Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: Foyda va zararlari nimada?

Shu kunlarda eng ko‘p muhokama etilayotgan masalalardan biri - O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmasligi haqida bo‘lmoqda. Prezidentimiz parlamentga Murojaatnomasida ham bu mavzuga to‘xtalib, “Biz Yevroosiyo ittifoqi bilan hamkorlik masalasida avvalo xalqimiz manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanamiz. Deputat va senatorlar ushbu masalani atroflicha muhokama etib, mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan holda, asoslantirilgan fikrlarini bildirishi kerak. Chunki ular xalq nomidan gapiradi”, dedi va biz bu tashkilotga kuzatuvchi sifatida kirishimizni bildirdi. Bir guruh iqtisodiy ekspertlar esa O‘zbekiston YeOIIga kiradigan bo‘lsa, o‘z qoidalarini ittifoq standartlari bilan muvofiqlashtirishi ortidan katta imkoniyatlarga ega bo‘lishini ta’kidlamoqda. Chunki Singapur va Eron kabi katta salohiyatga ega davlatlar intilaëtgan bu ittifoq siësiy emas¸ balki iqtisodiy uyushma ekanligiga urg‘u berishmoqda.

2001 yilning 30 mayida bugungi Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) paydo bo‘lishiga omil yaratgan Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi (YeOIH) tashkiloti tuzilgan va O‘zbekiston ham o‘sha yili bu tashkilotga a’zo bo‘lgan, ammo 2008 yilda uni tark etgan.

 Yevroosiyo iqtisodiy hamkorligi tashkiloti negizida 2010 yilda Bojxona ittifoqi tashkil etildi va unga Rossiya, Qozog‘iston, Belarus davlatlari a’zo bo‘ldi. Bojxona ittifoqining nomi 2015 yil 1 yanvardan boshlab Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) deb o‘zgartirilgan. Uni tashkil etish haqidagi shartnomani 2014 yilning 29 may kuni Rossiya, Qozog‘iston va Belarus imzolagandi. Shartnomaga muvofiq ittifoq hududida tovarlar, xizmatlar va ishchi kuchining erkin harakati ta’minlanadi, iqtisodiyot sohasida kelishilgan yoki yagona siyosat yuritiladi. 184 million aholiga ega bo‘lgan bu yirik bozor o‘z faoliyatini 2015 yil 1 yanvarida boshlagan va hozirda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga Belarus, Rossiya va Qozog‘istondan tashqari Qirg‘iziston va Armaniston a’zo bo‘lgan.

Ayni paytda YeOII joylashgan hudud maydoni jihatidan dunyoda birinchi o‘rinda bo‘lsa, aholi soni bo‘yicha 8 va yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmi bo‘yicha 10-o‘rinda qayd etilmoqda. Xalqaro valyuta fondi ma’lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, bu ittifoq jahon YaIMning 3,63 foizini yaratmoqda. Bu ko‘rsatkichning shakllanishida Rossiya 85 foiz va Qozog‘iston 10 foizdan ortiq ulushga ega. Ta’kidlash kerakki, O‘zbekistonning jahon YaIMdagi ulushi 0,19 foiz bo‘lsa, Armaniston, Belarus va Qirg‘izistonning birgalikdagi jahon YaIMidagi ulushi 0,18 foizni tashkil etmoqda.

Xo‘sh, O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishining qanday ijobiy va salbiy tomonlari bor. Quyida olimlar va ekspertlarning xulosalarini havola etamiz.

YeOII bizga nima beradi?

Mamayunus PARDAYeV, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori, iqtisodiyot fanlari doktori:

- Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi ikkita qit’adagi beshta davlatni birlashtirgan xalqaro iqtisodiy tuzilma. Uning maqsadi muvofiqlashtirilgan iqtisodiy siyosat yuritish va mahsulotlar, xizmatlar, kapital va ishchi kuchi harakatlanishi uchun erkin hudud barpo etishdir. Beshta davlat a’zoligidagi bu tashkilotda hozircha yagona bo‘lgan Moldova kuzatuvchi mamlakat sifatida ishtirok etmoqda. Qator davlatlar, xususan, V’yetnam, Eron, Singapur, Serbiya YeOII bilan erkin savdo zonasi sifatida sherikchilik qilmoqda.

