Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

«Yetuklikning yetti siri» yoxud hayotning achchiq mashaqqatlari-yu, beayov sinovlari

Adabiyotchilar orasida «Ikki marta o‘qishga undamaydigan asar bir marta o‘qishga ham arzimaydi», degan gap yuradi. Nasr – cheksiz ummon, unga har bir qalamkash turlicha ulush qo‘shadi.

Qaysi bir havaskorning yozishmalarini oxirigacha o‘qimay ko‘zingizni olib qochsangiz, shunday asarlar borki, kitobxonni ohanrabodek tortishga qodir. Bir marta o‘qib, asardagi voqealar bilan to‘liq tanishib olgan bo‘lishingizga qaramay, sahifalarini takror varaqlagingiz, o‘sha kitob olamida yashagingiz keladi.

Taniqli publitsist va jamoat arbobi Abdukamol Rahmonov qalamiga mansub «Yetuklikning yetti siri» nomli asar ham shular jumlasidandir. Asarni bir o‘qiganda anglash, hazm qilish, o‘ziga singdirish ilojsiz, bu kitobni qayta-qayta o‘qish kerak. «Yetuklikning yetti siri» – yetti yoshdan yetmish yoshgacha, barcha insonlarga mos keladi. Uni farzandlaringizga o‘qib berib va o‘ziga xos izohlar bilan tushuntirib, hayotdan saboq berishingiz mumkin. Kitob yoshlarning qo‘liga tushsa, ularda murg‘ak tafakkur shakllanishiga katta ko‘mak bo‘ladi. O‘rta yoshli odam o‘qisa, tajriba to‘plash uchun zo‘r imkoniyat. Katta yoshli kitobxonlarga esa ko‘zgu vazifasini o‘taydi. Keksa otaxon va onaxonlarimiz mazkur asarni mutolaa qilsalar, ilm zaxiralari ortib, yoshlarga pandu nasihat qilishda yangi manbaga ega bo‘ladilar.

Asarda yetti qahramon – ibratli hayoti va zalvorli mehnatlari bilan o‘zidan yaxshi nom qoldirgan yurtdoshlarimiz haqida hikoya qilinadi. Uni psixologik asar, desak ham mubolag‘a emas. Zero, undagi voqealar kitobxonning ruhiy holatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, o‘y-fikrlarini tozalay oladi. Asardagi zamonamiz qahramonlarining bari hayotda toblangan shaxslar, aksariyati O‘zbekiston Qahramoni unvonlarga sazovor bo‘lgan. Kitob mutolaasiga sho‘ng‘ib, qahramonlarning ana shu buyuklik darajasigacha ko‘tarilishi oson bo‘lmagani, hayotning achchiq mashaqqatlari-yu, beayov sinovlarini boshdan kechirganlariga guvoh bo‘lasiz. Chiroyli sabrning siylovi, mustahkam irodaning mukofoti borligini yurakdan his etasiz. Shu jihatdan asar o‘quvchini intiluvchanlikka chorlaydi. Hayot yo‘llarida qoqilmaslik, arzimas ko‘ngilsizliklardan tushkunlikka tushib, muvaffaqiyat tomon harakatni to‘xtatib qo‘ymaslikka undaydi.

Albatta, asarni har bir kitobxon o‘z tafakkur doirasida anglaydi. Men ham mutolaani yakunlab, kitobni yopdimu, qahramonlar hayoti kino lentasidek hayolimdan o‘ta boshladi.

«Nuroniy» jamg‘armasining Samarqand viloyati bo‘limi raisi Hasan Normurodov... Uzoq yillar rahbarlik lavozimlarida ishlab kelgan bu ustozning kamtarligi, ochiqko‘ngilligi va ajoyib strategligi qoyil qoldiradi. Unga «Majlisni san’at bilan boshqarardi», deya topib ta’rif berilibdi. Axir qovoq solish, do‘q urish, baqirish, so‘kinish o‘rniga «Bunday xato va kamchiliklar sizga yarashmabdi», deb turish uchun keng yurak, go‘zal xulq kerak. Haqiqatdan ham ibrat olsa arziydigan fazilatlarni yana ko‘p o‘qiysiz.

