Farmon Toshev: O‘zbekistondagi hozirgi o‘zgarishlarni anglamaslik vijdonsizlik bilan barobar

Buni ba’zan insof, diyonat ham deymiz. Ammo vijdonli bo‘lishning o‘zi kifoya qilmas ekan, o‘zingizda bu tuyg‘uning borligini amalda ko‘rsatish ham zarur.
Ochig‘i, har gal allomalarimizning vijdon bilan bog‘liq fikrlarini o‘qir ekanman, o‘z vijdonim oldida uyalib qolaman, gunohkorligimni botinda sezaman: «Vijdon – mingta guvoh», «Vijdon – oliy hakam», «Odamlarga emas, vijdoningga quloq tut», «Vijdon qonunlarning qonunidir», «Vijdon hukmronlik qiladi lekin boshqarmaydi», «Obro‘dan ko‘ra, vijdonni ko‘proq o‘yla», «Uyat va vijdon – bizdagi tarbiyaviy kitoblarning eng yaxshisi, unga tez-tez qarab turish kerak», «Kishining vijdonliligi uning harakatidan bilinib turadi».
Endi, keling, ana shu fikrlar nuqtai nazaridan o‘z xatti-harakatimizga bir nazar tashlaylik. Avvaldan ochig‘ini ayta qolay, ayrim yurtdoshlarimizning mamlakatdagi bugungi voqelikka munosabati meni ushbuni yozishga undadi.
O‘zbekistondagi hozirgi o‘zgarishlarni anglamaslik, ko‘ra bilmaslik vijdonsizlik bilan barobar. Axir barcha islohotlar shu zamin odamlarining yaxshi yashashi uchun qilinyapti-ku! Minglab nogironlar, yordamga muhtoj kishilarning uy-joyli bo‘lganidagi qalb so‘zlari tosh yurakda ham bu siyosatga mehr uyg‘otmaydimi?! Rahbarlarning sayyor qabullari, jamoatchilik guruhlarining, respublika ishchi guruhining uyma-uy yurishi, odamlar ahvolidan xabar olishi siz bilan biz uchun emasmi? Yoshlarga, turli soha xodimlariga qurilayotgan uylar-chi?
Eng muhimi, har bir kishining islohotlar bo‘yicha fikrini olishga yo‘l ochildi, byurokratiya, korrupsiya, poraxo‘rlik, mas’uliyatsizlikka qarshi bosqichma-bosqich kurash olib borilyapti. Ayniqsa, intellektual boylikni qadrlash borasidagi ishlarni kim inkor etadi?
Albatta, siyosat shunchalik ibratli va har tomonlama olib borilayotgan ekan, nega mening ishim bitmayapti, deguvchilar topiladi. To‘g‘ri, har qanday shiddatli taraqqiyot ham insonning ma’naviyati va tafakkuriga tayanadi. Yillar davomida shakllangan nojoiz odatlardan qutulish oson emas. O‘zgarayotgan tizimda bir-ikki loqayd, manfaatparast shaxslarning bo‘lishi bor gap. Lekin ular ham sizu bizning e’tirozimiz, talabimiz, qolaversa, yaratilayotgan shaffof nazorat tufayli o‘z faoliyatini to‘g‘rilaydi yoki chetga chiqib qoladi.
Umuman, biz jamiyatga, davlat siyosatiga baho berishda vijdonimiz tarozisining bir pallasida atrofda bo‘layotgan ishlarni, ikkinchi pallasida unga o‘zimiz qo‘shgan hissani qo‘yib ko‘rdikmi? Shu jamiyat pokligi yo‘lida o‘z oilamizda, jamoamizda qilgan ishlarimizni sarhisob etdikmi? Farzandimiz, shogirdimiz noto‘g‘ri yo‘lga kirganda uning sababini «ko‘chadan» ko‘rishdan boshqa sabablar haqida o‘ylab ko‘rdikmi?
Vaqtida do‘kon ochib, o‘g‘rincha mol sotib, dang‘illama imorat qurgan, qo‘shxotinli shaxs, o‘z hamtovoqlari tufayli kasodga uchrab, kasallik orttirib, endi har kuni portal orqali davlatdan yordam so‘rab turganda unga uning kimligini ayta olyapmizmi? Yoki ikki kishidan ikki bola orttirib, bir aylanib, «yolg‘iz ona» maqomiga kirgan ayolga uning ikkita oilani buzganini ishora qilyapmizmi?
10-15 yildan beri yer yoki uy-joy nizosi bahonasida o‘nlab idoralar, prokuratura va sudlarni ovora qilayotgan, nizolari murosasiz bitmasligini tushunmayotgan qarindoshlarga jamoat xulosasini ayta olyapmizmi?
Ba’zan viloyat hokimi qabulida shikoyatchining talabi aytilganda mutasaddi idora rahbari «Shu bugunoq borib, masalani o‘rganaman», deydi. Telemuloqotda tushgan savolga ham shunaqa javob beriladi. Endi o‘zingiz o‘ylang, o‘ziga birkitilgan soha yoki hududdagi ahvoldan bexabar mas’ul shaxs nega ushbu kamchiliklarni shu paytgacha o‘rganib chiqmadi, nega o‘z vakillari orqali bunday holatlarni o‘rganib, muhokama qilmadi? Hatto uzoq tumanlar bilan istalgan soatda video orqali bog‘lanish mumkin bo‘lgan sharoitda «Vaqtim bo‘lmadi», degan bahonaga o‘rin qolmadi. Bunday rahbarlar ham o‘z vijdoni tarozisiga bir qarab qo‘ysa yomon bo‘lmasdi.
To‘g‘ri, vijdon qonuniy huquqqa ega emas, biroq atrofdagi aksariyat muammolar u yoki bu masalaga daxldor kishilarning vijdonsizligi tufayli sodir bo‘lyapti.
Demoqchimanki, jamiyat, davlat siyosati xususida xulosa aytishdan oldin o‘z vijdoningiz tarozisining ikki pallasini diqqat bilan kuzating, o‘shanda adashmaysiz.