YeOII tashkil qilishdan maqsad, har taraflama modernizatsiya va kooperatsiya qilish orqali a’zo davlatlar milliy iqtisodiyoti raqobatbardoshligini oshirish hamda aholi turmush farovonligi, yashash darajasi va sifatini ko‘tarish uchun barcha sharoitlarni yaratish, tovar-xizmatlar, kapital va ishchi kuchining erkin harakatlanishini ta’minlash. Shuningdek, iqtisodiyot sohalarida muvofiqlashtirilgan yagona iqtisodiy siyosatni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. YeOIIning faoliyat yo‘nalishlari bevosita tarif va notarif choralar bo‘yicha yagona siyosat yuritish, yagona texnik reglamentlar va standartlarga amal qilish, sanitariya-karantin, fitosanitariya va veterinariya nazorati bo‘yicha yagona siyosat olib borishdan iborat. Mazkur ittifoqning maqsadi va faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha xulosa qiladigan bo‘lsak, ushbu tashkilotdan nafaqat davlat, balki shu davlatdagi aholi ham juda katta manfaat ko‘radi.

Bu masalada ijtimoiy tarmoqlarda tahlilchilarning fikrlari turlicha bo‘lmoqda. Ular asosan O‘zbekiston YeOIIga kirsa nima bo‘ladi, yutadimi yoki yutqazadimi, degan savolga javob axtarmoqda. Men esa masalaning iqtisodiy jihatlariga e’tibor qaratmoqchiman.

Biz hozir 2 milliard dollarlik meva-sabzavot mahsulotlarimizni qayta ishlash bo‘yicha katta jarayonni boshlaganmiz. Boshqa sohalarda ham eksportga mo‘ljallangan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqmoqdamiz. Bunga esa katta bozor kerak. Yaqin qo‘shni davlatlarimiz biz uchun ochiq bozor, agar bunga ma’lum cheklovlar qo‘yilsa bozorimizning chegarasi torayib qolishi evaziga biroz qiynalamiz. Biz mahsulotimizni rivojlangan mamlakatlarga, xususan, Yevropa davlatlariga sotishimiz ham mumkin. Ammo ularga sotish uchun Yevrostandart talabiga javob beradigan mahsulot tayyorlashimiz lozim. Ishlab chiqarayotgan hamma mahsulotimiz ham, texnologiyalarimiz ham yuqori talabga javob bermaydi. Chunki xorijdan olib kelib o‘rnatayotgan texnika va texnologiyalar ham qaysidir mamlakatlar uchun kechagi tarix bo‘lib qolmoqda. Dunyo miqyosida texnikaning modernizatsiya jarayoni keskinlashgan pallada yashamoqdamiz.

O‘zbekiston YeOIIga qo‘shilsa, qo‘shni davlatlardan keladigan iste’mol mollari narxining ma’lum darajada arzonlashishi, bozorlarimizning erkinlashuvi birdaniga ko‘zga tashlanadi. Jumladan, O‘zbekistonda hozirgi kunda yengil avtomobillar uchun bojxona import to‘lovlarining o‘rtacha stavkasi 70 foizdan 120 foizgacha belgilangan. YeOIIda esa bu ko‘rsatkich 20 foiz. Xuddi shunday holatni qishloq xo‘jaligi texnikalarida ham ko‘rishimiz mumkin. Hozir bizda bunday texnikalar uchun bojxona import to‘lovining o‘rtacha stavkasi 20,5 foizni tashkil qiladi, YeOIIda esa atigi 5 foizga teng. Avtobuslar bo‘yicha ham mos ravishda, 33 foiz va 11,6 foiz. Yuk avtotransporti bo‘yicha bizda 57,6 foiz bo‘lsa, YeOIIda 10,8 foizga teng. Agar biz YeOIIga qo‘shiladigan bo‘lsak, bojxona import to‘lovlarining kamligi evaziga yengil avtomobillar va boshqa transport vositalari ancha arzonlashadi. Bu sohada davlatimiz zarar ko‘radi, ammo jamiyat yutadi. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, YeOII davlatlari orasida import to‘lovi mavjud emasligi, bojxona nazoratining bekor qilingani boshqa davlatlar orasida import to‘lovining, shu jumladan, aksiz solig‘ining keskin pasayishi ro‘y beradi. Eng muhimi xalqimiz uchun qo‘shni davlatlardan keladigan asosiy iste’mol mollari arzonlashadi, boj to‘lovi bo‘lmaydi. Bundan tashqari, O‘zbekiston tovarlarini eksport qilish osonlashadi, transport to‘lovlari kamayadi, mehnat bozori barqarorlashadi. Raqobatning ortishi natijasida tovar va xizmatlar sifati yaxshilanadi, mahalliy va import tovarlar narxining pasayishi ro‘y beradi, ishchi kuchi samarali taqsimlanadi. Bunda Qozog‘iston va Rossiyada ishlash muammolari yechiladi.

