Farzandingizga kitob o‘qib bering...
Yurtimizda 2021 yildan boshlab umumtalim muassasalarida ta’lim oluvchi yoshlar xalqaro tadqiqotlarda ishtirok eta boshlaydi. Vazirlar Mahkamasining “Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, 9-sinf o‘quvchilari PISA, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari esa TIMSS xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishi belgilandi.
Xo‘sh, bugungi kunda maktablarda tadqiqotlarga tayyorgarlik qanday kechmoqda?
Boshlang‘ich sinflarni PIRLS tadqiqotiga tayyorlash jarayonida o‘quvchilarning bilimga chanqoqligi, topshiriqlarni qiziqish bilan bajarishlari barobarida ularda kitobxonlik hamda fikrlash darajasi biroz sust ekanligi kuzatilmoqda. Maktabda darslardan tashqari “Ifodali o‘qish”, “Yosh qalamkashlar” kabi to‘garaklar faoliyati tashkil etilgan bo‘lsa-da, bular ham yetarli emasdek, nazarimizda. O‘quvchilarda kitobga mehr uyg‘otishni oiladan boshlashga e’tibor qaratishimiz zarur. Oilada kitob o‘qishni sevishsa, kitob haqida suhbatlar bo‘lsa, farzandlaridan ham o‘qigan kitoblari yuzasidan fikrlari so‘ralsa, bolalarda erkin va to‘g‘ri fikrlash qobiliyati shakllanadi. Afsuski, ta’lim va tarbiya jarayonidagi eng og‘riqli nuqtamiz, o‘quvchilarimizda kitobxonlik madaniyatining yetarlicha emasligidir.
Bugun farzandlarimiz asosiy vaqtini televizor, telefon yoki kompyuter qarshisida o‘tkazayotgan bir davrda bolaga kitob o‘qitish murakkab jarayon. Ammo ota-ona o‘qitishning yangi va samarali usullarini o‘ylab topishi, bu borada bosh qotirishi, alohida vaqt ajratishi muhim.
Bunda farzandlarimizni kichikligidan kitobga oshno qilish, harf tanimaydigan bolaga turli rasmli kitoblar bilan birga ularni tushuntirish, izohlash, yoshiga mos badiiy adabiyotlarni tanlab berish va lozim bo‘lsa, ular bilan birga mutolaa qilish zarur bo‘ladi. Bu ko‘p vaqtni talab qilishi mumkin. Ammo kelajakda o‘z samarasini berishi aniq.
Dilafro‘z ARALOVA,
Samarqand shahridagi 80-umumiy o‘rta maktabi o‘qituvchisi.