Professor, oftalmolog sifatida bizga yaxshi tanish Xolidjon Komilov... Bu kishining mehnatlari bilan sanoqsiz insonlar borliqni o‘z holicha ko‘rish baxtiga muyassar bo‘lgan. Asarda bemorlarning minnatdorlik xatlari keltiriladi. Qarang-a, shifoxonaga kelganida o‘z qo‘llarini arang ko‘radigan kishilar professorning davo choralaridan so‘ng bu yorug‘ olamni to‘kis ko‘ra olganlar. Bu g‘oyatda jiddiy operatsiyalar oldida dadil turish, ko‘p yillik bilim va tajribasiga ishongan holda tig‘ tutish sharofati bilandir. Asarda professor haqida «Hayotning mashaqqatli sinovlarini mardonavor yengib o‘tgan, u mehnatdan qo‘rqmaydi», deb yoziladi. Voqealar rivojini o‘qir ekansiz, bu ta’riflar chindanda o‘zini oqlashiga amin bo‘lasiz.

Pedagog Muhabbat Sharapova... Ayol kishidan buyuk shaxsning yetishib chiqishi ikki karra qahramonlik, asli. Muallimaning har bir o‘quvchini o‘z bolasidek ko‘rishi qalbingizni entiktirib, ko‘zingizga yosh keltiradi. Asarda yozilishicha, u o‘quvchilaridan birida g‘amginlikni, darslarga beparvolikni payqaydi va so‘rab-surishtiradi. Ma’lum bo‘ladiki, bolaning onasi vafot etib, o‘rniga boshqa ayol kelgan. O‘qituvchi o‘sha ayolni maktabga chaqirib, bolaga yetarli mehr bermayotganligidan norozilik bildiradi va «Mening o‘quvchim – mening bolam, lekin endi sizning ham bolangiz, birgalikda tarbiyalaymiz, o‘qitamiz», deb ayolga vazifalarini tushuntirib beradi. Kuyunchakliklar besamar ketmadi, hozir o‘sha o‘quvchi respublikadagi nufuzli bir tashkilotda ishlar ekan.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi Ubaydulla Mingboyev... Asarda yozilishicha, u Oliy Sud raisi lavozimida faoliyat yuritayotganida jazoni o‘tayotgan bir cho‘ponning ishini shaxsan o‘zi o‘rganib chiqqan. Uning harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘qligini aytib, respublikadagi barcha sudlardan shu toifadagi jinoyat ishlarini zudlik bilan chaqirtirish va qayta o‘rganib chiqishni buyurgan. Natijada cho‘ponlarni kamomad bilan jinoiy javobgarlikka tortish va sudlanib ketishi zamirida hisobotlardagi qo‘shib yozishlar yotgani aniqlandi. Birgina shu misoldan ham bu insonning naqadar odilligi, oddiy insonlar taqdiriga befarq emasligi, adolat qaror topishiga chanqoqligini anglash qiyin emas.

Professor, qadimshunos Mavlon Jo‘raqulov... U haqiqatdan ham Yer qa’ridan ziyo topgan. Yoshligini bilim olishga, izlanishga sarflagan bu olim hatto o‘z nikoh to‘yida ishtirok etishga vaqt va imkon topa olmaganiga nima deysiz?! (Ha, bu kitobning qaysidir sahifalari ko‘z yoshlaringiz-la namlansa, ayrim voqealardan miriqib kulasiz). Zarafshon havzasi tosh asri madaniyatini o‘rgangan professor umrini laboratoriya va ekspeditsiyalarga bag‘ishladi. Pirovardida mamlakatimizda arxeologiya sohasi rivoj va ravnaq topdi. Bu kishining sa’y-harakatlari bilan Nurotadan «nur» porlab chiqqani rost.