Mamlakatimizda maishiy texnika vositalari ishlab chiqarishda boj to‘lovining o‘rtacha stavkasi 10 foizni tashkil qiladi, bu ko‘rsatkich YeOIIda 0 foizga teng. Uchinchi mamlakatdan olib kiradigan maishiy texnika vositalariga beriladigan bojxona to‘lovi O‘zbekistonda 20 foiz, YeOIIda 10 foizga teng bo‘ladi.

Mazkur holat biznes uchun ham, jamiyat uchun ham foydali. Chunki YeOII mamlakatlariga maishiy texnika vositalari eksporti imkoniyatlari ancha kengayadi. YeOII davlatlari bilan chegaradagi bojxona nazoratini bekor qilish orqali eksportda tarifsiz to‘siqlarni kamaytirishga erishiladi, eksport qiluvchilar uchun transport xarajatlarini kamaytirish imkoniyati yaratiladi.

Agar biz YeOIIga kiradigan bo‘lsak, mamlakatimizda rivojlangan va istiqbolda yanada rivojlanishi kutilayotgan to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoati bo‘yicha ham bir qancha o‘zgarishlarga guvoh bo‘lamiz. Ushbu mahsulot bo‘yicha ichki bozorimiz ehtiyoji 2,7 milliard dollarni tashkil qiladi. Biz esa 2018 yilda ishlab chiqarish hajmini 4 milliard dollarga yetkazdik. Shundan eksport hajmi 1,6 milliard dollarni tashkil qildi. Mazkur eksportning 43,4 foizi yoki 693,8 million dollari YeOII mamlakatlariga jo‘natilgan. Ushbu mahsulotning importi atigi 0,3 milliard dollarni tashkil qildi. Bu masala bo‘yicha ham mamlakatimiz YeOII mamlakatlari bilan uzviy bog‘liqlikda.

Xuddi shunday holatni oziq-ovqat sanoati bo‘yicha ham ko‘rishimiz mumkin. Mamlakatimizning ichki bozori uchun 2018 yilda 7,6 million tonna bug‘doy (897 million dollar), 2,5 million tonna un (406 million dollar), 280 ming tonna o‘simlik yog‘i (257 million dollar), 1 million tonna shakar (504,6 million dollar) talab qilinadi. Ushbu ehtiyojni o‘zimiz qoplay olamiz va ayrimlarini eksport ham qilamiz. Lekin bu mahsulotlar YeOII mamlakatlarida ortig‘i bilan yetishtiriladi. Masalan, bug‘doy ishlab chiqarish 90 million tonnani tashkil qiladi, ichki iste’mol uchun 40 million tonna yetarli. Bug‘doyning 50 million tonnasi ortiqcha. Un ishlab chiqarish 14,3 million tonna, ichki iste’mol uchun 12 million tonna yetarli, 2,3 million tonna un ortiqcha. O‘simlik yog‘i ishlab chiqarish 6559,4 ming tonna, ichki iste’mol uchun 4657,5 ming tonna yetarli. Ortiqchasi 1901,9 million tonnaga teng. Shakar ishlab chiqarish hajmi 7,3 million tonnaga teng. Bularning hammasi ichki iste’molga ketadi.

Agar O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘ladigan bo‘lsa, biznes uchun raqobat kuchayadi va bu sharoitda ishlab chiqarish samaradorligi oshadi, xomashyo bazasining kengayishi natijasida korxonalar to‘liq quvvat bilan ishlaydi, biz uchun muhim bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari eksporti ortishi ro‘y beradi. Bu holatda jamiyatimiz uchun ham katta manfaat bo‘ladi. Bunda un importi ko‘payadi, natijada mamlakat ichida un mahsuloti sifati oshadi, narxi pasayadi. Oziq-ovqat mahsulotlari (un, o‘simlik yog‘i, shakar) narxlari YeOIIga a’zo davlatlar narxlariga yaqinlashishi evaziga pasayishi ro‘y beradi. Bu aholining turmush farovonligi, hayot darajasi va sifatining oshishiga olib keladi.

