Farzandingiz sovg‘aning puliga “paqildoq” olishni rejalashtirmayaptimi?
Yangi yil bayrami yaqinlashmoqda. Bayramda bolajonlar o‘zi istagan sovg‘ani olib, o‘rtoqlari bilan xursandchilik qilishni istaydi. Bu vaqtda “paqildoq”lar mavsumi ham avj pallaga kiradi. Ba’zan ota-onalarning e’tiborsizligi sababli bolalarning “paqildoq”lardan foydalanishi oqibatida bayram ko‘ngilsizlik bilan tugaydi.
Bundan bir necha yil oldin Yangi yil bayrami arafasida bir tanishimning 10 yoshli o‘g‘li “paqildoq” o‘ynashi oqibatida nogiron bo‘lib qolgan edi.
Bayram arafasida “Pul bering, maktabdagi o‘rtoqlarim bilan Qorbobo sovg‘asidan olaman” deb otasidan pul so‘ragan. Tanishim o‘g‘lim xursand bo‘lsin deb so‘raganidan ko‘proq pul bergan. Bungacha u bolaning maktabdagi bir o‘rtog‘i “paqildoq”ni maqtab, akasida yana borligini, pulini bersa unga ham olib kelib berishini aytgan. Yosh bola qiziquvchan emasmi, rozi bo‘lib pulini bergan va pirotexnika vositasini olgan.
Ushbu holat yuzasidan qonuniy chora ko‘rilgan albatta. Ammo tanishim hozirgacha bu voqeada o‘zini ayblaydi.
Pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, mamlakatimizga olib kirish, tashish, saqlash va sotish taqiqlangan. Bunday harakatlar uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 185-1-moddasi hamda Jinoyat kodeksining 250-1-moddasida tegishli javobgarlik va jazo choralari belgilangan. Shunga qaramay, pirotexnika vositalarining savdosi bilan bog‘liq holatlar uchramoqda.
Xususan, viloyat bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil davomida pirotexnika mahsulotlarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida qiymati 80 million 313 ming so‘mlik 176 ming 414 dona pirotexnika vositasi daliliy ashyo sifatida ushlab qolingan. Shuningdek, joriy yilning o‘tgan davrida bir holatda 9 million so‘mdan ziyod pirotexnika vositalarining olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.
Yangi yil bayramida farzandingizga sovg‘a uchun pul berishdan avval undan nima olishini so‘rab ko‘ring!
Fazliddin RO‘ZIBOYEV.