Farmon Toshev: Biz o‘zgaryapmizmi?
Fikrimni bitta misol bilan tasdiqlashga urinaman. Bundan uch yil avval maxsus dastur asosida har bir tumanda bittadan namunali kushxona qurildi. Uni tadbirkorlar o‘z mablag‘i hisobidan qurdi, ko‘pchiligi bankdan kredit oldi. Ularga "Tuman hududidagi barcha mollar shu yerda so‘yiladi, qo‘ygan sarmoyangiz qisqa muddatda o‘zini oqlaydi", deb va’da berdik. Ammo…
Kushxonalar ochilgandan keyin uning faoliyati bilan hech kim shug‘ullanmadi, noqonuniy qassobxonalar faoliyatini davom ettiraverdi. Oqibatda yangi kushxonaga zamonaviy texnika vositasi, uskuna keltirgan ishbilarmon puliga kuyib qolaverdi. Sababi aniq – mutasaddilar dastur asosida kushxonani ishga tushirib, masalaga nuqta qo‘yishgan. Hokimning tegishli o‘rinbosari, DSENM, veterinariya xizmati mutasaddilari shu hududdagi mollarning aynan kushxonada so‘yilishini tashkil etmagan. Chunki bu ishni ulardan hech kim so‘ramagan.
O‘zgarish, eng avvalo, ishga mas’uliyat bilan va ijodiy yondashishda ko‘rinadi. Misol uchun, kecha viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi E.Turdimov o‘tkazgan yig‘ilishda bir narsa ma’lum bo‘ldi.
Vazirlar Mahkamasi «Urgut» erkin iqtisodiy zonasida loyihalarni ishga tushirish, xizmat ko‘rsatish tizimini, infratuzilmani yaratish bo‘yicha dasturni tasdiqlagan. Har bir yumushning muddati, moliyaviy manbasi ko‘rsatilgan.
O‘rganishda aniqlanishicha, viloyat hokimining tegishli o‘rinbosari ham, tuman hokimi ham, mutasaddi idoralar ham bir yerga to‘planib, muammolar yechimini muhokama etmagan. "Menga pul tushirsa yoki uskunani keltirsa qilaman", tarzida ishlagan. O‘z sohasiga tegishli muammoni yechish uchun jon kuydirmagan. Natijada ko‘plab loyihalarni ishga tushirish muddati o‘tib ketgan.
Ayrim tadbirlarni amalga oshirishda biryoqlamalik, ishga ijodiy yondashmaslik hali ham uchrayapti. Prezidentimiz har bir chiqishida jamoatchilik kuchiga tayanish zarurligini ta’kidlayapti. Viloyat hokimi jamoatchilik nazorati guruhini shakllantirdi.
Ming afsuski, ayrim tashkilot, idora rahbarlari bunday tajribani qo‘llashni xayoliga ham keltirmayapti. Aniqrog‘i, o‘z faoliyatlarida ochiqlikni ta’minlashni, nafaqat jamoatchilik, hatto o‘z jamoasi bilan mashvarat qilishni ham istashmayapti.
Televizorga, gazetaga chiqqani yoki intervyu bergani uchun xodimlar quvg‘inga, tazyiqqa uchrayapti. Vaholanki, rahbari yoki mutasaddi xodimi ishdan bo‘shatilgani bilan o‘sha joydagi muammolar hal bo‘lmayapti. Bunday rahbarlarga jamoatchilik bilan birga o‘ziga tegishli muassasaga borib, ahvolni o‘rganish, kamchiliklarni tugatish yaxshi samara berishini tushuntirish qiyin kechyapti. Chunki ular kadrlar tanlashni pinhona bajarishga, kamchiliklarni esa yashirib, xaspo‘shlashga o‘rganib qolishgan.
Eng yomoni, bunday rahbarlar o‘z xodimi bilan chin dildan maslahat qilib, unga jo‘yali maslahat bera olmaydi, aniqrog‘i, "past ketgisi" kelmaydi.
Savolim ham o‘shalarga: Siz qachon o‘zgarasiz?