Farmon Toshev:“Jurnalist mustaqil fikrli, xolis va ijtimoiy faol bo‘lishi zarur”

“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi, taniqli yozuvchi Farmon TOShEV bilan “Xiyobon”da shu haqda suhbatlashdik.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda adabiyot, madaniyat sohalari kabi milliy media sohani zamon talablariga monand ravnaq toptirishga jiddiy e’tibor qaratilayotir. Xususan, yaqinda “O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Bu, albatta, milliy jurnalistikamiz rivoji, uning dunyo hamjamiyatidagi mavqei, shuningdek, bugungi zamon axborot makonida mamlakatimizning ham o‘z munosib o‘rni bo‘lishiga ijobiy ta’sir o‘tkazadi. Avval shu haqda fikrlashsak…

— Ushbu masala hozirgi jamiyat uchun pishib yetilgani haqida tajribali hamkasblarim, olimlar yetarli darajada xulosa berganligi uchun ularni takrorlamasdan o‘z tajribamdan kelib chiqib fikr bildirmoqchiman. To‘g‘ri, qaror o‘z vaqtida chiqdi va yangi universitet zimmasiga ko‘p mas’uliyatli vazifalar yuklandi. Bemalol aytish mumkinki, mazkur oliygohda munosib kadrlar ish boshlaydi. Bu ezgu ish samarasini ikki-uch yilda ko‘rishimizga ishonaman.

Ammo jurnalistika faqat bular bilan o‘zgarib qoladigan soha emas. Chunki har qanday iqtidorli jurnalistni ham avvalo jamiyat “hazm qila olishi” zarur.

Agar e’tibor bergan bo‘lsangiz, Prezident ishni avvalo shundan boshladi. Ya’ni, odamlarning oddiy hayotiy ehtiyojlari, katta-kichik muammolaridan vaqtida xabardor bo‘lish, shu xabardorlik bilan yashash, buning uchun odamlarga yaqinlashish, ular bilan birga nafas olish, muammolarning maqbul yechimini topish — xalq ichiga kirib borish, aholi bilan jonli muloqot o‘rnatish va, umuman, o‘z faoliyati bilan bizga har jihatdan ibrat ko‘rsatdi. “Rahbarman” deganiga ommaviy axborot vositalari orqali xalqqa hisob berish tizimini yaratdi. Do‘stlik klublari, matbuot konferensiyalari, brifing, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotlar jamiyatning OAVga munosabatini, harqalay, o‘zgartiryapti. Chunki g‘oya bilan amaliyot uyg‘un holda tatbiq etilishi zarur.

Bir misol: o‘zbek adabiy tili nufuzini oshirish, uni tadqiq etish ko‘lamini kengaytirish maqsadida maxsus universitet tashkil etildi, to‘g‘ri, hozir oliygohda katta hajmda ish olib borilyapti. Ammo rasmiy yig‘ilishlarda hali davlat tili ustuvorligi sezilgani yo‘q. Televideniye, radioda, hatto ilmiy anjumanlarda ma’lum bir hududga xos shevada gapirish ko‘paysa ko‘paydiki, aslo kamaygan emas. Chunki rasmiy davra yoki televideniye orqali aytaylik, hatto taniqli olimlarning ham shevada gapirishini universitet taqiqlay olmaydi. Demak, bu borada qilinadigan ishlar hali anchagina.

Adabiy tilning nufuzini namoyish qiladigan kuch — badiiy adabiyot, jurnalistika, uning manbasi — vaqtli nashrlar, yig‘inlar, televideniye va radio. Shuning uchun biz ularning ham tilga munosabatini o‘zgartirishimiz zarur.

— Bundan bir muncha vaqt muqaddam kechgan suhbatingizda “ishxonamizga yigirmaga yaqin gazeta keladi, lekin ularni o‘qish uchun uncha ko‘p vaqt sarflamayman”, degan edingiz. Hozir ham shundaymi?

