Kambag‘allikdan farovonlik sari: Dastur viloyatda qanday amalga oshirilmoqda?
Davlatning iqtisodiy qudrati, avvalo, har bir oiladagi farovonlikdan, oilalarning daromad manbalari barqarorligidan boshlanadi. Shu bois mamlakatimizda aholi farovonligini oshirish, kambag‘allikni qisqartirish masalasi ayni davrdagi ustuvor ijtimoiy vazifaga aylandi.
Dekabr oyida Prezidentimiz raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bank xizmatlarini mahallalar darajasigacha yetkazish orqali ushbu vazifani hal etishda erishilgan natijalar muhokama qilinar ekan, tizimni yanada takomillashtirish bo‘yicha dolzarb takliflar o‘rtaga tashlanib, muhim vazifalar belgilandi.
Xo‘sh, Samarqandda vaziyat qanday, rejalar qanaqa? Quyida shular haqida so‘z yuritamiz.
Natijalar yangi kuch beradi...
O‘tgan yili 98 ming 420 ta kambag‘al oilaning 72 ming 738 nafar a’zosi barqaror va daromadli ishga joylashtirildi.
Bunda 18 mingdan ko‘proq aholi vakili tadbirkorlikka jalb etish orqali band qilingani ahamiyatli. Qo‘shrabot tumani Yuqori Jo‘sh mahallasida 30 ta oilaga “Navobod naslli parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan uch tomonlama shartnoma asosida go‘sht yo‘nalishida 10 mingdan ziyod broyler jo‘ja tarqatildi. Bu bilan oilalar kuniga o‘rtacha 100-120 ming so‘mdan daromad olish imkoniyati yaratildi.
Misol uchun, ushbu mahallada yashovchi G‘iyos Ibodullayev 500 ta jo‘ja boqyapti. Jo‘ja har 40-45 kunda go‘shtga topshirish uchun tayyor bo‘ladi. Yetilgan parrandaning tirik vazndagi bir kilosining narxi 18 ming so‘mdan “Navobod naslli parranda” MChJ tomonidan sotib olinmoqda. Natijada G‘.Ibodullayev har 40-45 kunda 10-12 million so‘m daromad topyapti.
Kambag‘allikni qisqartirish borasidagi ikkinchi yo‘nalish ta’lim va kasb-hunarga o‘qitish hisoblanadi. 2024 yil davomida bu yo‘nalishda 21 ming 653 kishi qamrab olindi.
Bunda 817 kishi IT kurslarida o‘qitilgan bo‘lsa, 6 ming 783 kishiga kasb o‘rgatilib, ularning bandligi ta’minlandi. Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumani Qirg‘iz mahallasida yashovchi Sanobar Sobirova ijtimoiy reyestrda turadi. U Kattaqo‘rg‘on shahar kasb-hunarga o‘qitish markazida tikuvchilik yo‘nalishida o‘qitilgach, unga subsidiya asosida 1 dona tikuv mashinkasi, 1 ta averlok hamda xomashyo olib berildi. Hozirda u ikki kishini shogirdlikka olib, ish bilan ta’minlagan.
Ushbu yo‘nalishda Qo‘shrabot tumanida amalga oshirilgan ishni alohida aytib o‘tish mumkin. Chunki tumandagi Buloq mahallasida "Sam Antep Gilam" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlariga chet tillarini o‘rgatish maqsadida mahalladagi 71-maktabda qo‘shimcha dars mashg‘ulotlari, 60 o‘rinli bolalar bog‘chasi tashkil qilindi. Shu bilan birga, 20 ta ish o‘rni yaratgan mebel sexi ishga tushirildi. Bu yerda ishchilarga har oyda 6,5-7 million so‘mdan ish haqi to‘lanmoqda.
Yil davomida 8 mingdan ko‘proq fuqaroga xorijiy til o‘rgatilib, mehnat migratsiyasiga yuborildi.
Fakt va raqamlar so‘zlaganda
Aslida, kambag‘al oilalarga berilayotgan ko‘mak va ko‘rsatilayotgan amaliy yordam faqat yuqoridagilardan iborat emas. Zotan, o‘tgan yil davomida qariyb 38 ming kishiga tibbiy xizmat ko‘rsatildi. Ularning 5 ming 951 nafarida imtiyozli jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi.