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqining nizomi va maqsadlariga qarasangiz, sof iqtisodiy blok bo‘lib ko‘zga tashlanadi. Agar ushbu ittifoqning maqsadidan kelib chiqqan holda a’zo davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy to‘siqlar olib tashlansa, savdo va boshqa iqtisodiy munosabatlar erkin rivojlantirilsa, shu davlatlar o‘rtasidagi bojxona va tariflar muvofiqlashtirilsa, unga a’zo har bir davlat, xususan, O‘zbekiston ham yutadi.

Ayrim tahlilchilar YeOIIga qo‘shilsak qaramlikka yuz tutamiz, degan fikrda. Ammo bunday emas. Masalaning nozik tomoni shundaki, YeOII davlatlari biz bilan iqtisodiy hamkor, chegaradosh davlatlar. Agar ittifoqqa kirmagan davlatlar bilan iqtisodiy munosabatlar cheklab qo‘yiladigan bo‘lsa, bizning bozorimiz “yopilib” qolishi mumkin.

Ammo tahlilchilarning bu holatga xavotiri ham yo‘q emas. Ko‘plari bu ittifoqqa qo‘shilgandan keyin maqsadga hamisha ham amal qilavermaydi, deyishmoqda.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash joizki, agar O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lib, iqtisodiy ittifoqqa kirgan davlatlar bilan munosabatda shu tashkilot nizomi asosida belgilangan maqsadga muvofiq faoliyat ko‘rsatsa yaxshi. Ammo boshqa davlatlar bilan munosabatda shu tashkilotning roziligini olish lozim bo‘lsa, buning oqibati yaxshilikka olib kelmaydi. Chunki hozir integratsiya jarayoni davlatlar o‘rtasida keskin rivojlanib bormoqda. Bunday sharoitda har bir davlat erkin bo‘lmasa faoliyati chegaralanib, cheklanib qoladi. Shu tufayli, ushbu ittifoqqa qo‘shilishga shoshilmaslik lozim. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, ma’lum muddatda ushbu ittifoqqa kuzatuvchi sifatida kirishimiz maqsadga muvofiq. Chunki kuzatuvchi bo‘lish hali a’zo degani emas.

Ittifoqda iqtisodiy ahvol qanday?

Ilhom VAFOYeV, iqtisodiy sharhlovchi:

- Prezidentimizning Rossiya Federatsiyasiga amalga oshirilishi rejalashtirilgan tashrifi yaqinlashishi bilan dunyo jamoatchiligini O‘zbekistonni YeOIIdek integratsion tuzilma bilan kelajakda qay tarzda hamkorlik qilishi qiziqtirmoqda. Qolaversa, Prezidentimiz ham parlamentga yo‘llagan Murojaatnomasida bu borada o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

YeOIIdek integratsion birlashmani tuzishdan maqsad tovarlar, kapital va ishchi kuchining yagona bozorini tashkil etish, ittifoq a’zolarining ishlab chiqarish salohiyatini teng hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yo‘li bilan ro‘yobga chiqarishdir. Ko‘rinib turibdiki, YeOII a’zolari bir-biridan katta farq qiladigan iqtisodiy salohiyatga ega davlatlar. Bu besh mamlakatni bog‘lab turgan omil - ularning harbiy nuqtai nazardan hamkorligi.

Xo‘sh, Ittifoq yagona tizim sifatida yoki uning har bir a’zosi integratsion aloqalarni rivojlantirib, qanday natijalarga erishmoqda?

Rossiya 2014 yildan buyon G‘arbning sanksiyalari qurshovida. Shu sababdan ulkan ishlab chiqarish imkoniyatlariga ega mamlakatning rivojlanish darajasi ko‘ngildagidek emas. Yalpi ichki mahsulotning yillik o‘sishi 2 foizdan past. Belarus davlati bilan Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida yagona mamlakat tuzish to‘g‘risida bitim tuzilgan, ammo mamlakatlar o‘rtasida katta tafovut yuzaga kelganligi tufayli ushbu bitimni ko‘zlangan darajaga yetkazish cho‘zilib ketmoqda. Belarus davlati Rossiyadan neft va tabiiy gazni imtiyozli narxda sotib olib, uni qayta ishlab foyda oladi. Rossiya esa imtiyozli narxni asta-sekinlik bilan ko‘tara boshlagani sari mamlakatlar o‘rtasida turli nizolar chiqmoqda. Natijada Belarus boshqa ittifoqdosh mamlakatlar bilan maslahatlashmasdan, mustaqil tarzda Ukraina, Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytira boshladi.

