Faxriy sudyalarga hurmat ko‘rsatildi
9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi tashabbusi bilan hayotini adolatni ta’minlashga bag‘ishlab, nafaqaga chiqqan, bugungi kunda keksalik gashtini surayotgan faxriy sudyalar ishtirokida tadbir bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensaloqa orqali tashkil etilgan tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o‘rinbosari R.Mahmudova tadbirning mazmun-mohiyati, maqsadi haqida gapirib, ishtirokchilarni yaqinlashib kelayotgan “9 may – Xotira va qadrlash kuni” umumxalq bayrami bilan tabrikladi. O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi raisi U.Mingboyev esa O‘zbekistonda sud tizimi tarixi, buguni va kelajagi, sohaning darg‘alari to‘g‘risida so‘z oldi.
Tadbirda bir guruh faxriy sudyalar “Sud faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shundan so‘ng, bayram tadbirlari, ustozlarni tabriklash viloyatlarda davom etdi. Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitov samarqandlik faxriy sud tizimi xodimlarini tabriklab, iliq fikrlarini bildirdi.
Samarqand viloyat sudi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi.