Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi: Korxonalarimiz raqobatga tayyormi?

Bugungi parlamentda muhokama qilinayotgan mavzu - Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) bilan hamkorlik qilish masalasi xalqimizning, har bir fuqarolarimizning manfaatlariga bevosita ta’sir qiluvchi muhim masala. Shuningdek, YeOII bilan kelgusida hamkorlik natijasini baholash, prognoz qilish - nihoyatda murakkab va qiyin jarayon.
Bunday muhim masala hal qilinishining parlamentga ishonib topshirilishi, avvalambor, xalqimiz va davlatimiz rahbarining parlamentga bo‘lgan ishonchini anglatadi. Shu bilan birga, bizga, ya’ni xalq vakillari bo‘lgan deputatlar zimmasiga katta masuliyat yuklaydi.
Shu nuqtai nazardan Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidan YeOII bilan hamkorlik qilish masalasini o‘rganish bo‘yicha Ishchi guruhi tuzilganligi, ushbu dolzarb masalani parlament qo‘mitalari va siyosiy partiyalar fraksiyalari o‘rtasida keng muhokama tashkil qilish, har bir deputat uchun, mavzuni ichiga chuqur kirish va ertaga qaror qabul qilishda ongli ravishda yondashish imkonini beradi.
Biz deputatlar halq vakili sifatida, albatta ushbu jiddiy masalada birinchi navbatda, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, ularning xohish-irodasiga tayanishimiz lozim.
Ayniqsa, bugun boshimizdan kechirayotgan murakkab vaziyat bizni ushbu masalada ijobiy va salbiy tomonlarni hisobga olib, barcha oqibatlarni sinchkovlik bilan o‘rganib chiqishga undaydi.
Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan joriy yilning 30 mart kuni YeOII bilan hamkorlik qilish masalasini o‘rganish bo‘yicha reja tasdiqlanib, qo‘mita faoliyatiga oid yo‘nalishlar aniq belgilab olindi.
Ta’kidlash lozimki, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish transport xarajatlarini kamaytirish, tarifsiz to‘siqlarni optimallashtirish, to‘qimachilik va trikotaj sanoatining eksport salohiyatini sezilarli darajada oshirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, to‘qimachilik va trikotaj mahsulotlarining bozorida O‘zbekistonning ulushini oshirish imkoniyati yaxshilanadi.
Shuningdek, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilish O‘zbekiston uchun mehnat migratsiyasidagi mavjud muammolarni hal etishda yaxshi imkoniyatlar yaratishi mumkin. Ayniqsa, ushbu tashkilotga kiruvchi mamlakatlarda ishlab yurgan 3 milliondan ziyod O‘zbekiston fuqarolarining ijtimoiy himoyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shu bilan bir qatorda, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi bilan hamkorlik qilishdan ayrim salbiy omillar ham ¬kutilishi mumkindir. Jumladan, tashkilotga kirish ichki bozorning ochiq bo‘lishiga olib keladi, ya’ni mahalliy ishlab chiqaruvchilarimiz ¬boshqa mamlakatlarda tayyorlangan mahsulot bilan raqobat qilishi kerak bo‘ladi. Ushbu holatda bizning yaxshi rivojlanmagan, raqobatga tayyor bo‘lmagan tarmoqlarimiz va korxonalarimiz katta zarar ko‘rib qolishi mumkin.
Bizni eng xavotirga soladigan masalalar:
- O‘zbekiston korxonalari Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi makonida raqobatbardosh bo‘la oladimi?
- Yillar davomida proteksionizm siyosati orqali qo‘llab-quvvatlab kelingan sanoat korxonalarimizning faoliyati to‘xtab qolmaydimi?
- Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida amalda bo‘lgan bojxona qoidalari, texnik reglamentlar bizning milliy manfaatlarimizga mos keladimi?
Albatta, ushbu masalalarni chuqur tahlil qilishimiz, turli prognozlar tuzishimiz kerak. Lekin amalda hech qanday mukammal prognoz ham o‘zini oqlamasligi mumkin. Bizning esa xalqimizning manfaatlariga bevosita ta’sir etuvchi bunday dolzarb masalada tavakkal qilishga haqimiz yo‘q.
Demak, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ¬ittifoqiga a’zo bo‘lish yoki bo‘lmaslik masalasida barcha ehtimoliy omillarni uzoq muddat kuzatib va chuqur tahlil qilib borish lozim.
Hozirgi sharoitda bizning fikrimizcha, agar O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi kuzatuvchisi maqomiga ega bo‘lsa, muammolarni bevosita tashkilotning ichida turib o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ladi hamda o‘rganish natijalaridan kelib chiqib, tegishli qaror qabul qilinishi mumkin.
Ulug‘bek VAFOYeV,
Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi a’zosi.