Mahmud Sa’diy: Farzandingiz o‘zingizdan o‘zishini xohlaysizmi?
Mahmud Sa’diy - Narpay tumanida tug‘ilib, voyaga yetgan, Samarqand ijodiy muhitida ulg‘aygan.
Tajribali jurnalist va yetuk publitsist o‘zining ellik besh yillik faoliyati davomida soha rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Shu bois “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist” unvoniga munosib ko‘rilgan. Yaqinda Prezidentimiz farmoni bilan “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlandi. “Oltin qalam” xalqaro milliy mukofotini qo‘lga kiritgan.
Ustoz “Teran tomirlar” kitobi muallifi. Ayni paytda esa “Tanlangan maqola va suhbatlar” to‘plami nashrga tayyorlanmoqda. Zabardast muharrirning ijodiy faoliyati haqida esa “Qadr” nomli to‘plam nashr etilgan.
Mahmud Sa’diy qutlug‘ 80 yoshini qarshilamoqda. Biz ustozni ushbu ulug‘ yosh bilan qutlab, sog‘lik, omonlik va ijodiy barkamollik tilaymiz.
Quyida otaxon jurnalistning «Yoshlarga maktub» turkumi asosida yozgan maqolalaridan birini e’tiboringizga havola qilamiz.
***
Aziz farzandlarim! Hayot qiyinchiliklariyu murakkabliklarini ko‘rgan, saksonni qoralagan bobongiz sifatida sizlar bilan birga shu savolga javob izlagim keldi...
Men o‘zimni baxtli inson deb bilaman. Baxtim, avvalo, tug‘ilib-o‘sgan oilada. Otam rahmatli o‘qimishli odam edi, Buxoro madrasalarini bitirgandi. Bir sandiq chiroyli-chiroyli muqovali kitoblari bor edi. Menimcha yo turk yo fors, yoki arab tilidagi kitoblar bo‘lsa kerak. Otamning huzuriga odamlar kelar, ularga kitoblarini o‘qib berar, tushuntirardi. Menga kirill alifbosini ilk bora otam o‘rgatgan. Bu maktabga bormasimdan, 7 yoshga kirmasimdan burungi gap edi.
Kamina Samarqand viloyatining olis bir qishlog‘ida tug‘ilgan. Hayotimda kitobning roli juda katta bo‘lgan. Meni poytaxtga olib kelgan ham kitob bo‘ladi. Kitob - insoniyat tan olgan nihoyatda qudratli kuch. Ulug‘ yozuvchilardan biri “O‘zimda qanaqangi yaxshi fazilatlar bo‘lsa, hammasi kitobdan”, deydi. Bu – bejiz emas.
Kitob go‘daklik paytimdayoq hayotimda qandaydir o‘zgarish yasagan. O‘shanda 4-sinflarda o‘qir edim. Qishlog‘imizda yetti yillik maktabning kutubxonasi bor edi. O‘sha kutubxonaga borganimda, javonlardan birida “Navoiy” romaniga ko‘zim tushgan. Chiroyli muqovalangan kattagina kitob. Roman menga o‘sha paytda judayam katta ta’sir qilgan. Romanda Navoiy deysizmi, Sultonmurod deysizmi, shunaqangi zo‘r obrazlar borki, ularga qaraganda o‘zimizning qishloqning jaydari odamlari ko‘zimga qumursqalar kabi kichkina bo‘lib ko‘ringan. Men Navoiydek bo‘lishni xohlagan bo‘lsam kerak-da. Kitob ta’sirida ancha payt o‘zimga kelolmay yurganman.
Hayot boshqa, kitob boshqa... Mening tushunchalarimga, romanlardan olgan taassurotlarim to‘g‘ri kelmaydi. Hatto daftarim bo‘lar edi. Eng yaxshi-yaxshi fikrlarni ko‘chirib yurardim. “Navoiy” romanidan ko‘p so‘zlarni, ko‘p hikmatli gaplarni ko‘chirib ham olganman. Hozir uni o‘qisam, boshqacharoq fikrda bo‘lishim mumkin... “Bolalikda olingan bilim toshga o‘yilgan yozuvga o‘xshaydi, hech o‘chmaydi”, deyishadi. Haqiqatdan ham to‘g‘ri fikr. “Navoiy” romanini o‘qib, shunaqa katta taassurot olganman.