Masalan, Qo‘shrabot tumani Qo‘rolos mahallasida 2021 yilda tug‘ilgan Umida O‘rinboyeva tug‘ma yurak nuqsoni bilan og‘rigan ekan. Ushbu qizaloq tuman tibbiyot birlashmasining o‘zida viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan bepul operatsiya qilindi.
Mustaqillik mahallasida yashovchi, 1971 yilda tug‘ilgan Bahodir Abduvohidov ikki tomonlama displastik koksaartroz bilan kasallangan bo‘lib, davolanish uchun moliyaviy imkoniyati bo‘lmagan. "Kambag‘allikdan farovonlik sari" dasturi doirasida ushbu fuqaroda ham bepul jarrohlik amaliyoti o‘tkazilib, salomatligini tiklashiga yordam berildi.
Yil davomida qariyb 11 ming fuqaroga ijtimoiy xizmat ko‘rsatildi. Jumladan, Qo‘shrabot tumani Qo‘shtamg‘ali mahallasida tashabbuskor tadbirkor – “Sam stroy invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan nogironligi bo‘lgan Oysara Xidirovaga elektron nogironlik aravachasi olib berildi. Eng muhimi, o‘g‘li "Sam stroy invest" MChJga ishga qabul qilindi. Qizi o‘quv kurslariga jalb qilinib, to‘lovlari to‘landi.
Bundan tashqari, 3 ming 310 nafar fuqaroning yashash sharoiti yaxshilandi. Jumladan, "Samarqand Diyora lyks" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Qo‘shrabot tumani Yangiqishloq mahallasida 3 ta xonadonga quyosh panellari o‘rnatildi.
"Ismatov’S Family Market" mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Nurobod tumani Navro‘z mahallasida yashovchi fuqaro Gulnoza Qanoxatovaga yangi uy-joy qurib berildi.
Mahallalarda 5757 ta oilaning infratuzilmasi yaxshilandi. Misol uchun, Nurobod tumani Arabota mahallasida tadbirkorlar tomonidan 1 ta suv inshooti va 3 kilometr ichimlik suv tarmog‘i qurib berildi.
Faoliyat tahlilga asoslanadi
Tumanlarni o‘rganish, aholi va tadbirkorlar bilan uchrashish orqali iqtisodiy kompleks tashkilotlari boshini biriktirib, ishsizlar, kambag‘al oilalar bilan manzilli ishlab, ularning daromadini oshirish choralarini ko‘rmoqdamiz.
Misol uchun, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi o‘rganishda barqaror daromadga ega bo‘lmagan va kambag‘allikka tushish xavfi yuqori bo‘lgan 2 million so‘mgacha daromad oladigan 8,6 ming nafar aholi qatlami borligi, ulardan 2,5 ming nafari kambag‘allikka tushish xavfi yuqori ekanligi aniqlandi.
Birgina Cho‘yanchi mahallasidagi daromadi 2 million so‘mgacha bo‘lgan 209 nafar fuqarodan 43 nafarining kambag‘allikka tushish ehtimoli mavjud. Ushbu oilalar bilan individual ishlash orqali ular uchun qo‘shimcha daromad manbai yaratish lozim.
Mahalladagi fermer xo‘jaligi ishchisi (mexanik) Yo‘ldosh Temirovning o‘rtacha oyligi 2 million so‘m, 4 nafar farzandi bor. Oila rasmiy oylik ish haqidan tashqari 6 sotix tomorqasida dehqonchilik qilib, 4 bosh qoramol va 35 ta tovuq boqish orqali har oyda qo‘shimcha 1,6 - 1,8 million so‘m daromad qiladi.
Ushbu oilaga moliyaviy instrumentlarni yo‘naltirish (2 sotixlik issiqxona, payvandlash ustaxonasi) orqali qo‘shimcha daromad manbai yaratiladi.
Joriy yil tumanda ajratilayotgan 62,3 milliard so‘m mablag‘ birinchi navbatda yuqoridagi kabi toifadagi 2,5 ming aholiga yo‘naltiriladi.
