Farzand aql-zakovatli bo‘lib tug‘ilishi uchun ota-ona necha yoshda bo‘lishi kerak?

Yoki farzand intellektiga ta’sir qiluvchi omillar

Dunyoda yoshligida bolali bo‘lishga intilmasdan, farzand ko‘rishni keyinroqqa surib qo‘yayotgan ayollar soni ko‘payib bormoqda. Turli mamlakatlar olimlari kech tug‘iladigan bolalarning aql-zakovati ota-onasining yoshi va boshqa omillar bilan bog‘liqligini aniqlab bergan keng ko‘lamli tadqiqotlar o‘tkazdi.

Bolaning aql-zakovati ota-onaning yoshiga bog‘liq

Har bir yangi tug‘ilgan chaqaloqda ota-onasida bo‘lmagan 70 ga yaqin mutatsiya mavjud. Bundan tashqari, ularning katta ulushi onadan emas, ota tomonidan o‘tadi: erkak qanchalik katta bo‘lsa, u bevosita zurriyodining kognitiv qobiliyatlarga ta’sir qiluvchi ko‘p sonli mutatsiyalarni beradi. Mutatsiyalar qanchalik ko‘p bo‘lsa, farzandning intellektual rivojlanishga moyilligi pastroq bo‘ladi. Boshqacha aytganda, otasining yoshi qanchalik katta bo‘lsa, farzand uchun unchalik yaxshi emas ekan.

Ona yoshi bilan bo‘lgan vaziyat biroz boshqacha. Ayol qanchalik katta bo‘lsa, bolaning intellektual rivojlanishi shunchalik yuqori bo‘ladi. Tadqiqotchilar bu yerda asosiy rolni genlar emas, balki ijtimoiy-madaniy omil o‘ynashini tan olishadi: katta yoshli ayol ma’lumotli, tajribali, u o‘zini yaxshi nazorat qila oladi va tavakkaliklarga moyil emas.

Qanday bo‘lmasin, statistik ma’lumotlar juda yosh onalarning farzandlari sekinroq rivojlanishini aniqlab berdi.

Bolaning rivojlanishi onaning homiladorlik paytida qanchalik asabiylashganiga bog‘liq

Asab tizimi yaxshi rivojlanishi uchun miya ba’zan stress ostida bo‘lib turishi kerak, deydi tadqiqotchilar. Shu bilan birga, uni haddan tashqari oshirib yubormaslik kerak: ortiqcha hayajon, albatta yaxshi narsaga olib kelmaydi, - qo‘shadi mutaxassislar.

Ushbu fikrni hisobga olgan holda Jons Xopkins universiteti olimlari  barchasi oliy ma’lumotli, ham jismonan, ham ruhiy jihatdan sog‘lom bo‘lgan bir nechta ayollarning homiladorlik davridagi, shuningdek, farzandlari 2 yoshga to‘lgunga qadar stress darajasi va bolalarining aqliy qobiliyatlarini o‘lchab, tekshiruv o‘tkazdi.

Ma’lum bo‘lishicha, yengil yoki o‘rtacha darajada tashvishlangan onalar farzandlari aqliy va jismonan ancha yaxshi rivojlangan. Modomiki,  ayol zo‘r berib stressga duchor bo‘lgan bo‘lsa, unda uning bolasi rivojlanishda tengdoshlaridan orqada qolgan.

Bu olimlarga bola miyasining rivojlanishi onaning homiladorlik davridagi yengil stressidan faqat foyda ko‘radi, degan xulosaga kelishga imkon berdi.

Albatta, yana ko‘p omillar chaqaloqning aqliy rivojlanishiga ta’sir qiladi. Misol uchun, homilador ayolning eski santexnikasi bor yoki devorlari 20 yil oldin bo‘yoq bilan bo‘yalgan uyda yashashi tavsiya etilmaydi, chunki ikkalasida ham qo‘rg‘oshin bo‘lishi mumkin.

Boshqa mutaxassislar homiladorlikdan oldin qalqonsimon bezni tekshirish kerakligi haqida ogohlantiradi: agar ayolda qalqonsimon bez funksiyasi past bo‘lsa, farzandining IQ darajasi past bo‘lishi mumkin. Qanday bo‘lmasin, shifokorlar farzand tug‘ilishiga har tomonlama yondashishni maslahat berishadi: bolaning kamoloti, sog‘lom muhitni ta’minlash uchun qo‘shimcha choralar ko‘rish juda muhim.

B.Muhammadiyeva tayyorladi.