Aslida ushbu ittifoq tuzilishining asosiy tashabbuskori Qozog‘istonning birinchi Prezidenti Nursulton Nazarbayev hisoblanadi va ittifoq a’zolaridan eng yuqori natijaga erishgan mamlakat ham aynan Qozog‘iston. Uning aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan YaIM hajmi 10 ming dollarga yaqinlashdi va bu Rossiyadan ham yuqoriroq ko‘rsatkich. Ittifoqqa a’zolikning afzalligi shundaki, Qozog‘istonning iqtisodiy o‘sish sur’ati kuchayib, bosqichma-bosqich o‘zining tashqi qarzini kamaytirishga erishmoqda.

Xo‘sh, bizga yaqin qo‘shni bo‘lgan Qirg‘izistonning uch yillik ittifoqqa a’zoligiga qanday baho berish mumkin? Qirg‘izistonliklar Rossiya va Qozog‘istonda vaqtinchalik mehnat faoliyatini ittifoqqa a’zolikdan kelib chiqadigan imtiyozlarga tayanib amalga oshirish hisobidan muayyan foyda ko‘rmoqda. Bir jihatga e’tibor qaratmoqchiman: Qirg‘iziston xuddi Tojikiston kabi ulkan energetik potensialga ega. Gap shundaki, Tojikiston ittifoqqa a’zo bo‘lmasdan turib ham, mavjud energiya potensialini ro‘yobga chiqarishda real natijalarga erishdi, ammo Qirg‘iziston to‘g‘risida bunday xulosaga kelish qiyin. Shuni inobatga olib, Qirg‘iziston asta-sekinlik bilan boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni boshladi. Misol uchun, Turkiya bilan o‘zaro savdoni kengaytirish hisobidan hozirgi 340 million dollar tashqi savdo ko‘rsatkichini 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Aslini olganda, Markaziy Osiyo davlatlari orasida YeOIIga a’zolikka birinchi da’vogar Tojikiston hisoblanadi. Bunga Rossiya bilan o‘rnatilgan harbiy sohadagi uzoq muddatli hamkorlik, keng ko‘lamli mehnat migratsiyasi, afg‘on omilini asos qilib ko‘rsatish mumkin. Lekin negadir hozirga qadar Tojikiston bunday harakatni boshlagani yo‘q. Buning bir necha sabablari bor. Gap shundaki, 2000 yillarning boshida Tojikiston energetik quvvatlarni Rossiya yordamida ishga tushirgan, ammo hisoblar ko‘proq Rossiya foydasiga hal bo‘lgan. Shularni inobatga olib qo‘shni mamlakatlar, jumladan Tojikiston va Qirg‘iziston mamlakatimiz ochiq iqtisodiy siyosat yuritishni boshlaganidan samarali foydalanishni, o‘zaro tashqi savdo aylanmasini yuqori sur’atlar bilan rivojlantirishni afzal ko‘rmoqda.

Ittifoqqa a’zolar uchinchi mamlakatga nisbatan o‘zaro kelishilgan munosabatlarni amalga oshirishga majbur. Bu nima degani? YeOII a’zolari eksport qilmoqchi bo‘lgan mahsulotini birinchi navbatda ittifoq a’zolariga taklif etishga yoki aksincha, import qilmoqchi bo‘lsa, avval ittifoq a’zolaridan sotib olishga majbur. Boshqa a’zo mamlakatlar rad etgandan keyin, uchinchi mamlakatga sotish yoki sotib olish huquqiga ega bo‘ladi.

Shu yildan boshlab, YeOII a’zolari yagona energiya va moliya bozorini tashkil etishga qo‘l urmoqchi. Bundan juda katta imkoniyatlar vujudga kelishi mumkin. Nega deganda Rossiya hozirning o‘zida, Qirg‘iziston yaqin kelajakda O‘zbekistonga kerak bo‘lgan elektr energiyasini cheklanmagan miqdorda yetkazib berishi mumkin. A’zo bo‘lgandan keyin mamlakat o‘zining uzoq muddatlarga belgilangan dasturlardan voz kechishiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonni YeOIIga a’zo bo‘lishi uchun eng katta omil sifatida xizmat qiladigan narsa, bu mehnat muhojirlari uchun vujudga keladigan muayyan yengilliklardir. Gap shundaki, Qirg‘iziston va Armaniston fuqarolari Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshirish paytida ro‘yxatdan o‘tishdagi sarf-xarajatlarni tejashi mumkin. Ammo boshqa xarajatlar, ya’ni kommunal, ijara va tibbiy xizmat to‘lovlari o‘zgarmasligi aniq.