“Navoiy”gacha ham kitob o‘qiganman, albatta. Mirkarim Osimning “O‘tror” qissasi edi u. Uchinchi sinfda edim. Umrimda birinchi marotaba to‘liq o‘qigan bu qissa yigirma besh sahifalik edi, adashmasam. 1947 yilda nashr qilingan kitob. Uxlamasdan ertalabgacha o‘qib chiqqanman. Vatan himoyasi yo‘lida, bizning misolimizda O‘tror shahridagi mo‘g‘ullarga qarshi Temurmalikka o‘xshagan buyuk bobolarimiz qanday kurash olib borgan? Asarda kichkinagina qo‘shinning mo‘g‘ullarning mo‘r-malaxdek yopirilib kelgan lashkariga qarshi kurashi tasvirlangan. Ular Vatanni chin ko‘ngildan, tilda emas, dilda, amalda sevgan. O‘z jonini ham qurbon qilib yuboradi. Taslim bo‘l desayam, boshqa desayam, ko‘nmaydi. Ana shu jihatlari bilan yuragimni alg‘ov-dalg‘ov qilgan bu kitob ham.
Umuman, kitob o‘qishdan maqsad nima? Endi buning juda ko‘p qirralari bor. Bilim olish uchun, dunyoni anglash uchun, odamlarni tushunish uchun, o‘sha hayotning maromi qanday borayotganini, jarayonlar mohiyatini bilish uchun juda katta ahamiyati bor. Italiyaning buyuk yozuvchisi Umberto Ekoning “Rol chitatelya” degan, ruschasini aytyapman, katta kitobi bor. Buyuk nemis yozuvchisi, Nobel mukofoti laureati Herman Hessening kitobga bag‘ishlangan maxsus juda katta tomlik asarlari bor. Umuman, kitob haqida aytgan bilan ado bo‘lmaydi gap. Chunki insoniyat bor ekan, unga kitob hamroh bo‘ladi doim. Kitob haqidagi fikrlar ham, bu haqdagi mulohazalar ham, bu haqda o‘ylaydigan o‘ylar ham hech to‘xtamaydi, davom etadi.
Har kim qandaydir bir kasbni tanlaydi. Mening tushunishimcha, odam bir kasbni egallashga kirishar ekan, uni ipidan ignasigacha bilib, shu ishning ustasi bo‘lishi kerak, professional bo‘lishi kerak. Agarda inson o‘z sohasida professional bo‘lsa, hayotda qoqilmaydi, qayerda bo‘lsa ham, mehnati orqasidan ro‘shnolik ko‘radi. Viktor Vetkovichning bir kitobi bor, “Dlinnie pisma» degan. O‘shanda o‘tgan asrning 18-20 yillaridagi Volga bo‘yidagi ocharchilikdan avval, Neverovning romani bor, “Tashkent – gorod xlebniy”. Bir o‘qib ko‘ringlar. Vetkovich yozadiki, do‘konlar eshigi ip bilan bog‘lab tashlab ketilardi, qorovul yo‘q edi… Mana shunday halol ajdodlarimiz bo‘lgan. Xalqni poklash kerak, yuragini, ongini tozalash kerak. Bunda kitobning o‘rni juda katta.
