Evropa Ittifoqi: Mintaqamiz ravnaqi yo‘lidagi muhim sherik
Bu yil O‘zbekiston Respublikasi bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganiga 30 yil to‘ldi. Aloqalarimiz yildan-yilga jadal tus olib, turli sohalarda rivojlanib bormoqda.
Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonda aholi farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik jarayonlarini samarali qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaqin orada hamkorlik uchun yana bir maydon yaratish rejalashtirilgan. Samarqand shahrida “Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo” birinchi rasmiy sammiti bo‘lib o‘tadi. Ushbu nufuzli tadbir do‘stona aloqalarimizning yangi sahifasini ochishi, shubhasiz.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Yevropa komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayenga uning ushbu lavozimga qayta saylangani munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ham so‘nggi yillarda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi bilan keng qamrovli munosabatlari sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani, mamlakatimizdagi ortga qaytmas tus olgan demokratik va iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda Yevropa komissiyasi rahbarining ulkan hissasi borligi e’tirof etilgan.
Darhaqiqat, 27 mamlakatni o‘zida birlashtirgan iqtisodiy va siyosiy hamjamiyat O‘zbekiston hamda butun Markaziy Osiyodagi iqtisodiy va ijtimoiy loyihalarda faol ishtirok etayotgan tomonlardan biri. Umumiy bozor, odamlar, tovarlar, kapital va xizmatlarning erkin harakatlanishini kafolatlaydigan, 500 millionli nufusga ega Yevropa Ittifoqi mintaqamizdagi bu kabi intilishlarni ham doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlab keladi. Zero, aloqalarning samaradorligi ko‘p jihatdan aynan Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan konstruktiv siyosiy muloqot va ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirish Yevropa hamjamiyatining hamda mintaqa davlatlarining manfaatlariga mos kelishi bilan bog‘liq.
Butun dunyodagi singari Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari koronavirus pandemiyasi bilan kurashdan so‘ng yangi inqirozlarga duch keldi. Mazkur inqirozlar dunyoda ta’minot zanjirlari uzilishiga, oziq-ovqat xavfsizligi va savdo-sotiq aloqalariga putur yetkazdi. Bu tangliklar sharoitida davlatlar o‘z mahsulotlari uchun yangi bozorlar va transport yo‘laklarini izlayapti. Shu ma’noda, O‘zbekistonning YeI bilan manfaatli sherikligi alohida o‘rin tutadi. 2022 yilning noyabr oyida O‘zbekistonda Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiya o‘tkazilishi, unda raqamlashtirish, transport kommunikatsiyalari, energetika va suv resurslarini boshqarish sohalaridagi loyihalarni, xususan, yevropalik sheriklarning “Global darvoza” strategiyasi doirasida ilgari surishga alohida e’tibor qaratilgani ana shunday intilishlarning natijasi, desak yanglishmagan bo‘lamiz.
Qolaversa, Markaziy Osiyoda barqaror energetika tizimini yaratish hamda professional ta’lim sohasida bir qator muhim mintaqaviy loyihalar boshlandi. Toshkentda fuqarolik jamiyati forumi, Olmaotada ikkinchi Iqtisodiy forum o‘tkazilishi, shuningdek, Yevropa tiklanish hamda taraqqiyot banki (YeTTB)ning Samarqandda bo‘lib o‘tgan yillik yig‘ilishi va boshqa tadbirlar mintaqa davlatlarining yevropalik sheriklari bilan muloqotlari sifat jihatdan ijobiy tomonga o‘zgarib borayotganini yana bir bor ko‘rsatdi. Boz ustiga, ana shunday sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, bugun Markaziy Osiyo Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari uchun jozibador markazga hamda yangi iqtisodiy imkoniyatlar makoniga aylandi. Zamonaviy sanoat quvvatlarini yaratish, “yashil” energetikani joriy etish, “aqlli” qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, takomillashgan transport-logistika infratuzilmasini shakllantirishga qaratilgan keng investitsiyaviy va texnologik sheriklik fikrimizning yaqqol isbotidir.
