Fan olimpiadasida SamISI akademik litseyi qizlari faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi

16-17 may kunlari Farg‘ona viloyati Quva tumanida fan olimpiadasining respublika bosqichi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek tili, qozoq tili, tojik tili, rus tili, qoraqalpoq tili, tarix va geografiya fanlaridan bo‘lib o‘tgan fan olimpiadasida Samarqand iqtisodiyot va servis instituti akademik litseyi o‘quvchilari Sevara Ergasheva birinchi, Sabina Dehqonova ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

- Qizlarimiz litseyda zukkoligi, tirishqoqligi bilan tengdoshlaridan ajralib turadi, - dedi SamISI akademik litseyi ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi Nasiba Ochilova. - Barcha fanlardan a’lo o‘qishga harakat qilib, akademik litseyda tashkil etilgan ma’rifiy-madaniy tadbirlarda faol qatnashib keladi. Sevara va Sabina ingliz tilidan IELTS xalqaro sertifikatiga ham ega. Bilimga chanqoq bu qizlarimizning orzulari juda ko‘p. Ular kelgusida o‘z sohasining yetuk bilimdoni bo‘lib, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissasini qo‘shishni maqsad qilgan.

Respublika fan olimpiadasida birinchi o‘rinni egallagan Sevara Ergasheva 3 960 000 so‘m pul mukofoti, ikkinchi o‘ringa munosib deb topilgan Sabina Dehqonova 2 640 000 so‘m pul mukofoti hamda sertifikat bilan taqdirlandi.