Farmatsevtika yo‘nalishida 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish rejalashtirilmoqda
Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning farmatsevtika tarmog‘iga oid taqdimot bilan tanishuv jarayonida ma’lum qilingan. Ta’kidlanishicha, mavjud loyihalarni amalga oshirish orqali O‘zbekistonda dori vositalarini 20 foizga arzonlashtirish mumkin.
Prezident axborot xizmati xabariga ko‘ra, yilning dastlabki 4 oyida 30,5 million dollarlik ikkita loyiha ishga tushirilgan, 1,5 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 51 million dollarlik eksport qilingan.
Lekin, bu natijalar hali yetarli emas. Imkoniyatlar ham, rejalar ham ulkan.
Xususan, bu yil 400 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 200 million dollarga yetkazish rejalashtirilgan. 2 milliard dollarlik 147 ta loyiha boshlanib, shundan 28 tasi joriy yilda ishga tushirilishi belgilangan. 450 turdagi yangi mahsulotni mahalliylashtirish mo‘ljallangan.
Davlat rahbari bu imkoniyatlardan foydalanib, mahalliy mahsulotlar bilan ichki bozor talabini qondirish darajasini oshirish zarurligini ta’kidladi.
Ishlab chiqarishni xalqaro standartlarga o‘tkazish, narx va sifat mutanosibligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu maqsadda sohada raqamlashtirishni bu yil 65 foizga yetkazish, keyingi yil esa to‘liq yakunlash vazifasi qo‘yildi. Bu orqali narxni kamida 20 foizga arzonlashtirish mumkinligi qayd etildi. Soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
“Tashkent Pharma Park” innovatsion farmatsevtika klasteri faoliyatini jadallashtirib, 470 million dollarlik 12 ta loyihani ishga tushirish choralari ko‘rib chiqildi.
Farmatsevtika sohasiga investorlarni jalb qilib, yangi loyihalarni ko‘paytirish bo‘yicha ham axborot berildi.