlar uchun umumiy qiymati 43,5 million ekyu bo‘lgan miqdordagi kreditlar ajratildi.
YTTB bilan munosabatlar keyingi yillarda yangi rivojlanish bosqichiga chiqdi. Xususan, Prezidentimizning 2018 yil 6 avgustdagi “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan sheriklikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori qabul qilindi. So‘ngra 2022 yil 7 dekabrda “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida 118 ta nasos stansiyasini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” aniq manzilga mo‘ljallangan qarori ham qabul qilindi.
Har ikki tomonning o‘zaro iliq munosabatlari, hamkorlikning izchil davom etayotganini 16-18 may kunlari tashkilot sammitining Samarqandda o‘tkazilgani ham isbotlab turibdi.
Hozirda O‘zbekistonda ham YTTB ishtirokida bir qancha loyihalar moliyalashtirilmoqda.
Birinchi yo‘nalish - YTTBning O‘zbekiston Respublikasi bilan hamkorlik qilish strategiyasini ishlab chiqish va davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini joriy etish uchun normativ-huquqiy bazani yaratishga qaratilgan. Bunda davlat mulki va korxonalarini xususiylashtirish hamda monopoliyadan chiqarish, tadbirkorlikni rivojlantirish, xizmat ko‘rsatish va moliya sektorlariga investitsiyalarni jalb etish, kapital bozorini shakllantirish kabi masalalarni amalga oshirishda moliyaviy yordam ko‘rsatish va ularning jahon iqtisodiy hamjamiyatiga tezroq qo‘shilishiga ko‘maklashish masalasi asosiy ustuvorlikni tashkil qiladi. Buning uchun, avvalo, uning asosiy normativ-huquqiy bazasini yaratishga kirishildi va shu asosda o‘zaro munosabatlar amalga oshirilmoqda.
Ikkinchi yo‘nalish - iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish bo‘yicha hamkorlik qilinib kelinmoqda. Bunda asosiy e’tibor energetika sektorini isloh qilish uchun sohani rivojlantirishga qaratilgan kompleks dastur ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, korporativ boshqaruvni xususiylashtirish va takomillashtirish sohasida hamkorlik qilish bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi tuzilib, bu bo‘yicha ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Banklararo pul bozori hamda milliy valyutadagi mahalliy kapital bozorini rivojlantirish sohasida hamkorlik qilish ham nazarda tutilgan. Tadbirlarni to‘kis amalga oshirish uchun Markaziy bank va boshqa manfaatdor davlat boshqaruvi organlarida makroiqtisodiy tahlil va prognozlash kompleks tizimini (FPAS) joriy etiladi.
Mamlakatimiz uchun bank tizimi xodimlarini zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish, loyihalarni moliyalashtirishda xavflarni baholash, banklarning moliyaviy barqarorligini ta’minlash masalalari ham bugungi kunda o‘ta muhim jarayonlardan biri hisoblanadi. Shu tufayli YTTBga mazkur sohalar bo‘yicha malakalarini oshirish masalasi ham samarali bo‘lishi mumkin.
Uchinchi yo‘nalish - infratuzilma investitsiya loyihalarini amalga oshirish sohasida hamkorlik qilishga qaratilgan. Bunda chora-tadbirlar aniq belgilangan. Xususan, “Toshkent shahrida issiqlik ta’minoti tizimi samaradorligini oshirish” loyihasi (umumiy qiymati 100 million dollar, 2019 yilda 21 million dollardan kam bo‘lmagan holda o‘zlashtirish) ko‘zda tutilgan edi. Bu boradagi muhim yo‘nalishlardan biri YTTB bilan qarz bitimini imzolash masalasidir. Bunda loyihani bajarish chora-tadbirlarini amalga oshirish va xarid qilish tartib-taomillarini o‘tkazish masalasining ham kelishib olinishi ikki tomonlama munosabatlarning samaradorligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Aniq yo‘nalishlardan biri “Namangan shahrida suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini tiklash” loyihasi ham YTTB bilan kelishilib olindi. Loyihaning umumiy summasi 60 million dollar, 2019 yilda 10 million dollardan kam bo‘lmagan holda o‘zlashtirish belgilangan edi. Loyihani amalga oshirish ishlari tizimli ravishda 2020-2022 yillarda ham amalga oshirildi.
Infratuzilmaga mo‘ljallangan dasturlarning bir yo‘nalishi “Pitnak shahrida suv tozalash inshootlarini tiklash va Xorazm viloyatining 6 ta tumanida ichimlik suvi ta’minotini yaxshilash” loyihasi bo‘ldi. Ushbu tadbirga mo‘ljallangan mablag‘ning umumiy summasi 60 million dollarni va 2019 yildan boshlab 10 million dollardan kam bo‘lmagan holda o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. Bu loyiha ham 2020-2022 yillarda tizimli ravishda amalga oshirilib kelinmoqda.
