Feleton o‘rnida: Ko‘chmanchi idora
Cho‘ponota tepaligi etagidagi mahalladan avtobusga o‘tirib, Samarqand shahri markaziga bordim. Mahmud Koshg‘ariy ko‘chasida joylashgan g‘ishtli bino darvozasiga yaqinlashdim. Ichki ishlar xodimlari turgan ekan, “O‘g‘lim, haligi idora, keksalar, pensionerlar keladigan idorani izlayotgandim”, dedim.
Ulardan biri maqsadimni tushundi chog‘i “u idora mana shu bankning eski binosi orqa tomonida. Yog‘och darvozali eshikdan kirasiz. Ammo ular boshqa joyga ko‘chishdi, shekilli”, dedi.
O‘tgan yili yozda bir kelgandim. Poliklinika do‘xtirlari “Pensiya knijkangizni olib kelsangiz, sanatoriyga, dam olish maskanlariga yo‘llanma olishingiz uchun ro‘yxatga qo‘yamiz”, degani uchun keluvdim. Qarilik, xotirayam aytganni qilmaydi-da, o‘sha payti kelsam bo‘larkan... Eski yog‘och darvozaning oldiga bordim. Darvozaning kirish qismiga ilib qo‘yiladigan taxtacha yo‘q. Unda idoraning nomi yozib qo‘yilardi. Hafsalam pir bo‘ldi. Nomiyam daftarga yozsangiz, to‘rt qator bo‘ladi.
Biroz o‘tirib, dam oldim. Menga o‘xshagan sargardonlar ham ko‘p ekan. Bir kampir, yonida nabirasi bilan menga yaqinroq keldi.
- Ko‘chibdi, - dedim.
- Nima, idora yana ko‘chibdimi? – momo ancha hushyor, gapimni bir deganda ilg‘adi.
- Birinchi marta eski Siyob hokimiyati binosida joylashgandi bu idora, juda qulay joy edi, - deb gap boshladi momo. - Keyin Gagarin ko‘chasidagi texnikum binosining ikkinchi qavatidan to‘rtta xona ajratib berishdi. 2018 yilda esa mana shu nabiram bilan Samarqandni aylana-aylana sarson bo‘lib, povorotdan piyoda yurib, oblGAIning orqa tomonidagi “Sino” zavodiga bordik. Zavod ma’muriy idorasining ikkinchi qavatidan uchtagina xona ajratib berishgan ekan. Boyaqish idora boshlig‘iga joy topilmay, deraza oldidagi joyga bitta stul qo‘yib, stolni umumiy qilib o‘tirganini ko‘rganman.
Biroz dam olgach, ayol va uning nabirasi bilan taksi to‘xtatish uchun joyimizdan qo‘zg‘aldik. Shu payt idorani so‘rab yana bir kishi keldi va cho‘ntagidan uyali telefonini olib, qo‘ng‘iroq qildi. Keyin “Yuringlar, idoraning yangi ko‘chgan manziliga birga boramiz”, dedi.
Taksi haydovchisi shaharning Mirzo Ulug‘bek va Gagarin ko‘chalari kesishmasidan chapga, biroz yurib, o‘ngga burildi. Mashinani to‘xtatib, yo‘lda kelayotgan to‘rt-besh qariyadan idorani so‘radik. Izlagan idoramizni topib, taksichini duo qilib jo‘natdik. Yetmish yoshli kamina, saksonga borayotgan kampir va nabirasi hamda yangi sherigimiz – bo‘lg‘usi pensioner idora hovlisiga kirdik. Bir qiz, chamasi yangi xodim bo‘lsa kerak, yonimizga kelib “xo‘sh, xizmat”, dedi. Kelishimiz sabablarini birma-bir aytdik.
Idoraning uch-to‘rt xodimi hovliga stol-stul qo‘yib, kishilarni qabul qilyapti.
- Siz astronomiya, astrologiya fanlarini yaxshi bilasiz-a, - dedi suhbatimizga quloq tutib turgan idora xodimlaridan biri biz bilan kelgan bo‘lg‘usi pensionerga. – O‘ttiz yetti yil ishlab, pensiyaga chiqayapsiz-u, hali yosh ko‘rinasiz. Ishlayvering, pensiya puliniyam olavering. Ayting-chi, astrologiya, ya’ni munajjimlar bilishadi, bizning idoramiz bu joyda necha oy yoki necha yil faoliyat ko‘rsatadi? Biz qachon va yana qayerga ko‘chamiz?..
Ubay QODIRXON.