— Bu masalada hamkasblarimni ayblashdan yiroqman. Masalan, beshta gazetaning barchasi bir xil materialni bergach, bittasini o‘qiy qolaman.  (Lekin qiziqarli maqolalarni qoldirmay o‘qish odatim bor. Keyin muallifiga yoki tahririyatga, albatta, qo‘ng‘iroq qilib munosabat bildiraman). Ana shu holat islohga muhtoj. To‘g‘ri, ayrim teleradio­kanallar, veb-saytlar siyosiy materiallarni ham uslubiy yondoshgan holda uzatishga intilyapti. Ammo afsuski, bosma nashrlar bunga jur’at qilaolgani yo‘q. (Ehtimol, shu mavzuda seminar tashkil qilib, bir qarorga kelish kerakdir?!) Yomon tomoni, bunday holat keng jamoatchilikda matbuotga munosabatni o‘zgartirishga to‘siq bo‘layotgani ham bor gap.

Nashrlarni bunday “tez o‘qish”ning yana bir sababi — markaziy gazetalar aksariyat hollarda bir xil yoki o‘xshash axborotlar bilan cheklanadi. Holbuki, aynan ushbu axborotni bir yoki ikki kun avval televizorda ko‘rgan bo‘lamiz. Mabodo, o‘sha voqea gazetalar yo‘nalishidan kelib chiqqan holda batafsil yoritilsa (tahlil qilinsa!), barcha birday e’tibor qaratmagan jihatlari tilga olinsa, bu boshqa gap…

— Ommaviy axborot vositalarining chinakamiga milliy g‘oyamizni rivojlantirish, xalqimiz ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qilishi uchun nimalarga e’tibor qaratish kerak, deb o‘ylaysiz?

— Yaxshi savol. Nazarimda, siz bevosita tahririyatlar va jurnalistlarning hozirgi vazifasi haqida so‘rayapsiz? Bu borada e’tiroz mo‘l, dard og‘ir…

E’tibor berganmisiz, bugun muqim ijodiy jamoaga ega bo‘lmagan gazetalar ko‘p o‘qilayapti. (Men bu yerda idoraviy gazetalarni nazarda tutmayapman. Chunki ular o‘z qobig‘idan chiqa olmayapti). Xo‘sh, nega? Bu holni bizda qaysi olim tahlil qilgan?

Shu o‘rinda muqim ijodiy jamoaga ega bo‘lmagan nashrlar nega ko‘p o‘qilayotgani borasida muxtasar mulohaza qilib ko‘raylik. Mening nazarimda, chet mualliflar gazetaga aytish mumkinki “toza nafas” keltiradi. Aniqrog‘i, odamlarni (avvalo, o‘zlarini) qiziqtirgan yoki bezovta qilayotgan holatni yozadi. To‘g‘ri-da, “falon viloyatda falon mavzuda yig‘ilish bo‘ldi”, degan axborot berib turishi uchun muxbir ushlab turishdan kimga naf?..

Bizning jamoada besh yildan buyon bir tajriba qo‘llaniladi. Ya’ni tajribali xodimlarimiz shahar va tuman gazetalariga hamkor qilib biriktirilgan. Bu safga ayrim nodavlat gazetalari xodimlarini ham qo‘shdik. Ular tumandagi hamkasblari bilan hamkorlikda ishlab, o‘zaro tajriba almashib turadi, maqola ham tayyorlab beradi. O‘zimga kelsak, men “Payariq hayoti” bilan ishlayman, ularga o‘z imzom bilan maqola berib turaman.

