Falastinliklar gumanitar yordam olayotgan paytda o‘qqa tutilgani aytilmoqda
Kecha Isroil mudofaa kuchlari yuk mashinalariga o‘zini urayotgan yuzlab odamlar, ya’ni g‘azoliklar tasvirini e’lon qildi.
Keyinchalik tiqilinch boshlanib, o‘nlab odamlar g‘ildiraklar ostida halok bo‘lgani ma’lum qilindi. G‘azo hukumati 100 dan ortiq odam tiqilinch tufayli emas, balki Isroil tomonidan o‘qqa tutilishi natijasida halok bo‘lganini aytmoqda. Ba’zi Isroil OAVlari ham mamlakat harbiylari haqiqatda o‘t ochganini yozgan.
"Netanyahu insonparvarlik yordamini tarqatish paytida g‘azoliklarning o‘ldirilishi uchun shaxsan javobgar", dedi Kolumbiya prezidenti Petro. "Bu genotsid deb ataladi va jahon kuchlari buni tan olishni istamasa ham Xolokostga o‘xshaydi. Dunyo Netanyahuni to‘xtatishi kerak", deb yozgan u. Petroning qo‘shimcha qilishicha, Kolumbiya Isroildan barcha qurol sotib olishni to‘xtatmoqda.
Falastinning BMTdagi doimiy kuzatuvchisi Riyod Mansurning ma’lum qilishicha, G‘azo sektorida gumanitar yordam tarqatish chog‘ida halok bo‘lgan falastinliklar boshiga o‘q uzilgan.
Al-Jazira telekanali xabaridagi kadrlarda Isroil mudofaa kuchlarining G‘azo ko‘chalaridan birida yordam kutib to‘plangan fuqarolarga hujumi aks etgan.