Keyingi yillarda O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan barcha darajadagi muloqotlari sezilarli darajada faollashdi. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya, Germaniya, Italiya, Vengriya va Chexiya yetakchilari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Mamlakatimizning Budapesht va Stokgolmda elchixonalari ochildi. Yevropa Ittifoqi bilan tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda. Bunda 2021 yildan O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus preferensiyalar tizimi (“GSP+”) kuchga kirishi katta ahamiyat kasb etdi. “GSP+” tizimining benefitsiar a’zosi sifatida O‘zbekistonning matolar, kiyim-kechak va plastik mahsulotlari kabi bir qator muhim eksport tovarlariga tariflar bekor qilinishi eksportimizning o‘sishi va mamlakatimizga qo‘shimcha sarmoyalar jalb etilishiga imkon beradi. Barqaror taraqqiyot sohasida “GSP+” oldidagi majburiyat O‘zbekistonning ishonchli va uzoqni ko‘ra oladigan iqtisodiy sherik sifatidagi pozitsiyasini yanada mustahkamlaydi.
Yevropaning yetakchi kompaniya va banklari bilan yuqori texnologik ishlab chiqarish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha istiqbolli loyihalar portfeli 20 milliard yevrodan ziyodni tashkil etmoqda. Strategik hamkorlarimiz orasida Germaniya, Fransiya, Italiya, Vengriya kabi YeI mamlakatlarining “Siemens”, “Linde Group”, “CLAAS”, “Airbus”, “BASF”, “EDF”, “Alstom”, “Total”, “Orano”, “OTP Group” va jahonga mashhur ko‘plab boshqa korporatsiyalari bor.
Qo‘shma loyihalarning amalga oshirilishi, shubhasiz, Yevroosiyo qit’asining industrial xaritasini tubdan o‘zgartirib yuborishga imkon beradi. Negaki, bunday hamkorlikdan har ikki tomon ham katta foyda topadi. Buning uchun salohiyat yetarli. Masalan, murakkab geosiyosiy vaziyat va global iqtisodiyotdagi salbiy jarayonlarga qaramasdan, Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror o‘sishni namoyish etmoqda. Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tahlilchilarining so‘nggi o‘rganishlariga ko‘ra, mintaqadagi umumiy iqtisodiy o‘sish joriy yilda 5,3-5,5 foizni tashkil qiladi. Yevropalik ekspertlar esa O‘zbekistonda o‘rtacha 6,5 foizlik yillik o‘sishni prognoz qilmoqda. Ayni paytda mamlakatimiz o‘z oldiga “O‘zbekiston — 2030” strategiyasiga asosan yalpi ichki mahsulot hajmi va aholining real daromadlarini ikki barobar oshirib, daromadlari o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirishni rejalashtirgan. Jadal sanoatlashtirish siyosati, shu jumladan, qayta ishlash tarmoqlariga xorijiy sarmoyalarni, xususan, YeI davlatlari investitsiyalarini keng jalb etish ushbu maqsadga erishishning asosiy omili bo‘ladi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, juda murakkab geosiyosiy sharoitda Markaziy Osiyo YeIning eng muhim hamkoriga aylandi. Bundan bir necha yil oldin Markaziy Osiyo Yevropa hamjamiyati uchun chekka hudud bo‘lib tuyulgandi, endilikda esa mintaqamiz transport-tranzit yo‘llarining markaziga aylandi. Shuning uchun ham hamkorlik har ikki tomon uchun muhim. O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni qabul qilish jarayoni tez fursatda yakunlanishi ham savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivoj topishiga yo‘l ochadi. Xavfsizlik va kommunikatsiyalar, energiya va resurslarni diversifikatsiyalash nuqtai nazaridan sheriklikni yanada mustahkamlash zarurligi ayon bo‘lib boryapti.