Qur’oni Karim. Qanday buyuk ilohiy asar. Asrlar bo‘yi yashab kelayotgan, odamlarga tarbiya berayotgan. Imom Buxoriy, Imom Termiziy yiqqan hadislar. Bular butun hayotni tartibga soladigan kitoblardir. Islom dini o‘zimizning diyorimizda, zaminimizda kamol topdi. Moturudiy, Marg‘inoniy, boshqa ulug‘ siymolarimizning ko‘plab tadbirlari bo‘ldi, bo‘lyapti, yana kitoblar chiqyapti. Lekin hali bunday siymolarimiz soni mingdan ziyod. Bittasini misol keltirmoqchiman. Beruniy asarlarida ham Dabusiya qal’asi haqida gapiradi. Abu Zayd Dabusiy degan buyuk odam bo‘lgan. Bu odam Dabusiya qal’asida yashagan. U hozirgi Samarqand viloyatining Paxtachi (ilgari Paxtakor edi) tumanida joylashgan. Qal’aning qoldiqlari bor. O‘sha yerda yodgorliklar ham bor. Bu odam “Ilm ul-xilof” degan kitob yozgan. Bu islomdagi ixtiloflar masalasiga doir asar bo‘lib, ularni izohlaydigan ta’limot yaratgan. Dunyoning hech bir mamlakatida bu ta’limot yaratilgan emas. Hali bu bobokalonimizning ismini eshitmaganlar bor. Abdulhakim Juzjoniy degan Afg‘onistondan kelib, bu yerda fan doktori, professor bo‘lgan o‘zbek bor. Islomshunoslik haqida darsliklar yozdi. Juda zo‘r odam, shu olimga Abu Zayd Dabusiy haqida maqola yozdirib, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasiga bitta maqola chiqardik. Keyin yana qayerdadir bir-ikkita maqola chiqdi. Lekin bu hech narsa emas, hali hech kim bilmaydi. Mavzudan chalg‘idim chog‘i...
Kitobdan birinchi maqsad – odamni shaxs sifatida shakllantirish. Bunda birov kelib sizni shakllantirib, sizni kamol toptirmaydi. O‘zingiz qilishingiz kerak hamma ishni. O‘zingiz. Navoiyning mashhur baytlaridan birini esingizga solmoqchiman:
“O‘z vujudingga tafakkur aylagil,
Har ne istarsen, o‘zungdin istagil”.
Demak, odamning o‘ziga da’vat qilyapti. Islomda ham borku, juz’iy ixtiyor degan. Juz’iy ixtiyor, xudodan, degan gap bor. Lekin bandasiga imkoniyat ham berilgan. Shu imkoniyatdan foydalanish kerak. Bitta shu imkoniyatdan foydalanib, Burhoniddin Marg‘inoniy “Hidoya”ni yaratdi. Chunki ilgari bo‘ldi, fiqh, masalan, islom qonunshunosligi shu bilan tugadi, degan joyda o‘sha tirqishni topib “Hidoya”ni yaratdiki, butun musulmon olamini kengaytirib yubordi. Juda katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Bu ham bizning zaminimizda bo‘ldi. Biz mana shunday buyuk bobolarimiz bilan faxrlanishimiz kerak. Faxrlanib yuraverishning o‘zi kifoya qilmaydi. Avlodlar davom ettirishi kerak. Davom ettirmasak, u odamlarning avlodi emasmiz.
“Qutadg‘u bilig”, “Hibat ul-haqoyiq”larni, albatta, sinchiklab o‘qib chiqishingiz kerak. Navoiy asarlarining o‘zi bir dunyo. Bu bir jihati. Bir jihati – professional bo‘lish kerak. Masalan, “Aristotel poetika haqida nima degan?”, keyin “Aristoteldan ta’sirlanib, Farobiy qanday kitob yozgan?”, deya so‘rasangiz angrayib turadi anchasi. O‘zingning bobong-ku, Farobiy, deyman kuyinib.
Hozirgi kunda genni hech kim inkor qilolmaydi. Siz bilimdon odam bo‘lsangiz, kasbingizning ustasi bo‘lsangiz, bu farzandlaringizga gen orqali o‘tadi. Tug‘ilmasdan sizning bolangiz dono bo‘ladi. Ilgari gap bor edi: “Yosh bola oq qog‘ozga o‘xshaydi, istagan narsani yozib bo‘lmaydi». Peshonaga yozilgan, degan gap bejiz emas. Peshonaga yozilgan, shuning bir jihati gen orqali keladi. Agar bunday qarasangiz, qanaqa zo‘r odamlar bir avloddan chiqadi. Mana, Ibrohimhoji degan odam bo‘lgan. “O‘zbekiston Qahramoni” Zikir Muhammadjonov uning nabirasi. Akademik Nabi Majidov - nabirasi. Eng buyuk aktrisalardan biri Malika Ibrohimova - nabirasi. Uning opasiyam rejissyor. Biri Turkiyaga borib, biologiya faniga asos soldi. Turkiyada! Gen orqali qancha iqtidorlar yetishmoqda...