Shundan kelib chiqib, faqat ro‘yxatdan o‘tishdagi xarajatlarni tejash hisobidan kelib chiqadigan imtiyozlar O‘zbekistonni YeOIIga a’zo bo‘lib kirishiga asos bo‘la olmaydi. Rossiyadagi demografik holat tashqi ishchi kuchiga bo‘lgan talabni yana ham oshishiga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun mamlakatning yangi hukumati yaqin yillarda O‘zbekiston fuqarolari uchun tegishli sharoit yaratib berishga majbur bo‘ladi. Qolaversa, malakali kadrlarga dunyoning boshqa mamlakatlarida ham katta talab bor. Buning uchun mamlakatimizdagi kadrlar tayyorlash tizimini xalqaro marketing tadqiqotlari yordamida ishchi kuchini qabul qiladigan mamlakatlar sharoitidan kelib chiqqan holda takomillashtirish lozim.

Mamlakatimiz MDHga a’zolar bilan erkin savdo zonalari tuzish orqali yaxshi natijalarga erishmoqda. Tashqi savdo hamkorlari ichida Rossiya ikkinchi (6,6 milliard dollar yoki 15,7 foiz), Qozog‘iston uchinchi (3,3 milliard dollar yoki 8 foiz) va Qirg‘iziston yettinchi o‘rinni egallaydi (829 million dollar yoki 2 foiz). Ijtimoiy tarmoqlarda agar O‘zbekiston YeOIIga a’zo bo‘lsa, Rossiyada ishlab chiqariladigan tovarlar ichki bozorimizni zabt etishi mumkin, degan xavotirlar ko‘p uchramoqda. Ammo vaziyatga real qarasak, bunday xavotirga o‘rin yo‘qligini ko‘rish mumkin. Gap shundaki, mamlakatimizda 2017 yilning sentyabridan boshlab valyuta siyosati liberallashtirilgan, ya’ni xohlagan tadbirkor ushbu imkoniyatdan foydalanib, Rossiyadan istagan tovarini import qilish imkoniyatiga ega. Ammo, tashqi savdo faoliyati kengaygani bilan mamlakatimiz savdo peshtaxtalarini Rossiyada ishlab chiqarilgan tovarlar bosib olgan, deb bo‘lmaydi. Gap shundaki, Rossiyaning iste’mol tovarlari ishlab chiqaradigan korxonalari noto‘g‘ri amalga oshirilgan xususiylashtirish natijasida uzoq yillardan beri faoliyat ko‘rsatmay kelmoqda. Aslini olganda, ilgaridagidek Rossiyaning "Ural" mototsikllari, "Zil" muzlatkichlari, "Saratov" kir yuvish mashinalari, "Foton" televizorlari va fin uylari kirib kelishni boshlasa bu faqat yaxshilikka. O‘z vaqtida bu narsalar shunchalik yuqori sifatga ega bo‘lganki, ayrim oilalar ulardan 30-35 yildan beri foydalanib kelmoqda.

Xulosa sifatida shuni ta’kidlash joizki, har qanday integratsion birlashmaga a’zolik qilish dunyo iqtisodiyotida barqarorlik hukmronlik qilayotgan sharoitda samara berishi mumkin. Agar mavjud holat yomonlashsa, har bir ittifoq a’zosi ko‘rpani o‘z tomoniga tortishni boshlaydi. Hozirgi kunda rivojlangan mamlakatlar o‘rtasida savdo va valyuta "urushlari" avj olmoqda va bunday sharoitda har bir mamlakat mustaqil tarzda o‘z iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga intiladi.

Shulardan kelib chiqib aytish mumkinki, hozirgi sharoitda biz uchun xalqaro iqtisodiy hamkorlikning eng qulay yo‘li, bu MDH davlatlari bilan erkin savdo zonalari tashkil etishni davom ettirish, iqtisodiyotimizni Xalqaro Savdo Tashkiloti tamoyillariga moslashtirishni jadallashtirishdir. Buning uchun, raqobatbardosh mamlakatlar qatoriga kirishdek oliy maqsad yo‘lida qabul qilinadigan har bir qonun va qarorlar bir tomondan ilmiy jihatdan asoslangan, ikkinchi tomondan, imkon qadar umumxalq muhokamasidan o‘tkazilishi lozim.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV yozib oldi.