Shu ma’noda, barqaror iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida o‘zaro bog‘langan transport yo‘laklarini shakllantirish ustuvor masala. Ayniqsa, Markaziy Osiyo va Yevropaning transport-kommunikatsiyaviy bog‘liqligini, eng avvalo, “O‘rta marshrut” deb nom olgan Transkaspiy tranzit yo‘lagini shakllantirish orqali rivojlantirish maqsadida mamlakatlarimizning sa’y-harakatlarini birlashtirish muhim. Bu yo‘l mintaqaning qiyofasini o‘zgartirish, Xitoydan tortib Markaziy Osiyo, Janubiy Kavkaz, Turkiya va Yevropa kabi boshqa mintaqalar chegaralariga ulanish, tovar yetkazish imkonini beradi. Mazkur yo‘lak Yevropaga ham, Markaziy Osiyoga ham barqarorlikni mustahkamlash, siyosiy va iqtisodiy aloqalarni diversifikatsiya qilish uchun yechim hisoblanadi. Yevropa va xalqaro moliya institutlari Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasidagi barqaror transport aloqalari uchun 10 milliard yevro ajratadi. Investitsiyalar Transkaspiy transport yo‘lagini rivojlantirishga yo‘naltiriladi, shunda u orqali yuk 15 kun ichida o‘tishiga erishiladi.
Ta’kidlash joizki, ushbu loyiha o‘tgan yili Samarqandda bo‘lib o‘tgan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki boshqaruvchilari uchrashuvida ham puxta tahlil qilindi. Afsuski, ushbu magistral raqobatbardoshligini oshirish masalasida o‘zaro muvofiqlashgan yondashuv hanuzgacha mavjud emas. Davlatimiz rahbari ko‘p bora ta’kidlaganidek, bugun yuk tashishning asosiy hajmini hosil qilayotgan biznes uchun manfaatli bo‘lgan tariflar kerak. Biroq tahlillar ko‘rsatayotganidek, ushbu yo‘nalishdagi joriy tarif va yig‘imlar, masalan, muqobil bo‘lgan Shimol — Janub yo‘nalishlaridagidan 1,5 barobar baland. Shuning uchun Transkaspiy yo‘lagi salohiyatidan foydalanishning doimiy, ta’sirchan mexanizmini yaratish maqsadga muvofiq.
Yevropa Ittifoqi investitsiyaviy va texnologik jihatdan yuqori imkoniyatga ega. O‘zbekistonda esa ulkan insoniy resurslar va malakali ishchi kuchi mavjud. YeI texnologiyalari va investitsiyalari katta miqdorda kirib kelsa, bundan har ikki tomon ham yutadi. Shu nuqtai nazardan, “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” iqtisodiy forumi doirasida har yili sanoat-texnologiya ko‘rgazmalarining o‘tkazilishi bunga imkon beradi. Bugungi voqelikdan kelib chiqib, O‘zbekiston Yevropa investitsiya banki bilan birgalikda Yevropaning yetakchi kompaniyalari ishlab chiqarish quvvatlarini mamlakatlarimizga ko‘chirish jarayonida ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning maxsus vositalarini ishga tushirishdan manfaatdor. Davlatimiz rahbari shu maqsadda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini O‘zbekistonda ochishni taklif qilgan.
Xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Yashil shaharlar” dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektr avtobuslar xarid qilish hamda ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasi 100 ta elektrobus va 50 ta quvvatlantiruvchi moslama xaridi uchun shartnoma imzolangan va 2023 yil may oyida dastlabki 6 ta elektrobus Samarqand shahriga keltirildi.
O‘zbekiston raqamli o‘zaro bog‘liqlik sohasida Yevroittifoq bilan yaqindan hamkorlikni oshirish niyatida. Jahon banki mutaxassislarining tadqiqotlariga ko‘ra, yuqori tezlikdagi internetdan foydalanish imkoniyatlarining yanada kengaytirilishi mintaqa mamlakatlari yalpi mahsuloti va eksporti hajmining mutanosib ravishda oshishiga olib keladi. Yevropa Ittifoqining bu boradagi tashabbuslari Markaziy Osiyo uchun raqamli kun tartibini birgalikda ishlab chiqish yo‘lidagi dadil qadam bo‘ladi.
