Faxriy donorlarga qo‘shimcha imtiyozlar berilishi mumkin

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan O‘zbekistonda donorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ham birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi.

Qonun loyihasi bilan “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga ular uchun qulay bo‘lgan vaqtda har yilgi mehnat ta’tiliga chiqish, shahar jamoat transportining barcha turlaridan (yo‘nalishi va yo‘nalishsiz taksilardan tashqari) bepul foydalanish huquqini berish nazarda tutilmoqda. Shuningdek, sanatoriy-kurortlarda davolanish uchun yo‘llanmalarni navbatsiz olish huquqi berilyapti.

Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi donorlarni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, aholi orasida beg‘araz donorlik madaniyatini shakllantirish, donorlik harakatini keng jamoatchilik ishtirokida rivojlantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eslatib o‘tamiz, ayni paytda yurtimizda “O‘zbekiston Respublikasi faxriy donori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan 161 nafar fuqaro istiqomat qilmoqda, deya xabar bermoqda Sog‘liqni saqlash vazirligi.