Yevroparlament deputati turizm sohasida hamkorlikni kuchaytirish niyatida

Mamlakatimizda mehmon bo‘lib turgan Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo va Mo‘g‘uliston bilan aloqalar bo‘yicha delegatsiyasi raisi, Italiyadan saylangan Yevroparlament deputati Fulvio Martushello 30 mart kuni Samarqandga keldi.


Samarqand viloyati hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Jamshid O‘roqov va Fulvio Martushello Yevropa mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan o‘zaro fikr almashishdi.

J.O‘roqov Yevropa ittifoqiga a’zo mamlakatlar bilan ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar yil sayin rivojlanib borayotganligini ta’kidladi. Jumladan, Italiya bilan amalga oshirilayotgan iqtisodiy hamkorlik natijasida 2020 yilda Samarqand viloyatining Italiya bilan o‘zaro tovar aylanmasi 6,9 million AQSh dollarini tashkil etgan. Xususan, eksport 0,6 million, import esa 6,3 million AQSh dollarini tashkil qilgan. Shuningdek, bugungi kunda viloyatda Italiya kapitali ishtirokida uchta qo‘shma korxona hamda bitta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.


O‘z navbatida Fulvio Martushello ham hamkorlikni kuchaytirish tarafdori ekanligini ta’kidlab, Yevropa ittifoqi O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqalarni mustahkamlashni ma’qullashini ma’lum qildi.


Uchrashuv davomida tomonlar o‘zlarni qiziqtirgan savollarga javob topib, kelgusi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab olishdi.


Fulvio Martushello hamrohlari bilan birgalikda Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylarida bo‘lib, xalqimizning betakror madaniy merosi bilan tanishdi.

– Toshkentda o‘tkazilgan uchrashuvlarda mutasaddilar Samarqandga sayohatga taklif qilishdi, – deydi Fulvio Martushello. – Bu bejizga emas ekan. Boy madaniy merosi Samarqandning turizm sohasida ulkan imkoniyatlarga ega ekanligidan dalolat. Viloyat hokimligida o‘tkazilgan uchrashuvda ham bu borada fikrlashdik. Mavjud imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanilsa, mamlakatda, aynan Samarqandda turizm kutilgan darajada rivojlanadi. Bizning bugungi tashrifimiz ham Yevropa mamlakatlari va O‘zbekiston hamkorligini yanada rivojlantirishga qaratilgan.

Alisher Isroilov.