Farzandingiz haqiga xiyonat qilmayapsizmi?!

Menimcha, bu savol aslida noo‘rin. Binobarin, mo‘min odam nafaqat farzandi, yetti yot begonaning ham haqini poymol qilmaydi.
To‘g‘ri, bugun ota-onalar farzandlari uchun kerakli narsalarni ortig‘i bilan olib bermoqda. Moddiy ta’minot ota-onaning farzand oldidagi asosiy vazifalaridan ekanligi rost. Afsuski, ayrimlar o‘zlarining o‘g‘il-qizi oldidagi burchi faqat shu, deb o‘ylashadi. Holbuki, bundan muhim, bundan qiyin, ahamiyatli ishlar bor.
“Peshonang yerga tekkur”
Bola paytlarimiz boshqalar qatori sho‘x, o‘yinqaroq bo‘lganimiz rost. Shu sababli buyurilgan ishni vaqtida qilmay yoki boshqa sabab bilan enam (dadamning onasi)ning ko‘p jahlini chiqarganman.
Tabiiyki, bunday paytda o‘tirib olgan buvimning “Ha, peshonang yerga tekkur”, deb “qarg‘a”ganlari yodimda. O‘sha paytlarda bu jumlaning mohiyatini ko‘pam tushunmaganman, aniqrog‘i, enam menga yomonlik ravo ko‘rishiga ishonmaganimdan aytganlarining ma’nosiga qiziqmaganman.
Enamning yana ayrim vaqtlarda “Hoy, Makkaga imom bo‘lgurlar”, deb baqirib qolganlari qulog‘im ostida hamon jaranglaydi.
Bugun aqlimni tanib, qilg‘iliklarim uchun aytilgan bu gaplar aslida ezgu tilak, yaxshi niyat ekanligini anglayman. Zotan, Robbisiga iltijo bilan sajda qilgan kishining peshonasi yerga tegishi xosiyatli, ayni damda farz amal ekan. Bundan tashqari, Makkaga imom bo‘lish har bir mo‘min uchun eng katta niyatlardan biri (generallikni orzu qilgan askar kabi).
Hayron qolganim, bugungi momolardan bu kabi “so‘kinish”larni eshitmayman. Balki bugungi momolar shu qadar nazokat bilan yoshlarga dakki berisholmas?! Yoki ular farzand tarbiyasida, umuman, mo‘min kishining hayotida niyat (u tilda aytiladimi, dilda bo‘ladimi, ahamiyatsiz) muhim o‘ringa egaligini bilmaydimi?!
Tug‘ilmasdan tarbiya boshlanadi
Eshitgansiz, oila quradigan yigitga odatda “o‘zingga umr yo‘ldosh emas, farzandlaringga ona top”, deyishadi. Mohiyatiga ko‘pam e’tibor qaratilmaydigan bu qadimiy nasihat zamirida oila bekasining go‘zalligi, moddiy ahvolidan ko‘ra, zakovatli va farosatli bo‘lishiga e’tibor qaratish ko‘zda tutilgan.
Umuman, oila, farzand tarbiyasi borasida nazarimizdan chetda qolayotgan qadriyatlarimiz nihoyat darajada ko‘pki, ularning ayrimlarini turmushimizda qayta tiriltirsak, ulkan natijalarga erishishimiz tayin.
Misol uchun, hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning katta olim bo‘lishida otasining halolligi muhim ahamiyatga ega bo‘lganligi yakdillik bilan tan olingan. Zero, Muhammadning otasi vafotidan oldin mol-mulkida biror dirham shubhalisi yo‘q ekanligini bildirgan.
Imom A’zamning shogirdi, savdogarlar ustozi sifatida tanilgan Abdulloh Ibn Muborakning dunyoga kelishi tarixi ham katta ibrat maktabi. Chunki oddiy bir qul qozining bog‘ida qorovullik qilarkan, bu yerdagi uzumlardan bir dona tatib ko‘rmagan bo‘ladi. Oqibat bunday halol va olijanob yigitga o‘z qizini nikohlab bergan qozi uning yana bir ishidan hayratga tushadi. Voqelikka ko‘ra, ham ozod, ham qoziga kuyov bo‘lgan yigit qizga yaqinlashmasdan kun o‘tkazadi. Holatdan xabar topgan qozining ayoli bu haqda eriga aytganda, ayni kunlarda noyob sanaluvchi hodisa yuz beradi. Ya’ni, kuyovlikka munosib ko‘rilgan qul qoziga shunday deydi: “Sizning halolligingizga shubham yo‘q, ammo tanishlaringiz, sizga yaxshi ko‘rinishga harakat qiluvchilar orqali mol yoki mulkingizga harom qo‘shilgan bo‘lishi mumkin. Shu bois nabirangiz pokdomon bo‘lishi uchun chilla saqlashni ma’qul ko‘rdim”.