Bunday ma’naviy va amaliy yordam tufayli “Pastdarg‘om haqiqati”, “Jomboy tongi”, “Istiqbol sari”, “Urgut sadosi” gazetalarida havas qilsa arzigulik ijodiy muhit yaratildi. Davlat va hududiy dasturlar mohiyati hamda ijrosini yoritish yuzasidan uslubiy tavsiyalar ishlab chiqdik. Viloyat hokimligi axborot xizmati bilan hamkorlikda har chorakda bitta gazeta faoliyatini tahlil va muhokama qilamiz. Viloyat hokimi belgilab bergan jadval asosida davlat tashkilotlari rahbarlari har hafta uyushtirayotgan matbuot konferensiyalari ham jurnalistlarga o‘z vazifalarini aniqlab olishda yordam beryapti.

— Samarqand matbuoti respublikada o‘z o‘rni va mavqeiga ega. Ayting-chi, viloyat nashrlari o‘quvchisini ko‘paytirish, odamlarning gazeta o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish uchun nima qilmoq kerak?

— Bu borada nima qilish kerakligini hammamiz yaxshi bilamiz. Lekin… Yashirib nima qilamiz, bizning kasbda bir-birini, tajribani tan olish og‘ir kechadi. Buning ustiga yetakchi, kayvoni jurnalistlar ko‘pchilikka yomon ko‘rinishdan o‘zini chetga oladi yoki ehtiyotkorlik qiladi.

Bizda qoida shunday: “Tahririyatga kelgan birorta xat e’tiborsiz qolmaydi”. Har oy yakunida oyning eng faol jamoatchi muxbiri va eng yaxshi maqola nomini e’lon qilib boramiz. Eng ko‘p xat ishlagan xodim mukofotga sazovor bo‘ladi. Aksincha, xat-xabarni kechroq ishlab tushirsa choraklik mukofotdan quruq qoladi.

Yana bir tajriba o‘zini oqlayapti. Hozir katta, uzundan- uzun maqolalar, nazariy materiallar o‘qilmaydi hisob. Shu bois ixcham materiallarga ko‘proq e’tibor qaratyapmiz. Gap “Kun hikmati”, “Vijdonning bugungi so‘rog‘i”, “Quloqqa chalingan gap”, “Kim qiladi-ya, shuginani-ya?” kabi ruknlar haqida boryapti. Har chorak davomida gazetxonlar taklifi va savollari asosida har bir xodim uchun “Mulohaza uchun mavzu” ruknida yoziladigan mavzuni belgilab olamiz.

Bundan tashqari, mustaqil nashr sifatida ro‘yxatdan o‘tgan veb-saytimizda maqolalarga bildirilayotgan munosabatlarni berib boramiz. Boshqacha aytganda, o‘quvchini ko‘paytirish uchun avvalo, mualliflarni ko‘paytirish choralarini ko‘ryapmiz…

— Shu o‘rinda tanqidiy va tahliliy maqolalarga to‘xtalib o‘tsak. Bunday materiallar ko‘pchilik nashrlarda urfga kirganday. Sizlarda bu masalaga qanday qaraladi?

— Gazeta — xalq minbari, ommaga axborot tarqatish vositasi. Demak, unda avvalo, odamlar o‘z fikrini bildirishi yoki xalqqa manzur gaplar aytilishi lozim. Gazetaning yana bir vazifasi odamlarda o‘z taqdirini, atrofdagi voqea-hodisalarni tahlil qilish hamda xulosa chiqarish (saboq olish) ko‘nikmasini shakllantirishdir.

Biz tanqidiy-tahliliy maqola yozishda ana shu vazifalardan kelib chiqamiz. Manba esa aniq: mushtariylardan kelayotgan maktublar va hududiy dasturlar ijrosidagi holatlar.

Joriy yilning ikkinchi choragida “Mulohaza uchun mavzu” ruknida berilgan maqolalarga e’tiboringizni qaratmoqchiman.

“Rejali ishlashni qachon o‘rganamiz?” sarlavhali maqolada oddiy fuqarodan boshlab rahbargacha kunlik, haftalik yoki oylik rejasi bo‘lishi lozimligi, rejasiz ishlayotgan xodim faoliyatidagi kamchiliklar haqida mulohaza bildirildi.

