Ezgulik, mehr-oqibat bayrami viloyatimizda keng nishonlandi
Viloyatimiz ahli yangilanish, uyg‘onish, yasharish bayramini nishonlash barobarida, mehr-muruvvat, ahillik, totuvlik, yoshi ulug‘ insonlar, ko‘makka muhtoj yurtdoshlarimiz holidan xabar olishdek ezgu tadbirlarga bosh-qosh bo‘ldilar.
Viloyatning asosiy Navro‘z tantanalari o‘tkazilgan Samarqand shahrida erta tongdan karnay-surnay sadolari yangrab, el bayram shodiyonalariga chorlandi. Shaharning o‘ndan ziyod maskanlarida xalq sayillari tashkil etilib, korxona va tashkilotlar, ta’lim muassasalari tomonidan azaliy urf-odatlarimizga muvofiq dasturxon bezatildi. Turli bahoriy taomlar, shirmoy kulchalaru patirlar, doshqozonlarda tayyorlangan sumalak dasturxonlarga tortildi. Qizlar o‘zbekona odatlarga binoan kelin salomlar qildilar, yigitlar qadimiy laparlardan ijro etishdi.
Viloyat hokimi T.Jo‘rayev xalq bilan muloqot qilar ekan, Navro‘z kunlarida faqat yaxshiliklar haqida gapirish, yil boshidagi ishlarga kirishilishi oldidan istiqbolli rejalar belgilab olish haqida so‘z yuritdi. Allaqachon dalalarga chiqib, el dasturxonini to‘kin qilish maqsadini ko‘zlayotgan bobodehqon va mirishkorlarimizning ishlariga unum, xirmoniga baraka tiladi.
"Dimoqqa yalpizlar nafasi urar…"
Registon maydoni va Islom Karimov ko‘chasida sumalak, ko‘k pichak, palov, ko‘k somsa kabi milliy taomlarimizdan kattayu kichik bahramand bo‘ldi. "Yaxshidan bog‘ qoladi", degan hikmat bosh g‘oya sifatida olingan ushbu maydonda milliy hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari tashkil etildi.
– Kollejimiz o‘quvchilari tomonidan yaratilgan o‘tov ko‘pchilikning e’tiborini tortdi, – deydi Oqdaryo maktabgacha ta’lim va xizmat ko‘rsatish kasb-hunar kolleji direktori o‘rinbosari Bekmurod Rashidov. – O‘tovni ko‘rgan mahalliy aholi, chet ellik mehmonlar uning yaratilishi bilan qiziqdi. Ayniqsa, uning Registon maydoniga o‘rnatilgani o‘ziga xos ko‘rinish kasb etdi.
– Samarqandga tez-tez kelib turaman, – deydi farg‘onalik Sherzod Muxamov. – Bu gal oilamiz bilan keldik. Ochig‘i, ko‘p vaqtdan beri ko‘nglimga tugib yurgan istaklarim Navro‘z ayyomida ushalganidan xursandman. Erta tongdan Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov qabrini ziyorat qildik. Registon maydonidagi Navro‘z sayillari keng miqyosda nishonlanayotgani, turli ko‘rgazma va chiqishlar bizda katta taassurot qoldirdi.
– Bizda ham bahor bayrami o‘tkaziladi, – deydi yaponiyalik Okano Masayuki. – Ammo sizlardagidek bu qadar ko‘p odam bo‘lmaydi. Ko‘rgazmalar hamda bir-biridan mazali taomlaringiz e’tiborimizni tortdi. Ayniqsa, sumalak va ko‘k somsaning o‘ziga xos mazasi bor. Samarqanddan bir olam taassurot oldik, Registon va Bibixonim majmualari bilan tanishdik.
"Yoshlik"da yoshlar sayli
"Yoshlik" madaniyat va istirohat bog‘ida o‘tkazilgan bayram tantanalarida Samarqand shahridagi 4-bolalar musiqa va san’at maktabi, pedagogika hamda iqtisodiyot kollejlari jamoalarining konsert dasturlari, bahor, yurtimiz tarovati aks etgan rasmlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
– Bugungi bayram musiqa va san’at maktablari, kollejlarda tahsil olayotgan o‘quvchilarning o‘z iqtidorini namoyish etishi uchun maydon vazifasini o‘tadi, – deydi Yulduz mahallasida yashovchi Lola Rustamova. – Farzandlarim bilan sayilga chiqib, yoshlarning 30 dan ziyod turli uslubdagi ijrolari, bo‘lajak rassomlarning yurtimiz jamolidan ilhomlanib chizgan tasviriy san’at namunalariga guvoh bo‘ldik.
