Farzandlaringiz ovqatlangandan so‘ng duo qilishga odatlanganmi?

Shaharda yashaydigan qizim yozgi ta’tilda bo‘lgan farzandlarini qishloqda bir hafta dam oldirish uchun biz, bobo va momosi – men bilan oyisiga qoldirib ketdi.

Yaqinda pensiyaga chiqqan rafiqam dilbandlariga mahliyo - ularni o‘tqazishga joy topolmaydi. Biri o‘n besh, ikkinchisi o‘n ikki yoshda bo‘lgan jigargo‘shalarimizni ertalablari uyg‘otgisi kelmaydi. Qistovim malol keladi xotinimga.

— Qo‘ying, bobosi, bolaginalarim uxlashsin. Nima qiladi erta tongdan uyg‘onib?!

— Tong otganiga to‘rt soat bo‘ldi, — e’tiroz bildiraman unga, – biz bilan nonushta qilishsin.

Tandirda yopilgan bug‘doy nonni sariyog‘ga botirib ishtaha bilan yegan nevaralarga qarab havasim keladi. “Kechagina yoshgina go‘dak edi, buni qarang, bugun ikkovi ham kattagina yigitcha bo‘lib qolibdi”, —  xayolimdan o‘tkazaman. Bolalar apil-tapil nonushta qilishgach, buvisi piyolalarga quyib qo‘ygan choyni shoshgancha sipqorishdi. Ikkisining birdek harakat qilib, barobar o‘rnidan qo‘zg‘algani meni ajablantirdi.

— Ikkoving ham o‘tir joyingga, —  amr etdim bunga chidayolmay.

— Nima deysiz ularga, bobosi? – Xotinim nevaralarning turgan joyida tosh qottirganim uchun mendan o‘pkalab so‘z qotdi.

— Dasturxonga duo o‘qilmay turib ketyapti-ku bular.

— O‘tiringlar, bobojon, omin qilsinlar.

Nevaralarga sog‘lik tilab, ular o‘sib-ulg‘ayib, el-yurtga xizmat qiladigan yigitlar bo‘lishini Tangridan so‘rab, dasturxonga omin qildim.

Kunduzi nevaralar buvisi bilan xolasinikiga – bizga yaqin yashaydigan kichik  qizimnikiga ketishdi. Tushdan so‘ng kelishgach, kechki ovqatni birga qildik. Ertalabki holatning yana takrorlangani endi jahlimni chiqardi.

— Nega bular dasturxonga duo o‘qilmay, turib ketishadi. Qizlarimizga bunday tarbiya bermaganmiz-ku.

Ikki-uch kunda nevaralar dasturxonga omin qilmasa, o‘rinlaridan qo‘zg‘almaydigan bo‘lishdi. Men ularga nega dasturxon atrofidagi hamma duo o‘qib, omin qilishi kerakligi, bir joyda jamlanib, aytilgan niyat va duolar albatta ijobat bo‘lishi, bu bizga ota-bobolarimizdan qolgan ming yillik qadriyat ekani haqida gapirib berdim.

Qizim bolalarini olib ketishga kelganida unga ovqatlangandan so‘ng, albatta, dasturxonga duo qilib, omin qilish kerakligi, oila a’zolarining barchasi yig‘ilib, ovqatlangandan so‘ng darrov turib ketmay, o‘zaro suhbat qurishi, iloji boricha, kattalar yoshlarga nasihatlar qilishi azal-azaldan bor bo‘lgan odat va uni amalga oshirish shart ekani haqida gapirdim va bu ishni oila boshlig‘i – kuyovimiz bajarsa, yanada ibratli bo‘lishini tayinladim.

Ominni xonadonda oila boshlig‘i – bobo yoki ota aytishi odat ekani haqida nevaralarim qulog‘iga quygandim va ular, albatta, otasiga yetkazishiga ishonardim.

Oila a’zolarining bir dasturxon atrofida yig‘ilishib, ovqatlanishi va oxirida duo o‘qib, omin qilishi qadim odatlarimizdan biri. Bu an’ana har bir oilada bajarilishi kerak.     

Xurshid Nurullayev.