“Boqimandalik yo‘qoladimi?” nomli maqolada esa bugungi kunda “Obod qishloq” dasturi asosida yoki mahalliy hokimlik, homiylar yordamida uy-joyi ta’mirlanayotgan, turmush tarzi o‘zgarayotgan ayrim kishilarning boqimandalik kayfiyatiga berilayotgani qalamga olindi. Bu maqola ham ko‘pchilikning e’tiborini tortganligini tahririyatga kelgan xatlar, telefon qo‘ng‘iroqlari yaqqol ko‘rsatdi.

“Dasturni bajarish burchimiz. Bu ish bilan maqtanish — minnat” sarlavhali maqolada esa yosh xodimlarimizdan biri bugungi kunda ayrim korxona va tashkilot, idoralar tomonidan kam ta’minlangan, ehtiyojmand kishilar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan yordamni minnat qilgandek ommaviy axborot vositalarida e’lon qilishga intilinayotgani jamoatchilikning fikri asosida yoritildi.

“Qog‘ozbozlikni yo‘q ko‘rgani ko‘zim…” maqolasida o‘qituvchilar murojaati asosida ta’lim maskanlarida sinf jurnali, navbatchilar daftari kabi o‘nga yaqin daftar yuritilishi, ular o‘qituvchilarning shaxsiy mablag‘i hisobidan sotib olinayotgani tahlil etilib, bu holatga mutasaddi idora rahbarlarining munosabati o‘rganildi.

“Nogiron bolalar hamon tug‘ilmoqda. Nega?” sarlavhali maqolada tibbiyot tizimida olib borilayotgan islohotlar va ularning samarasi yuzasidan mulohaza bildirildi. Joylarda muntazam ravishda tibbiy ko‘riklar o‘tkazilayotgan, onalik va bolalikni muhofaza qilish masalasiga davlat tomonidan alohida e’tibor qaratilayotgan bo‘lsa-da, nogironlik bilan tug‘ilish davom etayotganining sabab va oqibatlari tahlil etildi.

Bu kabi misollarni yana ko‘p keltirish mumkin.

— Bu mavzularni tahririyat ijodiy xodimlari yoritadimi?

— Yo‘q, jamoatchilar ham. Masalan, Nuriddin Boboqandov, Xurshid Nurullayev imzosi bilan ham ko‘p maqolalar berdik. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xudoyberdi Komilov esa gazetxon taklifiga ko‘ra xalqaro mavzuda sharhlar yozib turadi.

— Tahliliy-tanqidiy maqolalar asosan qaysi mavzularda? Ularda jurnalist nuqtai nazari bo‘ladimi?

— Albatta. Masalan, “Charog‘on ko‘chalar, uni bizga kim yoritib beradi?” sarlavhali maqolada binolarni bezakli yoritish muammosi ko‘tarilgan. Muallif bu borada nodav­lat korxona ochish yuzasidan taklif bildirgan. Ya’ni unda tashkilotlar, shirkatlar yil davomida buyurtma berib, binolarga chiroyli, rangli chiroqlar o‘rnattirishi haqida gap boradi. Bu ish pul ko‘chirish yo‘li bilan qilinsa, mab­lag‘ yig‘ish — korrupsiyaning oldi olinadi. Vaholanki, hokimlik bayram arafasida bir hafta shu muammo bilan band bo‘lishi hech kimga sir emas.

Yana bir “luqma”da yangi turar joylarda aloqa kabellari smetaga kiritilmayotgani tanqid qilingan. Muallif agar hozirda bunday kabellar xonadonlarga montaj qilinmasa, keyinchalik bu ish ancha qimmatga tushishi, optik tola bilan keladigan Internet, antenna o‘rniga, tomni “tarelka” bosib ketishini isbotlagan.

