YeXHT Boku va Yerevanni o‘t ochishni bas qilishga chaqirdi

YeXHT (Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti)ning amaldagi rahbari, Albaniya bosh vaziri Edi Rama Boku va Yerevanni o‘t ochishni bas qilishga chaqirdi.

“Men Armaniston va Ozarbayjon chegarasida zo‘ravonliklarning oshganidan chuqur xavotirdaman va yangi qurbonlar bo‘lmasidan, zudlik bilan o‘t ochishni bas qilishga chaqiraman”, deya ta’kidladi Rama.

U to‘qnashuvlar oqibatida halok bo‘lganlarning oila a’zolari va do‘stlariga hamdardlik bildirdi.

12 iyulda Armaniston-Ozarbayjon chegarasida boshlangan qurolli to‘qnashuvlar Tovuz va Tavush tumanlariga yaqin hududlarda davom etmoqda. Rasmiy Boku bergan ma’lumotga ko‘ra, qurolli to‘qnashuvlar oqibatida 11 nafar Ozarbayjon harbiy xizmatchisi, jumladan, bir nafar general halok bo‘lgan. Armaniston tomoni 2 nafar ofitser va 5 nafar jarohatlangan askarlar haqida ma’lum qildi. Ozarbayjon va Armaniston bo‘lib o‘tgan voqealarda o‘zaro bir-birini ayblamoqda. Bir qator mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida yuzaga kelgan to‘qnashuvlar borasida o‘z xavotirlarini bildirishdi va tomonlarni kelishuvga undadi.