Yevropadagi eng eski dorixona

Yevropaning eng eski dorixonasi Tallin shahridagi Ratush maydonida joylashgan. Uning birinchi qavatida zamonaviy dori-darmonlar sotiladi, to‘rida esa muzey. Dorixonaning qachon ochilgani haqida tarixchilar aniq fikr bildirisha olmaydi. Biroq ayrim olimlar 1415 yilda ochilganini ta’kidlaydilar.

Iogann Molner degan kishi birinchi dorixonachi bo‘lgani haqida ma’lumotlar saqlanib qolgan. Shunisi qiziqki, dorixonada dorilar faqat tabiiy o‘tlardan tayyorlangan va kasalliklarni davolashda hozirgi zamonaviy dorilardan qolishmagan.

Tallin dorixonasi yana sevishganlarning visol uchrashuvi joyi ham bo‘lgan. Hatto, bu dargohga aslzodalar ham bir stakan vino yoki qahva ichish uchun kirib turishgan.

Chet el mo‘’jiza ichimligi sifatida qahva 1695 yilda aynan shu dorixonada sotila boshlagan.

T.ShOMURODOV tayyorladi.