Iqlim sohasidagi xatarlarga qarshi kurashish ham hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan. Dunyo qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va boshqa tabiiy ofatlar qarshisida qolayotgan bir paytda Yevropaning ilg‘or bilim va texnologiyalarini qo‘llagan holda maqsadli mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hisobidan ekotizimlar barqarorligini ta’minlash kun tartibidagi muhim mavzulardan biri bo‘lib qolmoqda. Qolaversa, “yashil” iqtisodiyotga o‘tish, an’anaviy energiya manbalari bilan bir qatorda, qayta tiklanuvchi energiya inshootlarini qurish ekologiyani asrash ishiga xizmat qiladi. Yevropa Ittifoqida bu borada tajriba va salohiyat yetarli. Bugun O‘zbekistonda ham “yashil” energetika faol rivojlanib bormoqda va bunda YeI davlatlarining ulushi mavjud. 2030 yilga borib qayta tiklanuvchi energiya ishlab chiqarish quvvatlarini 25 ming megavattgacha oshirish va uning ulushini hozirgi 14 foizdan 40 foizgacha yetkazish rejalashtirilgan. Bunda YeI sarmoyalari va texnologiyalari suv bilan havodek zarur. Shu maqsadda O‘zbekiston YeIni Markaziy Osiyo atrof-muhitni va iqlim o‘zgarishini o‘rganish universitetini tashkil etish loyihasida faol ishtirok etishga chaqirgan.
Gumanitar sohadagi hamkorlik ham rivojlantirilishi kerak bo‘lgan yo‘nalish. O‘zbekiston bu borada Parijdagi Luvr va Berlindagi Yangi muzey bilan hamkorlikda ikkita noyob loyihani amalga oshirdi. Butun dunyoga mashhur ushbu san’at markazlarida ilk bor mintaqamizning boy madaniy-tarixiy merosi keng namoyish etildi. Yoshlar ta’limiga investitsiya kiritish ham dolzarb vazifa. O‘zbekistonda Yevropaning yettita universiteti filiallari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Lekin bu yetarli emas. O‘zbekistonimiz yaqin istiqbolda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan sheriklikni yo‘lga qo‘yish va qo‘shma ta’lim dasturlarini, birinchi navbatda, muhandislik mutaxassisliklari bo‘yicha joriy qilish ustida ish olib boryapti. Yevropalik sheriklar ta’lim sohasi vazirlari va universitetlar rektorlarining shu formatdagi uchrashuvlari muntazam o‘tkazilayotgani bunga keng yo‘l ochadi.
Xavfsizlik sohasida yangi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash o‘zaro munosabatlarning eng muhim yo‘nalishlaridan. Bugun o‘rtada chegaralarni himoya qilish, narkotrafik va terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha qo‘shma dasturlar samarali amalga oshirilmoqda. So‘nggi yillarda ikki yuzdan ortiq mintaqaviy tadbirlar o‘tkazildi. Yevropalik sheriklar ko‘magida minglab yuqori malakali mutaxassislar tayyorlandi, chegara punktlari modernizatsiya qilindi. Ekstremizm va radikalizm, odam savdosi, uyushgan va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish hamda chegaralarni qo‘riqlash sohasida yangi sheriklik dasturlarining ishlab chiqilayotgani e’tiborga molik. Bu haqda so‘z ketganda, e’tibor markazimizda, avvalo, Afg‘oniston muammosi turadi. Afsuski, Afg‘onistondagi gumanitar vaziyat barqaror emas. Birlashgan Millatlar Tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda millionlab afg‘onlar halokat yoqasida turibdi. Shu munosabat bilan O‘zbekiston YeIni hamisha afg‘on masalasida samarali hamkorlikka chorlab keladi. Afg‘onistondagi vaziyatni tartibga solish va uning tinch taraqqiyotiga ko‘maklashish borasidagi dolzarb masalalar yechimi yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakillarning muntazam maslahatlashuvlarini o‘tkazishga alohida ahamiyat qaratib kelmoqda.
Shubhasiz, joriy yil Samarqandda o‘tkazilishi kutilayotgan “Markaziy Osiyo — Yevropa Ittifoqi” formatidagi birinchi rasmiy sammit tomonlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan muhim tashabbuslarni ilgari surishga, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga yangicha sur’at bag‘ishlaydi, mintaqada tinchlik va barqarorlikni, izchil taraqqiyotni ta’minlashga xizmat qiladi.
Erkinjon TURDIMOV,
Samarqand viloyati hokimi,
Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi a’zosi.
(“Xalq so‘zi” gazetasining 2024 yil, 20 avgust, 167-sonidan olindi).