Bunda kitobning o‘rni judayam katta. U hayotingizni o‘zgartiradi, chunki aqlli odamlar yozgan kitoblar kamchiliklaringizni ham, yutuqlaringizni ham ko‘rsatib beradi, oyna bo‘ladi. Mana, masalan, o‘zimning boshimdan o‘tgan voqea. Bir necha yil avval avtohalokatga uchrab, 5 oycha yotdim. O‘shanda Jorj Simenonni o‘qidim. Juda zo‘r yozuvchi. Men uni klassik adib deb hisoblamayman. Uni o‘qib psixoterapiya bilan shug‘ullandim. Uning bir xususiyati shundaki, o‘qib bo‘lgach, bir kun o‘tib qaytadan mutolaa qilsangiz, boshqa bir yangi asar o‘qigandek bo‘laverasiz. Avval o‘qiganingiz esingizdan chiqib ketadi. Eng asosiysi, har bir mutolaada ruhingizni tozalab ketadi-da, esingizdan chiqib ketadi. Yana o‘qiyverasiz. Shunisi maza.
Kitobni tanlab o‘qish kerak. Kitob tanlash uchun ko‘p narsalardan o‘tish kerak. Bir voqeani aytib beray. Nabokovning “Lolita” degan olamga mashhur romani bor. Dunyoda 100 buyuk kitobning bittasi deya ro‘yxatlarga kiritilgan. Buning o‘ziga xos jihatlari bor. XX asrdagi odamlarga yolg‘izlik fojiasini ko‘rsatgan. Ko‘ngliga yaqin ko‘ngil izlash fojiasi, unga erisholmaslik va hokazo. O‘qidim, kechqurun tugatdim. Odatda kech yotaman. Tungi soat ikki yarim, uchlarda tugatdim. Ko‘nglim qop-qora. U yerda fojialar, boshqa fikrlarni o‘qisangiz, mazangiz qochadi. Juda kayfiyatim buzildi. Nima qilishni bilmayman. Uyqu kelmaydi. Keyin javonga bir qaradim-da, bir muqovasi yo‘q, titilib ketgan kitobchaga ko‘zim tushdi. Nima ekan, deb, shunday tortsam, Alisher Navoiyning “O‘zbek klassiklari” seriyasida 60-yillarda chiqqan “Tanlangan asarlar”i. Ikkitami, uchtami g‘azalini o‘qidim. Ko‘nglim joyiga tushib, keyin bemalol yotdim. Mana qarang, davoladi meni kitob. Umuman, musiqa kabi kitob ham davolaydi. Bizning bobolarimiz bu borada juda aqlli bo‘lishgan. Hali ularga yetishish uchun ancha bor, shekilli.
Durustgina kutubxonam bor, desam ham bo‘ladi. Kitoblarim ichida o‘lponlar haqidagisi ham bor, ximiya haqida ham, matematika tarixiga oid kitoblar ham, ayniqsa, geografiyaga oid kitoblar, sayohatnomalar, keyin buyuk ixtirochilar haqida kitoblar, masalan, testlarga o‘xshagan kitoblar. Ba’zi birovlar “sohangiz boshqa bo‘lsa, sizga nima keragi bor”, deyishadi. Mendeleyev elementlar davriy sistemasini hamma biladi. Shuning ikki jildlik, katta fundamental desa ham bo‘ladi, ensiklopedik kitobini oldim. Keyin Chexoslovakiyada chiqqan matematika ensiklopediyasini oldim. Shunga o‘xshagan kitoblar olganmanki, keyin kerak bo‘ldimi, yo‘qmi, deb so‘rarsiz. Bitta nabiram kimyo fakultetiga o‘qishga kirdi. Berdim 1-kursdan. U qanaqa maza qildi. Natijasini aytay. O‘sha nevaram juda yaxshi o‘qidi. Har xil yaxshi stipendiyalar oldi. Hattoki, Koreyaning allaqaysi tashkilotining ham stipendiyasiga erishdi. Magistraturaga kirdi. Aspiranturada o‘qidi. Dissertatsiyani juda yaxshi yoqladi kimyo bo‘yicha. Undan keyin ishladi, hozir ham ishlayapti. Unvoniyam bor. Mayor unvoni. Yosh bola, mayor bo‘ldi hozir. Bunda bitta kitobning ham ta’siri bo‘ldi.
