Farzandlikka olish bilan bog‘liq cheklovlar soddalashtirilmoqda

Milliy qonunchiligimizda joriy qilingan farzandlikka olish institutidan foydalanilgan holda  2017 yilda 4 ming nafar bola sud tartibida farzandlikka olingan bo‘lsa, 2018 yilda bu ko‘rsatkich 4,1 mingtani, 2019 yilda esa 4,3 mingtani tashkil etgan.

Bugunga kelib  farzandlikka olish istagida navbatda turganlarning soni farzandlikka olganlarga nisbatan ancha yuqoriligicha qolmoqda. Oqibatda noqonuniy yo‘llar bilan farzand asrab olish, shu jumladan, bola savdosi bilan bog‘liq holatlar uchramoqda.

Shu boisdan ham “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida farzandlikka olish amaliyotini o‘rganish va bu bo‘yicha huquqiy asoslarni qayta ko‘rib chiqish belgilangan edi.

Farzandlikka olish borasidagi ishlar tahlili hamda qonunchilikda mavjud tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘shliqlarni bartaraf etish maqsadida “Farzandlikka olish tartibining huquqiy asoslari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqildi.

Senatning 19-yalpi majlisida mazkur qonun senatorlar tomonidan muhokama qilindi. Mazkur qonun bilan Oila kodeksi hamda “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Endilikda qonun bilan ijtimoiy ahamiyati katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan hamda farzandlikka olishga to‘sqinlik qilmaydigan jinoyat turlarini sodir etib, jazo muddatini o‘taganlarga nisbatan farzandlikka va vasiylikka olish imkoniyati yaratilyapti.

Bolaning eng ustuvor manfaatlarini hisobga olgan holda, farzandlikka olishga monelik qiladigan kasalliklarga chalingan shaxslar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanishi belgilanmoqda.

Qonun avvalo jamiyatimizdagi mavjud talab va ehtiyojdan kelib chiqib tayyorlangan hamda insonparvarlik nuqtai nazaridan muhim ijtimoiy-ma’naviy ahamiyatga ega.

Umuman olganda ushbu Qonunning qabul qilinishi bilan bola huquqlarining himoya qilinishi to‘laqonli ta’minlanishi va bolalarni qonunga zid ravishda farzandlikka olish, ayniqsa, bola savdosining oldini olishga erishiladi.