Keyingi paytda Samarqand shahrida bolalar maydonchalari, chiqindi to‘plash joylari, hatto sport maydonchalari o‘rnida ko‘pqavatli uylar qurilishi ko‘p tanqid qilindi. Shundan keyin shahar hokimi matbuot konferensiyasida “Endi shahar ichida bunday ob’yektlar qurilishiga ruxsat berilmaydi”, dedi. Va, isbot uchun besh-oltita qarorini bekor qildi. Bu ham matbuotning yutug‘i.

Yana bir muammo borki, undan aslo ko‘z yumib bo‘lmaydi. Gazetalarda iqtisodiy tahlil juda kam. Vaholanki, biz bunday maqolalar orqali odamlarda iqtisodiy tafakkurni rivojlantirishimiz zarur. To‘g‘ri, biz gohida bitta oila, bitta xonadon, bitta ishbilarmon misolida ro‘zg‘orni uddalash, tomorqa yoki hunardan foydalanish bo‘yicha tahliliy maqolalar beryapmiz. Ammo iqtisodiyotda bir-ikki yilda kutilajak samara yoxud paydo bo‘ladigan to‘siqlar to‘g‘risida kam yozayapmiz. Chunki bunday tahlil uchun ancha bosh qotirish kerak. Ehtimol, iqtidorimiz yetmayotgandir…

— Poytaxtda yashab ijod qilayotgan yosh, ammo iqtidorli jurnalistlar bilan suhbatlashib qolsangiz, gap aylanib “propiska” yoki uy muammosiga taqaladi. Bu borada sizda ahvol qanday?

— Uy-joy muammosi hamma yerda bor. Keyingi ikki yilda xodimlarimizdan ikki kishi namunaviy loyihadagi uyga ega bo‘ldi. Bir xodimimiz yoshlar uchun qurilgan uyda yashayapti. Ularga dastlabki to‘lovda tahririyat yordam berdi. Umuman, bizda bir yil davomida xodimlar uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olish uchun besh million so‘mgacha foizsiz qarz olishi yo‘lga qo‘yilgan. Darvoqe, bu yil arzon uylardan yana bir xodimimizga kvartira ajratiladi…

— Ijodkor ba’zan bitta yo‘nalishda ijod qilib ham ma’lum bir mavqega erisholmasligi mumkin. Lekin Farmon Toshevni nazmda yoki nasrda ham, qolaversa, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, Jurnalistlar ijodiy uyushmasining viloyat bo‘limi raisi sifatida doim qizg‘in faoliyatda — jamoatchilik diqqat markazida yurganini ko‘ramiz…

— Bizda qoida shunday: ijodiy xodim doimo ish bilan band bo‘lishi, ijod haqida o‘ylashi kerak. Bu — muharrir zimmasidagi vazifa, ya’ni buni u amalga oshiradi. Binobarin, xodimlarni ishdan keyin badiiy asar yoki taqriz yozishga, qo‘lyozmalarni tahlil qilishga undayman. Markaziy gazetalarga maqola yozganlarini rag‘batlantiramiz. Maqsad — ular mahoratini oshirish, ijodiy ishchanlik kayfiyatini ushlab turish.

Sirasini aytganda, jurnalist bo‘lib yashash har kimning qo‘lidan kelavermaydi. Yoki qalami o‘tkir jurnalist haqida turli darajadagi rahbarlar ham bir-biriga doimo ijobiy gap aytavermaydi. Tan olinishi uchun esa qalam ahli mustaqil fikrga, xolislikka, tahlilga, ijtimoiy faollikka ega bo‘lishi zarur. Milliy jurnalistikaga tamal toshini qo‘ygan Mahmudxo‘ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda Samarqandda ana shu an’anaga asos solganlar. Men ham shunga amal qilaman.