Keyin qolganlarida ham mana shu matematikaga qiziqqanlar uchun kitoblar bor, bemalol o‘qiydi. Hozir dizaynga qiziqish kuchli. Bitta o‘g‘lim dizayner. Dizayn haqida dastlabki kitoblarni sotib olganman. Chunki farzandlarga, boya aytdimku, gen orqali o‘tadi. Faqat gen orqali o‘tdi deb, qarab o‘tirmasdan ota-ona yordam ham berishi kerak. Sizning farzandingiz bo‘ladimi, nevarangiz bo‘ladimi, qarindoshingiz bo‘ladimi, ularga yordamlashishingiz kerak. Bu ham kitobning ta’siri, kitobning natijasi deb bilaman. Abu Rayhon Beruniyni oladigan bo‘lsangiz, u odam farmakologiya haqida, dorivor o‘simliklar, moddalar haqida buyuk kitob yozgan. Beruniy yunon tilini ham bilgan. Endi bu kitob emasku. O‘shanda yunonlar kelib qolganlardan o‘rgangan. Beruniyning “Odisseya” haqida ibratli gaplari ham bor. U “Odisseya”ning originalini, ya’ni asli, yunonchasini o‘qigan. (Siz bilan biz esa ruschasini ham o‘qimaymiz). Hatto asarlarida misollar keltiradi. O‘sha Gomerni Omer deydi. Omer shunday deydi, deya misollar keltiradi. Beruniyning “Saydana” degan asari farmakologiyaga bag‘ishlangan. Juda buyuk asar, yagona desa ham bo‘ladi. Astronomiyaga aloqador “Qonuni Ma’sudiy” degan o‘lmas asar yaratgan. Undan boshqa bir allomamiz Mirzo Ulug‘bek foydalangan, kutubxonalarida bo‘lgan. “Hindiston” asarining hozir ham dunyoda tengi yo‘q. Hindistonga Mahmud G‘aznaviyning qo‘shini safida borib, har xil astronomik tekshirishlar olib borgan. Aytmoqchi bo‘lganim shuki, bobolarimiz kitoblarni o‘qib, ulug‘ ishlar qilgan, mana shu darajaga yetgan.
Kitoblar odamlarni hamjihatlikka, birdamlikka chaqiradi. Kitoblar odamlarning ko‘nglini yaqinlashtiradi. Ko‘nglini yaqinlashtirgani, demak, o‘zgartirgani shu-da. Bir millat vakili boshqa millat vakilining yuragini bilsa, uning ko‘nglini bilsa... dunyoda qanaqangi yaxshi odamlar bor. Hamma, hamma xalq yaxshi. Eng sara kitoblarda, badiiy jihatdan baquvvat kitoblarda, hayotni haqqoniy tarzda tasvirlagan kitoblarda barcha xalqlarga tegishli ezgu g‘oyalar bor. Mana shu g‘oyalar odamlarni birlashtiradi, tarbiyalaydi. Bitta misol keltirishim mumkin. “Chin inson haqida qissa”. Boris Polevoyniki. Eron islom inqilobining dohiysi Hayotulla Humayniy B.Polevoyning “Chin inson haqida qissa” kitobi haqida shunaqangi yaxshi fikrlar yozadi. Aslida islom bilan sobiq sovet mafkurasi o‘rtasida qanchalik katta farq bor, deysiz. Humayniy esa uning mafkurasini qo‘ying, deydi. Uning irodasi, matonati, uning qahramonligi, fidoiyligidan o‘rnak olish kerak, deydi. Oyog‘i yo‘q, dushmanga, fashizmga qarshi, yovuzlikka qarshi kurash olib boradi. Albatta, zo‘r asar millat tanlamaydi.
Kitob millatning ko‘zini ochishi kerak. Ko‘zi ochiq odam hayotning baland-pastliklarini to‘g‘ri baholay oladi. Aziz farzandim, qanchalik bilimdon, kitobxon bo‘lsangiz, avlodlaringiz sizdan o‘zadi. Butun xalq shunaqa zo‘r bo‘ladi. Xalq zo‘r bo‘lsa, bundan ortiq baxt bo‘ladimi?!
Mahmud SA’DIY.