Fan olamida: Qutb quyunining mash’um sirlari

«Yer biosferasining sirli yemirilishi – davrimizning kutilmagan eng noxush iqlim «tuhfasi»dir», deb yozadi «Mir novostey» (2019 y. 5-son) haftanomasi.

Amerika va G‘arbiy Yevropa iqlimshunoslari Shimoliy yarimsharning katta qismida ob-havoni belgilovchi hodisa ro‘y berayotgan Shimoliy qutbni diqqat bilan kuzatishmoqda.

Olimlar qutb quyuni deb atalmish hodisa beqarorligi ortayotgani haqida tashvish bilan gapirmoqda. Hozirda asosiy e’tibor quyun bir necha kichik quyunlarga bo‘linib, o‘zining ta’sir zonasidan tashqariga yoyilayotgan Skandinaviyaga qaratilmoqda. Boshqa hududlarda ham xuddi shunday xatarli jarayon ro‘y bermoqda. Ushbu aql bovar qilmas hodisa Shimoliy Amerika, Shimoliy va Farbiy Yevropa, Osiyo qismlariga ham tegib o‘tishi mumkin.

2014 yilda qutb quyuni AQShda rekord darajada past haroratni keltirib chiqardi, o‘zining muzli nafasi bilan Britaniya va Yevropaning bir qismini to‘nglatib qo‘ydi. AQShda qutb havosi Florida kurortlarigacha yetib bordi. Yana deng Arktikada harorat qancha baland bo‘lsa, AQSh va Yevropa bo‘ylab zarba shuncha shafqatsiz tus oldi.

Qutb quyuni atmosfera va stratosferaning yuqori qatlamlarida hosil bo‘ladi, ammo kichik quyunlar troposferada pastga yopirilib, atmosferaning yerga tutash qatlamlarida tahlika vujudga keltiradi. Ehtimol, qutb quyunining ana shu beqarorligi iqlimga qudratli ta’sir ko‘rsatuvchi omildir. Buning oldida qo‘l bilan atmosferaga parnik gazi chiqarilib, ifloslantirilmoqda degani hech gap emas. Dunyoning turli burchaklarida favqulodda past chastotali diapazonda ulkan nurlantiruvchilar harakatlanadi. Bunday to‘lqinlar Yer yuzasidan aks qaytishga qobil va uning sirtidan 50 kilometrda elektr tebranish keltirib chiqaradi. Bu esa kuchli jala va dovulli ob-havo hosil qilishi mumkin, deb taxmin etilmoqda. 1977 yilda AQShda o‘tkazilgan tajriba Viskonsin shtatida kuchli jala keltirib chiqardi, shamol kuchi soatiga 157 mil.ga yetdi, 350 akr maydondagi o‘rmon vayron bo‘ldi. Uzatgich 1,2 million vatt energetik chiqindi chiqardi, tabiatdagi momoqaldiroqli to‘fon kuchiga yaqin jarayon hosil qilindi. Oqibat g‘oyat dahshatli edi. Tevarak-atrof va ob-havo uzoq vaqt tabiiy holatiga qaytmadi, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari kuchaydi.

Xitoy favqulodda past chastotali radioto‘lqin hosil qilish bo‘yicha AQShdan ham o‘zib ketdi va dunyoda yetakchiga aylandi. U 3700 kvadrat kilometr hududda ulkan antennalar tarmog‘iga ega maxfiy ob’yekt qurilishini nihoyasiga yetkazdi. Qurilishga 13 yil vaqt ketdi, uning yordamida Xitoy bir necha yuz metr chuqurlikdagi o‘zining maxfiy suvosti floti bilan aloqani ta’minladi. Aytishlaricha, Xitoy yana zilzilani oldindan ayta olarmish va foydali qazilma boyliklarni qidirib topishi mumkin ekan. Antennalarga ikkita yuqori voltli sim tortilgan 100x60 kilometr hajmdagi maydon po‘lat panjara bilan qoplangan. Tizim aql bovar qilmas elektromagnit nurlanish hosil qila oladi, u yerosti va havoda minglarcha mil masofani bosib o‘tdi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, xabar uzatish uzoqligi 3500 kilometrga yetadi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti favqulodda past chastotali to‘lqin inson asab tizimiga ta’sir etib, rak chaqirishi, miyani ishdan chiqarishi, ko‘z to‘ri hujayralarini shikastlashi mumkinligi haqida Pekinni oldindan ogohlantirgandi.

Xitoy hukumati esa antennalar aniq joyini sir tutmoqda. Taxmin qilinishicha, ular Markaziy Xitoyda Xuajong rayonida joylashgan bo‘lishi kerak. Xitoyliklar agar urush bo‘lib qolsa, ob’yekt juda asqotishini aytishmoqda. «South China Morning Post» gazetasining ta’kidlashicha, tajriba radioantennalari egallagan maydon Nyu York shahridan besh marta katta. Ushbu loyiha shu darajada maxfiyki, hatto unda ishlayotgan olimlar ham antennalar joylashgan joy qayerligini bilmaydi. Aytishlaricha, hukumat ushbu antennalar bolalar leykemiyasi, jazava, miya raki, gallyusinatsiya chaqirishini yonma-yon yashayotgan aholi bilmasligi uchun o‘ta maxfiy ish tutmoqda.

1968 yilda AQSh Harbiy Dengiz Kuchlari Viskonsin shtatining beshdan ikki qismini egallaydigan suvosti kemalari bilan ishonchli aloqani ta’minlovchi antennalar yaratishni taklif qilgandi. Ammo aholining ommaviy noroziligi Amerikani bu g‘oyadan voz kechishga majbur qildi. 1980 yilda SSSR Kolo yarim orolida «Zevs» loyihasi bo‘yicha qudratli radiouzatkich yaratdi. Hozirda uning quvvatiga teng keladigan ob’yekt dunyoda yo‘qligini hech kim bilmaydi.

AQShda o‘n yil davomida ultrapast chastotali nurlantirish orqali atmosferaning yuqori qatlamiga ta’sir o‘tkazib, iqlimni o‘zgartirish bo‘yicha tajribalar olib borilyapti. Fan rivojlanishi bilan qudratli antennalar tobora ko‘proq paydo bo‘lyapti. Atrof-muhitga ular qay darajada ta’sir o‘tkazadi hech kim aytolmaydi. Ammo iqlim buzilishiga salbiy ta’sir etishi aniq. AQShning shunday mikroto‘lqinli stansiyasi NAARP o‘ta maxfiy ravishda Alyaskada qurilgan. AQShda urush holatida ishonchli aloqani ta’minlash uchun butun hududida yadro yerusti uzatgich minoralari tarmog‘i qurilgan.

Sayyoramiz iqlimiga ta’sir etib, ob-havo buzilishiga olib keluvchi bunday tajribalar jahon jamoatchiligi noroziligiga sabab bo‘layotganiga qaramay, AQSh og‘ir oqibatli tajribalarni to‘xtatgani yo‘q. Avstraliyalik tadqiqotchi Lyuns Xeysvort ulkan nurlantirgich Yer ionosferasini pulsli nurlantirishga mahkum etishi, elektromagnit maydonini parchalab, Yer elektromagnit maydoni bilan biologik o‘zaro jarayonlarni izdan chiqarishini ta’kidlaydi. Bu esa butun sayyora iqlim va ekotizimiga jiddiy xavf tug‘diradi.

Tog‘aymurod SHOMURODOV tarjimasi.