Umuman olganda, shunday tahlilni boshqa tumanlarda ham amalga oshirib, kambag‘allikka tushish xavfi mavjud bo‘lgan oilalarni erta aniqlab, ularga tezkor amaliy yordamlar ko‘rsatish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etamiz.
Rejalar katta, natija shunga mos bo‘ladi
2025 yilda “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida 87,6 ming nafar aholi kambag‘allikdan chiqariladi. Natijada kambag‘al oilalar soni 75,5 mingdan 56 mingtaga (7,9 foizdan - 5,8 foizga) pasaytiriladi.
Tabiiyki, jarayonda ishsizlik darajasi ham pasayadi. Tahlillarga ko‘ra, bu boradagi ko‘rsatkich 5,2 foizdan 5 foizga tushiriladi.
“Sayxunobod tajribasi” asosida 45 mingta mikroloyiha bo‘yicha kamida 10 tadan kam daromadli xonadon daromadini 60-70 million so‘mdan oshirish bo‘yicha loyihalar amalga oshiriladi.
Aytish mumkinki, bu borada 2024 yil davomida 36 mingga yaqin loyiha amalga oshirilib, 55 mingdan ko‘proq ish o‘rni yaratildi.
Misol uchun, Urgut tumani Ipakli mahallasida yashovchi Maxsuda Axmedovaga “Mikrokreditbank” tomonidan “Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi” doirasida 22 million so‘m kredit ajratilib, 2 sotix issiqxona, 100 bosh parranda va 2 dona tikuv mashinkasi olib berildi. Natijada 5 kishining bandligi ta’minlandi. Ushbu loyiha orqali oilaga yiliga 60-65 million so‘m daromad topish imkoni yaratildi.
Yoki Samarqand shahri Jo‘yi chuqur mahallasidagi misolni olib ko‘raylik. Bu yerda Sherzod Rasulov 100 million so‘m imtiyozli kredit hisobidan shirinlik ishlab chiqarish uchun uskuna sotib oldi. Kichik sexda 4 kishining bandligi ta’minlanib, oila yiliga 60-70 million so‘m qo‘shimcha daromadga ega bo‘ldi.
“Uychi tajribasi” asosida banklar 9,3 mingta mijozi bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning masalalarini hal etish orqali 9,2 ming nafar aholini doimiy ishga joylashtirishi kutilyapti.
Mazkur tajriba asosida yil davomida 500 dan ziyod uchrashuvlarda 3 mingdan ko‘proq murojaat ro‘yxatga olingan. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 11 mingdan ko‘proq ish o‘rni yaratildi.
Misol uchun, aprel oyida Narpay tumanida o‘tkazilgan uchrashuvda “Samarqand Silk AO” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari 500 ming AQSh dollari miqdorida kredit ajratish bo‘yicha murojaat qildi. Murojaat “Mikrokreditbank” tomonidan ijobiy hal qilib berildi va qo‘shimcha 212 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
2025 yilda “Zarbdor tajribasi” asosida qiymati 1953,2 milliard so‘mlik 91 ta loyiha amalga oshirilib, 8 ming 14 kishiga doimiy daromad manbai yaratish rejalashtirilmoqda.
Ushbu tajriba asosida 2024 yil davomida Samarqand tumanidagi Siyobcha kanali bo‘yida zamonaviy aholi dam olish maskanlari tashkil etildi va 415 ta yangi ish o‘rni yaratildi.
Bundan tashqari, Past Darg‘om tumanida “Qalmoqsoy” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan qiymati 1,5 milliard so‘mlik umumiy ovqatlanish maskani tashkil qilinib, 20 kishi doimiy ish bilan ta’minlandi.
Yangi yilda “G‘ijduvon tajribasi” asosida qiymati 42,4 milliard so‘mlik 121 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 1140 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, “Bir kontur - bir mahsulot” tamoyili asosida ijaraga ajratilgan yer maydonlarida 40 gektardan jami 560 gektar yer maydonida loyihalarni amalga oshirish orqali mingdan ortiq aholining bandligi ta’minlanadi.
Feruz ABILOV,
viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.