Faqat tadbirkorlarni emas, tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lganlarni ham qo‘llab-quvvatlaymiz
Tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilikni rivojlantirish, bandlikni ta’minlash orqali aholini kambag‘allikdan chiqarish, turmush darajasini oshirish - bugungi kunning dolzarb masalasi. Bu borada sektorlar rahbarlari, mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda va ushbu sa’y-harakatlar o‘z samarasini beryapti.
Yurtimizda tadbirkorlikni rivojlantirish, soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashni o‘z oldiga maqsad qilgan partiyamiz ham ishbilarmonlar orqali aholi bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga yo‘naltirish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatishga hissa qo‘shib kelmoqda.
Jumladan, O‘zLiDeP “Ayollar qanoti” tomonidan amalga oshirilayotgan “Bir deputat - yuz ayolga ko‘makchi!” loyihasi doirasida partiyadan saylangan mahalliy kengashlar deputatlari 2022 yilda o‘tkazilgan yuzdan ortiq tadbir natijasida 571 nafar xotin-qizga amaliy yordam ko‘rsatdi. Xususan, 122 nafar opa-singillarimiz tadbirkorlikka jalb qilindi, 121 nafari ishga joylashtirildi, 50 nafariga kredit olishda yordamlashildi. 120 nafar ayolga moddiy yordam berildi.
Birgina Jomboy tumanidagi 16-Xolvoyi saylov okrugidan viloyat Kengashi deputatligiga saylangan tadbirkor Haydar O‘roqov o‘tgan yil o‘zi saylangan hududdagi mahallalarda “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”da ro‘yxatga turgan ishsiz fuqarolar, 100 nafardan ortiq xotin-qizlarning ishga joylashishi, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashdi.
Bundan tashqari, yil davomida O‘zLiDeP viloyat Kengashi tashabbusi bilan 12 marotaba “Deputatlar va tadbirkorlar muloqot forumi” loyihasi o‘tkazildi. Bu uchrashuvlarda tushgan murojaatlarning 98 tasi ijobiy hal qilindi, 50 ga yaqin murojaat deputatlar nazoratiga olingan.
Deputatlar tomonidan tegishli tashkilot va mutasaddilarga deputatlik so‘rovlari bilan murojaat qilinishi natijasida asalarichilik, chorvachilik, tikuvchilik hamda go‘zallik saloni va sartaroshxona tashkil etib, tadbirkorlikni boshlash niyatidagi fuqarolarga bank kreditlari ajratildi.
Misol uchun, xalq deputatlari Ishtixon tumani Kengashi deputati K.Yavqochdiyevning ko‘magi bilan tumanning Namuna mahallasida yashovchi Mirzohid Abduhamidovning xo‘jalik sovuni va kir yuvish kukuni, suyuq sovun ishlab chiqarish faoliyatini kengaytirishi uchun unga bankdan 30 million so‘m kredit ajratildi.
Bu boradagi ishlar joriy yilda ham davom etmoqda.
Zafar KARIMOV,
O‘zLiDeP Samarqand viloyati Kengashi raisi, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.