Yevropa bozoriga chiqish uchun kerakli laboratoriyalar kam: Quritilgan meva eksportidagi muammolarga e’tibor qaratildi
Prezident huzurida standartlashtirish va sertifikatlashtirish sohalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
O‘tgan yili GSP+ tizimi doirasida 6 ming 200 turdagi mahsulotlarni Yevropaga bojsiz eksport qilish imkoniyati yaratildi.
Lekin, o‘tgan bir yil ichida Yevropa mamlakatlariga eksport qilinadigan mahsulot turlari 79 taga (jami 643 ta), tadbirkorlar soni 102 taga (jami 579 ta) ko‘paydi”, dedi davlat rahbari yig‘ilish avvalida.
O‘sish sur’ati juda past ekani qayd etilib, to‘sqinlik qilayotgan asosiy omillar sanab o‘tildi. Bular, jumladan:
- standart, sertifikatsiya va laboratoriya masalalariga javob beradigan davlat idoralari eksportni ko‘paytirishni o‘zi uchun ustuvor vazifa, deb qaramayapti;
- standart, karantin, veterinariya idoralari hamda gigiyenik laboratoriyalar yagona siyosat yuritmasdan, tadbirkorga ko‘makchi bo‘lmayapti;
- hududlarda 150 ta zamonaviy laboratoriya tashkil etishga ehtiyoj mavjud.
Yig‘ilishda quritilgan mevani eksport qilish uchun 27 xil turdagi tahlil qilinadigan laboratoriya talab etilishi, lekin birorta ham bunday laboratoriya yo‘qligi, to‘qimachilik mahsulotlarini Yevropa bozoriga olib kirish uchun zarur bo‘lgan 61 ta laboratoriya tahlilining 16 tasi bizda yo‘lga qo‘yilmagani tanqid qilindi.
Eng muhimi, tadbirkor bu muammolardan mahsulotini Yevropaga olib borgandan keyin xabar topayapti. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi, Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati tadbirkorlar bilan ishlash, o‘qitish, muloqotni yo‘lga qo‘ymagani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu munosabat bilan ushbu idoralar rahbarlari oldiga 20 mingta ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar bilan ishlab, yil yakuniga qadar Yevropaga eksport qiluvchi korxonalar sonini 2 mingtaga ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.
Ularga bir oy muddatda qaysi standartni joriy qilish, qaysi laboratoriyani yangilash bo‘yicha dastur ishlab chiqish topshirildi.