Fazliddin G‘oyibnazarov navbatdagi jangida ham muddatidan oldin g‘alaba qozondi

Professional boksning super yengil (-63,5 kg) vazn toifasida ringga chiqayotgan hamyurtimiz Fazliddin G‘oyibnazarov jumadan shanbaga o‘tar kechasi o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazdi. AQShning Nyu-York shahridagi Verona shaharchasida tashkil etilgan boks kechasida hamyurtimiz Dominikan Respublikasi vakili Rikardo Garsiyaga qarshi ringga ko‘tarildi.

Jami 8 raundga mo‘ljallangan jang atigi 4 raund davom etdi. Negaki 4-raund yakuniga yetgach Garsiya jangni davom ettira olmasligini bildirdi va mazkur holatda mag‘lub tomonga texnik nokaut yoziladi. Bungacha Fazliddin raqibini 3-raundda nokdaun holatiga tushirgan edi.

Shu tariqa G‘oyibnazarov professional boksda o‘zining yettinchi g‘alabasiga erishdi. Bungacha u o‘tkazilgan oltita jangini ham o‘z foydasiga hal qilgandi. Shundan to‘rttasida raqiblarini nokautga uchratgan.

Rikardo Garsiya esa 20 marta ringga ko‘tarilgan bo‘lib, shundan 14tasida g‘alaba qozongan (9tasi nokaut). Besh marotaba esa mag‘lubiyatga uchragan. Hamyurtimizga qarshi kechgan bahsda u faoliyatidagi birinchi nokautli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.

Manba: Xs.uz