Faxr otida moziyga safar
Butun dunyo taniydigan, ne-ne tarixiy voqealarni boshidan kechirgan, ham qadimiylik, ham zamonaviylikni o‘zida uyg‘unlashtira olgan, afsonaviy shahar Samarqand bilan shu o‘lkaning farzandlari qatori men ham hamisha faxrlanaman. Bugun bu tuyg‘u yanada ortdi. U iftixorga aylandi. Shu ona shahrimning qoq yuragida, ming-minglab talabalarni uchirma qilgan, bag‘rida ne-ne allomalarni ulg‘aytirgan ulug‘ dargoh – Universitetim tantanali olti yuz yillik yubileyini nishonlamoqda. Bu dargoh faoliyati – butun dunyoga o‘z «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» jadvali bilan mashhur sulton va olim Mirzo Ulug‘bek va u qurdirgan «Madrasai Oliya» nomi bilan bog‘lanmoqda. Mening xayollarim esa yana olis tarixlarga ko‘chadi. Axir IX-X asrdan o‘z madrasalari bilan mashhur bo‘lgan Samarqand bag‘ridaman. Xayol surib, bosib ketayotgan ko‘chalarimizning qaysidir biri, tarixning qora sahifalarida yuz bergan ma’lum voqealar tufayli buzib tashlangan madrasalar o‘rnidir. Bu madrasalarda allomalarimiz ilmdan bahs etguvchi qurultoylarni o‘tkazgandir. Birovi yunon ilmidan, birovi hind ilmidan qilgan tarjimalarini, birovlari ularga yozgan sharhini, ayrimlari o‘z asarlarini, ilmi naqliya va ilmi aqliya bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalarini ahli ilmga tanishtirgandir. Madrasani tugatgan tolibi ilmga shahodatnoma taqdim etgandir yoki ularni imtihondan o‘tkazgandir... Axir IX-X asrning o‘zida bu ko‘hna zaminda 17 ta madrasa bo‘lgan. Aytishga oson, 17 ta oliy dargoh. Har tomonidan g‘arbu sharqdan, shimol-janubdan Samarqand madrasalari sari intilgan tolibi ilmlar karvoni ko‘z oldimga kelmoqda. Ana Umar Xayyom o‘tirgan karvon, ana Mahmud Koshg‘ariy mingan tulpor, Abdurahmon Jomiy Samarqand sari oshiqmoqda, Alisher Navoiy Xoja Fazlulloh Abu Laysiy oldilariga yetib keldi. Bu shaharni mehr bilan «Jannatmisol» deb ta’rifladilar. Xayollarim bahri ummon misol o‘z qirg‘og‘idan tosha boshlaydi. Ana shu madrasalardan birini tugatgan Ibn Arabshoh jahonga mashhur «Amir Temur tarixi» asarini yozmoqda. Bu madrasalarni tugatgan Muhammad Avfiy, Shamsiddin Muhammad ibn Ashraf al-Husayniy as-Samarqandiy, Abu Muhammad Ato Samarqandiy, Sadr ush-Sharif Samarqandiy, Najmiddin Samarqandiy, Ali Qushchi kabi ko‘plab mutafakkirlar bir qancha mamlakatlarga borib, turli fanlardan dars o‘tyapti. Behisob kashfiyotlar qilib, maqtov-u olqishlarni tinglamoqdalar.
Xayolimning uchqur tulpori bu zaminda yaratilgan tarixiy binolarga ko‘chadi. Qarangki, bu binolarning uchtadan bittasi ilm-fan maskani – madrasalar bo‘lgan. Har bir podsho, shahzoda, bek-u bekvachchalar, hattoki malikalar ham o‘z madrasalarini bino qilishga tirishgan. Imkoniyati yaxshi ota-bobolarimiz esa orttirgan mablag‘larini madrasalar vaqfiga sarflashgan. Axir bu madrasalarda qancha talaba o‘qigan, qancha ilmu urfon egalari turli ilm-fanlardan dars berganlar. Sa’diddin Mas’ud ibn Umar Taftazoniy, Ali ibn Muhammad Sayyid Sharif Jurjoniy, Amir Qosim Anvoriy, Salohiddin Muso Qozizodayi Rumiy kabi Sharqning dunyoga mashhur allomalari bu madrasalarda to‘plangan. Ehtimol, bu madrasalarni Rudakiylar o‘z qasidalarida madh etgan, Imom Buxoriy o‘z hadislarini shu yerda yakunlagan, Abdurahmon Jomiy shu madrasalardan kuch olgan, Alisher Navoiyning ko‘plab orzulari shu madrasalarda tug‘ilgan. Boborahim Mashrab shu yerda to‘xtab, nafas rostlab, yana yo‘lga chiqqan. Shu madrasalar kutubxonalaridan qancha-qancha kitoblar karvoni butun dunyoga tarqalgan. Ular o‘zidan oldingi va o‘z davridan nimalarnidir so‘ylaganlar va bugun ham sharqshunos olimlar hayratiga hayrat qo‘shmoqda.
Xayollarim yashinday uchadi. Yaqin zamonga kelib to‘xtaydi. Bu madrasalar izsiz yo‘qolgan emas. Bugun bu madrasalar o‘rnida ona shahrim Samarqandda ko‘plab oliy dargohlar singari to‘ng‘ichi bo‘lib Samarqand davlat universiteti faoliyat olib bormoqda. Ildizi mustahkam, qadimiy ilm-urfon quduqlaridan suv ichgan universitet bag‘rida minglab mutafakkirlar yetishib chiqqan, qancha-qancha tadqiqotlar amalga oshirilgan, jahonga taniqli olimlar dars o‘tgan. Abdurauf Fitrat ilmiy asarlari, Usmon Nosir dostonlari, Mirtemir sochmalari, Hamid Olimjon baxt va shodlik bilan yo‘g‘rilgan she’rlari, Uyg‘un dramalari, Sharof Rashidov va Asqad Muxtor asarlarining xamirturushini shu maskandan topgandir.
Bu universitet K.Z.Zokirov, V.A.Abdullayev, Y.X.To‘raqulov, A.Q.Otaxo‘jayev, B.N.Valixo‘jayev kabi ko‘plab akademiklarni yetishtirib bergan, ming-minglab olimlarni voyaga yetkazgan, ko‘plab tadqiqotlarni yaratgan dargohdir. Universitetim, senda tahsil olgan behisob talabalar, magistrlar, doktorantlar, professor-o‘qituvchilar nomidan mo‘ysafid yoshing bilan qutlayman!
Kelajak avlodning xayol otlari yana olislarga safar qilishi kerakligi bois, sen toabad yasha! Sen Samarqand singari ko‘hna va navqironligingcha jahonga mashhuru manzur bo‘l! Xayol otida bir ongina moziyga safar qilgan faxriya bitikching shu dargoh talabasi, magistri, aspiranti va dotsenti bo‘lgan bir qizingdir.
Orziboni YuSUPOVA,
SamDU dotsenti.