Farzand ta’minotini o‘ylamaslik oqibati panjara ortiga yetaklaydi, biroq qarzdorlik gardanda qoladi
Majburiy ijro byurosining viloyat boshqarmasi surishtiruv va ma’muriy amaliyot shu’basi faoliyatida aliment undiruvi bilan bog‘liq ishlar alohida e’tiborga olingan.
Sohada boshqarma va uning tuman, shahar bo‘limlari tomonidan aliment qarzdorligini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelinayotgan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1- va 2-qismi bilan 64 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 510 nafar qarzdorga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 47-4-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy jazo qo‘llanilishi ta’minlangan.
Ayrim jinoyat ishlari bo‘yicha o‘tkazilayotgan sud jarayonida qarzdorlar o‘zlariga tegishli xulosalar chiqargan holda aliment qarzdorligini to‘lab berishi holatlari ham kuzatilmoqda.
Jumladan, Sh.S. fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2015 yil 9 apreldagi sud buyrug‘iga asosan Sh.L. ning foydasiga 2 nafar farzandi voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining uchdan bir qismi miqdorida aliment pullarini 2022 yilning iyun oyidan joriy yilning mart oyiga qadar to‘lab berishdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Holat bo‘yicha Sh.S.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish 25 aprel kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani sudida ko‘rilishi jarayonida aliment qarzdorligini to‘liq qoplab berganligi bois ish sud ajrimiga asosan tugatilgan.
Ayrim qarzdorlar o‘zlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishlari bo‘yicha tegishli xulosa chiqarmaganligi sababli ularga nisbatan sud hukmiga ko‘ra jazo choralari tayinlanmoqda.
Xususan, K.L. fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2022 yil 25 martdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, Q.M.ning foydasiga bir nafar, undiruvchi K.N.ning foydasiga bir nafar va undiruvchi I.S.ning foydasiga ham bir nafar, ya’ni 3 nafar voyaga yetmagan farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar moddiy ta’minoti uchun har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining oltidan bir qismi miqdorida bo‘lgan 14 million 126 ming so‘m aliment pulini to‘lab berishdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.
Holat bo‘yicha Q.L.ga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari bo‘yicha Paxtachi tumani sudida ko‘rilib, 6 martdagi hukmga ko‘ra, qarzdor Q.L.ga 1 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 3 avgustdagi 427-son qaroriga muvofiq, “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi” tashkil etilganligi, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorliklarni, ya’ni jinoyat natijasida yetkazilgan zararni bir yo‘la undiruvchilarga to‘lab berish belgilangan.
Viloyatimizda mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida hozirgi kunga qadar 45 ta jinoyat ishi bo‘yicha 386 million so‘mlik zararlar undiruvchilarga to‘lab berilgan.
Misol uchun, jinoyat ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining hujjatiga asosan, T.F.dan G.Q. foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish belgilangan.
Biroq qarzdor bir necha marotaba ogohlantirilganligi va ma’muriy jazoga tortilganidan to‘g‘ri xulosa chiqarmay, ikki oydan ortiq muddat davomida aliment pullarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan. Shu sababli unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ish jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘shrabot tuman sudida ko‘rib chiqilib, T.F.ni ozodlikdan mahrum etish va undan G.Q. foydasiga 16 million 842 ming so‘m miqdorida zarar undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan.
Mazkur ijro hujjatiga asosan “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan qayd qilingan miqdordagi pullar undiruvchi nomiga ochilgan bank plastik kartasiga ko‘chirib berildi.
Shuningdek, jinoyat ishlari bo‘yicha Jomboy tuman sudida ko‘rib chiqilgan ish bo‘yicha qarzdor T.M. ozodlikdan mahrum etilib, undan undiruvchi N.H. foydasiga 27 million 742 ming so‘m miqdorda zarar undirish to‘g‘risida qaror chiqarilgan. Shu asosda “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi hisobidan 27 million 742 ming so‘m pul undiruvchi nomiga ochilgan bank plastik kartasiga ko‘chirib berildi.
Azamat Mirshayev,
MIB viloyat boshqarmasi surishtiruvchisi.