Shartnomada kelishilgan yana bir muhim loyihalardan biri “Toshkent shahrida suv ta’minoti tizimini tiklash”ga qaratilgan. Loyihani amalga oshirish uchun 25 million dollar jalb etiladi. Uni to‘liq o‘zlashtirish masalasi ham vaqtlar kesimida aniq kelishib olingan. Bu bo‘yicha ham YTTB bilan qarz bitimi imzolanib, loyihani amalga oshirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlari belgilandi.
Dasturda “Talimarjon IESni 900 MVt quvvatga ega qo‘shimcha bug‘-gaz qurilmasini qurish bilan kengaytirish” loyihasini birgalikda moliyalashtirish masalasi ham ahamiyatli kelishuvlardan biri sifatida baholash mumkin. Ushbu yirik ob’yekt uchun umumiy summa 225 million dollarni tashkil qiladi va 2019 yildan boshlab tizimli ravishda amalga oshirib kelinyapti. Har yili 60 million dollardan kam bo‘lmagan holda o‘zlashtiriladi. “Muruntau 500/200 kVt podstansiyasini uchta transformatori bilan birga qurish” loyihasiga 82,5 million dollar sarmoya kiritiladi va 2019 yildan boshlab, 21 million dollardan kam bo‘lmagan holda o‘zlashtirish belgilangan.
“Obod qishloq” loyihasini qo‘llab-quvvatlash” uchun ham bank tomonidan umumiy 300 million dollar moliyaviy ko‘mak ajratiladi va 2019 yildan boshlab, 45 million dollardan kam bo‘lmagan holda o‘zlashtirish belgilangan. Ushbu loyiha YTTBning direktorlar kengashi tomonidan ma’qullanib, tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Samarqand viloyatida energiya samarador ko‘p qavatli arzon uylar qurilishi loyihasiga ham bank tomonidan 60 million dollar miqdorida sarmoya kiritilgan. Bu ham 2019 yildan buyon yiliga 20 million dollardan kam bo‘lmagan miqdorda o‘zlashtirilmoqda. Shuningdek, gaz ta’minoti taqsimlash tizimini tiklash loyihasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish masalasi ham e’tibordagi masalalardan biridir. Hozirda davlat-xususiy sheriklik asosida “Toshkent-Samarqand” muqobil pullik avtomobil yo‘lini qurish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish konsepsiyasini ishlab chiqish masalasi ham dolzarb bo‘lib turibdi.
To‘rtinchi yo‘nalish - moliya sektorida hamkorlik qilishga qaratilgan. Bunda asosiy e’tibor kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hisoblanadi. Bunda “O‘zmilliybank” uchun kredit liniyasini ochish masalasi ustuvor vazifalardan biri. Qiymati 70 million dollarni tashkil etadigan loyihani amalga oshirish dasturiga ko‘ra 2018 yildan boshlab 35 million dollardan kam bo‘lmagan holda o‘zlashtirish belgilangandi.
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda savdoni moliyalashtirilishiga qaratilgan dastur doirasida “Hamkorbank” ATB uchun 30 million dollarlik kredit liniyasi ochish ham e’tiborga olingan. 2018 yilda 12,5 million, 2019 yildan 17,5 million dollardan kam bo‘lmagan mablag‘ o‘zlashtirishga kelishilgan.
Bundan tashqari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga “Ipoteka-bank” AKIB uchun qiymati 25 million dollarlik kredit liniyasini 2018 yilda amalga oshirishga kelishilgan. Ushbu yo‘nalishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Davr bank” XATBga 5 million dollar kredit liniyasi ajratish nazarda tutilgan. Ushbu mablag‘ 2018 yildan boshlab, yiliga bir million dollardan kam bo‘lmagan holda xarajat qilinishi belgilangan.
Beshinchi yo‘nalish - davlat korxonalarini isloh qilish va xususiylashtirish sohasida hamkorlik qilish va boshqaruvning korporativ usullarini joriy etishga qaratilgan. Mazkur yo‘nalish ham bir qancha aniq tadbirlarni amalga oshirishni qamrab oladi. Jumladan, davlat korxonalarini xususiylashtirish va isloh qilish masalalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida ham kelishuv bor. Xususiylashtirish masalalari bo‘yicha xorij mutaxassislarini vakolatli davlat organlarida ishlash uchun jalb etish ham ushbu tadbirlar tarkibiga kiritilgan.
Yana bir muhim jihat, davlat ulushini keyinchalik xorij investorlariga sotish uchun korxonalarni xususiylashtirishdan oldin tayyorlash masalasidir. (“Coca-Cola Ichimligi Uzbekistan Ltd.” MChJ qo‘shma korxonasiga (Toshkent shahri) xorij investorlarini jalb qilishda YTTB ishtirokini ta’minlash masalasi ham muhim.)
Mamayunus Pardayev,
SamISI professori, iqtisod fanlari doktori.