Bosh muharrir o‘rinbosaridan tortib, musahhih, matn teruvchigacha har hafta nimadir yangi narsa yozadi. Bu holat menga quvvat bag‘ishlaydi. Har kuni soatlab yig‘ilish qilgandan ko‘ra bitta maqola yozib ibrat ko‘rsatishni ma’qul ko‘raman.

Badiiy asar — bu endi boshqa masala. Buni iloji boricha ishga aralashtirmaslikka intilaman. Buning uchun vaqtni nechog‘liq qizg‘anish, huzur-halovatdan voz kechish kerakligini bilaman — shunday hayotga ko‘nikdim. Shu bois maqolani qo‘l uchida, eskicha uslubda yozadigan yoki muharrirlikni mansab, deb biladigan hamkasblarim nuqtai nazarini hazm qila olmayman…

— Boshqa sohalarda bunday tadbirlar qanday o‘tadi, bilmayman-u, lekin bizda har bir tanlovdan so‘ng albatta, “mish-mish” ko‘payadi…

— Birinchidan, ular (boshqalar) avval tuman va viloyat miqyosida yaxshilarni saralab olib, respublika bosqichiga tayyorlaydi. Bizda esa har qanday ijodkor istagan tanlovda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishtirok etishi mumkin.

Ikkinchidan, jurnalistikaga oid tanlovlarda mintaqaviy yondashuv bor, ya’ni “falon viloyat quruq qolib ketmasin”, degan tushuncha. Bunday tanlov musobaqadan ko‘ra qo‘llab-quvvatlash, ya’ni muruvvat aksiyasiga o‘xshab ketadi.

O‘zingiz o‘ylang, siyosiy partiyalar nashrlari bir-biri bilan raqobatlashishga majbur, ammo tarmoq gazetalari kim bilan raqobatlashadi? Yoki bo‘lmasa tanlovda res­publika nashri bilan tuman gazetasini yonma-yon qo‘yib bo‘ladimi?

Bu kabi tanlovlarda bir marta g‘olib yoki sovrindor bo‘lish mumkin, degan qoida borligi ham bahstalab. Axir bu Nobel, Oskar yoki davlat mukofoti emas-ku?! Endi tasavvur qiling, 15 yildan beri qancha nashr yoki jurnalist bu tanlovlarda sovrindor bo‘lgan bo‘lsa, endi unda ishtirok etmaydi. Bu — navbat degani.

— Xo‘sh, unda nima qilish kerak? Qanday taklifingiz bor?

— Avvalo, “Yilning eng faol jurnalisti” mukofoti jamoaga beriladimi yoki muayyan qalamkashga, shunga aniqlik kiritish lozim. Keyin erinmasdan, respublika, viloyat, tuman nashrlari bo‘yicha yaxshilarini saralab olib, komissiya xulosasini e’lon qilish kerak. Televideniye, radio, tarmoq, xususiy nashrlar bo‘yicha ham.

Shundan so‘ng g‘olib nashr tajribasi haqida hech bo‘lmaganda buklet tayyorlash yoki “Hurriyat”da maqola e’lon qilish ham mumkin-ku?! Demoqchimanki, adolatsizlik, u bilib qilinadimi, bilmasdan qilinadimi, baribir ijodiy tanlov nufuzi oshishiga xizmat qilmaydi…

— Bayram tilaklaringiz…

— Mamlakatimizda jadal islohotlar davri kechmoqda. Unga hamohang ishlash, ayniqsa, jurnalistlar oldidagi eng muhim vazifadir. Jurnalistni esa o‘qitish, tarbiyalash mumkin, lekin uni yaratib bo‘lmaydi. Chunki bunday insonlar iqtidordan tashqari farosat, qanoat bilan birga tug‘iladi. Ular har qanday holatda ham xalq dardini ayta oladi. Ana shunday insonlar, hamkasblar bilan bir safda ekanligim bilan faxrlanaman. Bayram muborak bo‘lsin!

“Milliy tiklanish” muxbiri
Islomjon QO‘ChQOROV suhbatlashdi.