Tabiat uyg‘onishi
Amir Temur maydonida Samarqand shahridagi umumta’lim maktablari, "Barkamol avlod" markazi hamda Bulung‘ur, Jomboy, Oqdaryo, Urgut tumanlari xalq ta’limi bo‘limlari jamoalari o‘zlarining milliy ko‘rgazmalari, ijodiy ishlari, qadimiy urf-odatlarimiz aks etgan sahna ko‘rinishlari bilan ishtirok etdi.
Doirachilar, raqs dastalarining ijrosi, yosh rassomlar ko‘rgazmasi, ip yigirayotgan onaxonlar, o‘rmak to‘qiyotgan momolarning ko‘rgazmali chiqishlari odamlarga zavq bag‘ishladi.
– Samarqanddagi Navro‘z sayillariga dugonalarim bilan keldik, – deydi urgutlik Sayyora Karimova. – Kigizdan qilingan mana bu o‘tov, oldida ip yigirayotgan momo, kelida bug‘doy yanchayotgan ayol bilan suhbatlashib, ajdodlarimizning o‘tmishdagi yashash tarzini his etdik.
Bobolar merosi – otameros
an’analarimiz ko‘zgusi
Viloyat musiqali drama teatri oldida teatr jamoasi, chet tillar instituti tomonidan milliy urf-odatlarimizga xos ko‘rgazmalar, milliy taomlar namoyishi havola etildi.
Ayniqsa, yozgi sahnada "Sen bahorni sog‘inmadingmi?" mavzusidagi teatrlashtirilgan tomoshalar bolajonlarga o‘zgacha kayfiyat bag‘ishladi.
– Hozirgina to‘g‘ri Parijdan keldim, – deydi fransiyalik sayyoh Noelli Pigaj. – Shunday chiroyli, qadimiy bayramni ko‘rish nasib qilganidan baxtiyorman. Qadim shaharning rang-barang bezaklari, o‘zbek ayollarining go‘zal milliy kiyimlarda, tabassum bilan bayramni nishonlayotgani hayratimni oshirdi. Dunyoning ko‘plab mamlakatlarida bo‘lganman, ammo ularning hech birida asrlar davomida ulug‘lanib kelinayotgan bayramni ko‘rmaganman. Odamlarning tarixga, milliy madaniyatga, qadriyatlarga sadoqatini ko‘rib, xalqingizga hurmatim oshdi.
QADRIYaTLAR FESTIVALI
Alisher Navoiy nomidagi markaziy istirohat bog‘ida viloyatdagi milliy madaniy markazlar tayyorlagan badiiy dasturlar namoyish etildi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi tomonidan "Yoshlar sayli" hamda bolalar festivallari o‘tkazildi. Bu tadbirlarga yosh olimlar, ijodkorlar, havaskor xonandalar va rassomlar, sportchilar, mahallalardagi uyushmagan yoshlar yetakchilik qilishdi.
– Bu yilgi bayram bir umrga esda qolarli bo‘ldi, – deydi Samarqand shahridagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Mohinur Akramova. – Chunki tengdoshlarim bilan turli intellektual, milliy o‘yinlarda bahs olib bordim. "Navro‘z va yoshlar" mavzusida asfalt va qog‘ozga rasm chizish aksiyasi juda maroqli o‘tdi.
Ayniqsa, festival doirasida "Ochil dasturxon", arqon tortish, tosh ko‘tarish, milliy kurash, arg‘imchoq, quvnoq chavandozlar, kuyov sinash, ko‘z bog‘lash, sakrab yugurish, ot o‘yini, silliq tosh, tortinmachoq, tugun tugish, to‘p tepish, hakkalagan qushchalar, xo‘rozlar jangi, chillik kabi milliy o‘yinlar, varraklar sayli, kitobxonlik viktorinasi, milliy liboslar ko‘rgazmasi, "Har bir sardorga bir nihol" loyihasi tadbirlari ishtirokchilarga zavq-shavq ulashdi.
Viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi tomonidan uyushtirilgan sport musobaqalarida yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan sportchilar ishtirok etdi.
"Zarafshon" muxbirlari xabarlari
asosida tayyorlandi.
Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.