Yevro "erkin qulash" jarayonida

Deutsche Wirtschafts Nachrichten maqolasida aytilishicha, Rossiyaga qarshi sanksiyalarning ehtimoliy kuchaytirilishi va ularning Yevropa iqtisodiyotiga ta’siri bilan bog‘liq noaniqlik shusiz ham «yomon ahvolda» bo‘lgan yevroga yanada ko‘proq bosim o‘tkazishi mumkin.

Gazetaning qayd etishicha, Yevropa valyutasi hozir “erkin qulash” holatida va uning AQSh dollariga nisbatan kursi 2017 yildan beri eng past darajaga tushdi.

Germaniyaning Bayern Landesbank tahlilchilariga ko‘ra, AQSh Federal zaxira tizimi yuqori inflyasiyaga qarshi kurashishda foiz stavkalarini oshirishni rejalashtirayotgani sababli dollar mustahkamlanishda davom etadi.

Ko‘pchilik ekspertlar fikricha, Ukraina inqirozining iqtisodiy oqibatlaridan Yevropa AQShdan ko‘ra ko‘proq jabr ko‘rmoqda.

VP Bank bosh iqtisodchisi Tomas Gitsel so‘zlariga ko‘ra retsessiya, yuqori inflyasiya va Yevropa markaziy bankining harakat qila olmasligi yoki buni istamasligi" eng dahshatli ssenariy" bo‘ladi.

Shu bilan birga, iste’molchilar kayfiyati ko‘rsatkichlari yevro kursiga deyarli ta’sir qilmagan, deya ta’kidlaydi nashr. 

Avvalroq Deutsche Bank sobiq bosh iqtisodchisi Tomas Mayer yevro kursining beqarorligi fuqarolarni rasmiy valyutaga muqobil izlashga undashi mumkinligini aytgan edi. Uning fikricha, Yevropa Ittifoqida kutilayotgan uzoq muddatli inflyasiya “yevroni o‘ldirishi” mumkin.