Bu oiladan keyinchalik dunyoning to‘rt tomoniga karvonlari qatnab turgan, minglab sayyohlarni bag‘riga oladigan qator mehmonxonalar qurdirgan, bugungi tilda aytganda milliarder - Abdulloh ibn Muborak tug‘ilgan.
Bolangizga o‘rgatishga burchlisiz
Dunyo yaralibdiki, borliqdagi jami mavjudot o‘z naslining davomchilarini suyib, voyaga yetkazishga harakat qiladi. Ammo faqat insongina farzandlariga ilm berish, ularning zukko bo‘lib o‘sishlariga ko‘maklashish imkoniga ega. Bu vazifa mo‘min-musulmon kishiga majburiyat ham ekan.
Chunki Hadisda “Bolaning otadagi haqi unga yozishni, suzishni, kamondan otishni o‘rgatishi hamda halol va pokiza narsalar berib tarbiyalashidir”, deyilgan. Bundan tashqari, ota o‘z bolasiga chiroyli odobdan ko‘ra yaxshiroq narsa bera olmasligi naql qilinadi.
Bugun sizu biz ayni shu ishning uddasidan chiqa olyapmizmi? Statistik hisobotlarga ko‘ra, hozirgi kunda sutka, ya’ni 24 soatlik vaqt oralig‘ida ota-onalar farzandi uchun bor-yo‘g‘i 10 daqiqa vaqt ajratayotgan ekan.
O‘zingizni aldashga urinmang. Shunchaki xulosa chiqaring, tamom, vassalom!
Albatta, kimgadir aql o‘rgatish fikridan yiroqmiz. Ammo shu topda Alisher Navoiy olti yoshida she’r yoza boshlagani, Imom Buxoriy to‘qqiz yoshida Qur’oni karimni to‘la yod bilganini qayd etish o‘rinli. Qolaversa, Abu Rayhon Beruniy o‘n besh yoshida samoni kuzatib, tadqiq qilgan, Ibn Sino o‘n olti yoshida mashhur tabib bo‘lgan.
Negaligiga qiziqib ko‘rganmisiz?
Ma’lumotlarga ko‘ra, ajdodlarimiz o‘g‘il bola 12 yoshida balog‘atga yetishining tadorigini ko‘rgan. Ya’ni, shu yoshga yetguncha unga jismoniy, ruhiy kamoloti uchun ko‘mak berilgan, ilm olishi ta’minlangan. Bu yoshgacha nazokat bilan tarbiyalangan farzand keyin xatoga yo‘l qo‘yilsa, qamchilangan.
Zahiriddin Muhammad Bobur ham hech bir istiholasiz ayni shu yoshida taxtni boshqarishni bilgani ham shundan, deyishadi.
O‘zingizga savol berib ko‘ring
Odam bolasining hayvondan farqli tomonlaridan bir shuki, qilayotgan amalimiz yoki harakatsizligimizni aql va odob tarozisida o‘lchay bilamiz. Biroq tahlillarga ko‘ra, bugun ayrim kishilarimiz bu yumushni unutyapti yoki udda qila olmayapti.
Keling, o‘zingizga savol berib ko‘ring: o‘g‘lingiz yoki qizingiz turmush qurishi oldidan u bilan o‘zbekona ro‘zg‘or tutumi, er-xotinlik odoblari haqida necha soat suhbatlashgansiz? Yoki ularga bu borada qancha narsa o‘rgatgansiz?
Tanish imomlardan biri aytadiki, ikki yoshning nikohi o‘qilayotganda iymon kalimasi – “La ilaha illolloh”ni yoddan aytib bera olmaydigan yoshlar bor. Ular nikoh muqaddas ekanligi, uning darz ketishi Arshni larzaga keltirishini biladi, deb o‘ylaysizmi? Umuman, bundaylar Arsh nimaligini bilisharmikan?
Aslida, ota-ona, yoshi ulug‘lar yuqoridagi qayd qilingan tushunchalar mohiyatini bilishi, so‘ngra uni yoshlarga o‘rgatishlari zarur.
Siz-chi, o‘zingiz bilishingiz KERAK, ShART bo‘lgan tushuncha, masalalar borligini, ularning mohiyatini bilasizmi? Afsuski, shunga durust javobimiz bo‘lmasa-da, bugungi avloddan Buxoriylar chiqmayapti, nega Ibn Sinolar yo‘q, deb yuribmiz.
Savol tug‘iladi, arzimas dalillar bilan o‘zimizni oqlab, farzandlarimiz bizga omonat va mas’uliyat ekanligini yoddan chiqarmayapmizmi?
Yoqubjon MARQAYeV.