Shayx Abdulaziz Manzur... Bu zotning bolalikdan ilmga, kitobga ixlosli ekanligini o‘qib, qalbingiz to‘lqinlanib ketadi. Tuni bilan kitob o‘qiyotganini ko‘rgan otasi chiroqni o‘chirib ketsa, ko‘rpa ostida fonar yoqib mutolaani davom ettirgani hozirgi yoshlar uchun katta ibratdir. Shayxning dunyoviy va diniy bilimlari hayratda qoldiradi. Arab, fors, rus tillarini mukammal bilishi, axborot texnologiyalaridan yaxshi xabardorligi isbotlar bilan yozilgan. Qur’oni karimning arab tilidagi tafsirini (sharhini) rus tiliga tarjima qilgani bunga bir misoldir. U uch yillik harbiy xizmati ichida ma’naviyat xonasiga kirib, arab tilidan rus tiliga, rus tilidan arab tiliga tarjima qilishni mashq qilganini o‘qib, yuksak ilm egasiga yana bir bor tan berasiz, tasanno o‘qiysiz.

O‘zbekiston Faxriylar kengashi raisi Bektosh Rahimov... Bu shaxs hayotining o‘spirinlik davrlariyoq o‘quvchining katta hayratiga sabab bo‘ladi. Axir kim «urushga boraman» deb janjal qiladi?! 17 yashar yigitlar ko‘cha changitib yuradi. Bektosh esa akalari izidan urushga borish, dushmanga qaqshatqich zarba berish istagida yonadi. Buni amalga oshirish uchun harbiy komissar huzuriga boradi, «Urushga bormasam, vijdonim orom topmayapti» deb turib oladi. 18 yoshga to‘lmaganini aytib tushuntirishsa, kolxoz raisidan yoshini bir yoshga katta ko‘rsatib, ma’lumotnoma berishni iltimos qilibdi. Axiri ko‘pchilik xavfsirab, hayiqib turgan jang maydoniga shijoat va jasorat bilan yetib boradi. Bu qahramonimizning hayotida ham keskin sinovli damlarni ko‘ramiz. Viloyatlarga rahbarlik lavozimlarida halollik va fidoyilik bilan mehnat qilishiga qaramay, sobiq sovet tuzumi kishilarining tuhmatlariga qoldi, tergovlarda qiynoqlarga solindi, ruhiy va jismoniy azob berildi, ammo u so‘nggi daqiqagacha faqat haqiqatni gapirdi, qilmagan ishini bo‘yniga qo‘yishlariga yo‘l qo‘ymadi. Albatta, bu uchun metin iroda, toshdek qattiq sabr kerak.

«Yetuklikning yetti siri» asari bizga avvaldan bilgan odamlarimizni yaqindan tanitdi, ichki olamiga, bolaligidan bugungi kunigacha bo‘lgan hayotiga olib kira oldi. Asarda tasvir va tahlil kuchliligidan voqealar sizni zeriktirmaydi, o‘z olamiga g‘arq qila oladi.

Taqriz talabidan ayrim juz’iy kamchiliklarni ta’kidlab o‘tishni joiz, deb bildik. Birinchidan, asar matni ravon, so‘z va jumlalar o‘quvchiga qiyinchilik tug‘dirmaydigan darajada tushunarli bo‘lishiga qaramay ba’zi o‘rinlarda imloviy va grammatik xatoliklar uchraydi. Ikkinchidan, asar kam adadda chop etilgan. Yoshlarga mamlakatimizning mustaqillikka erishish zahmatlarini ko‘rib beruvchi, vatanparvarlik g‘oyalarini singdiruvchi, hayotdan ibrat beruvchi asar ko‘proq xonadonlarga yetib borishi lozim. Asarning navbatdagi nashrida bu fikrlar inobatga olinadi, degan umiddamiz.

«Ochganingda huzurlanib, yopganingda ruhan boyitgan kitobgina yaxshi kitobdir», degan naql bor. “Yetuklikning yetti siri” asari kitobxonga rohat bag‘ishlash qatorida ruhan tarbiyalay oladi. Mutolaadan so‘ng bunga amin bo‘lasiz.

Durdona ALIMOVA.

O‘zA.